Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Aka

Qish boshlanishidan darak berib, izg‘irinli kuzak shamoli esardi. Ustiga-ustak maydalab yog‘ayotgan yomg‘ir shiddati kuchayib, sovuq tomchilar shahardan uyga qaytayotgan Ravshanning yuziga urilardi. Usti shalabbo bo‘lishidan cho‘chigan bola tez-tez yurib  uyiga kirib olishga shoshildi. Kichik temir darvozani ochib, hovliga kirgach ajablandi. Hamma joy zim-ziyo edi. “Qishloqda chiroq o‘chganmikin” degan xayolga bordi. Kasalmand onasi nima qilayotgan ekan? Ravshan ayvondan ichkariga kirishi bilan  birdan chiroq yoqilib tantanali ovoz-u qarsaklar yangradi.

–  Tabriklaymiz, tabriklaymiz! – ona­­si Karomat opa bilan singlisi Dilrabo tort va boshqa shirinliklar bilan bezatilgan stol yonida turardi.

–  Bolajonim, tug‘ilgan kuning bi­lan... – dastlab onasi uni qutladi. Kelib peshonasidan o‘pdi. So‘ng singlisi Dilrabo ham quvonch bilan:

–  Akajon, tug‘ilgan kuningiz qutlug‘ bo‘lsin! – deya mehr bilan kaftiga qo‘lini qo‘ydi...

Ravshan tushga yaqin maktabdagi o‘qishidan chiqib, chala-chulpa tushlik qilib tog‘asi ishlaydigan  poyabzal ta’mirlash ustaxonasiga borib tog‘asiga qarashib biroz toliqqan edi. Qarang-a, yumushlar bilan bo‘lib, bugun tug‘ilgan kuni ekanligi esidan chiqibdi.

“Prezident maktabi”ga o‘qishga qabul qilingan singlisi Dilrabo odatda shanba kunlari  uyga qaytardi. Bugun esa uning kutilmaganda kelishi Ravshanni quvontirish bilan birga biroz tashvishlantirdi ham.

–  Rahmat... Bugun qanday qilib senga javob berishdi? – dedi u darhol singlisiga.

–  Sizni tabriklab ketay, deb ustozlarimdan yarim kunga javob oldim. Azonda o‘qishga yetib boraman, aka. Tashvishlanmang.

Stoldagi tortga kichik shamchalar o‘rnatilgan edi. Singlisi ularni yoqqach:

–  Bularni puflab o‘chirish sizdan, – dedi...

Shamchalar o‘chgach, ona-bola qarsaklar bilan  yana bir bor tabriklashar ekan, Ravshan singlisidan:

–  Tortni sen olib keldingmi? – deb so‘radi.

–  Ha-a.

–  Pulni qayerdan olding?

–  Siz bergan pullarni yig‘ib yurgandim.

–  Axir shaharda xarajatlaring bor-ku?!

–  “Prezident maktabi”mizda hamma sharoitlar muhayyo aka.  Bizdan faqat tirishib, izlanib o‘qish talab etiladi, xolos.

–  O‘qishda qiynalmayapsanmi?

–  Yo‘-o‘-q. Hatto “Til bayrami”da faol qatnashganligim uchun meni  faxriy yorliq bilan taqdirlashdi.

–  Singlingning muvaffaqiyatlari ko‘p.  Bu hammasi sening sharofating bilan o‘g‘lim,  – Karomat opa to‘lqinlanib Ravshanni bag‘riga bosdi.

Bugungi kichik shodlik lahzasidan Ravshanning ishdagi charchog‘i unutilgach, bir muddat o‘yga toldi...

Bultur otasining to‘satdan qazo qilishi oila boshiga yetishmovchiliklar olib keldi.

Hali qirq yoshga ham to‘lmagan otasi Jahongir akaning  birdan qon bosimi ko‘tarilib vafot etishi kutilmagan kulfat edi. Bu og‘ir yo‘qotishdan Karomat opa  kasalga chalinib qoldi. Ikki bor kasalxonada davolatishdi.

Darsdan so‘ng bolalar sport maktabining futbol to‘garagi mashg‘ulotlariga  qatnashib yurgan Ravshan  otasi vafotidan so‘ng tinchini yo‘qotdi. Ro‘zg‘or tashvishi uni esankiratib qo‘ygandi. Uylariga tez-tez kelib, ro‘zg‘orga yordam berib turadigan tog‘asi Rahmonali aka bir gal  unga jiddiy ohangda:

–  Endi, jiyan, futbol mashg‘ulotlaringni yig‘ishtir. Kuch-quvvating bor. Bu yog‘iga ro‘zg‘orga qanot bo‘lishing kerak, – deb salmoqlanib gap boshladi.

–  Nima ish qilishim kerak? Axir buyoqda o‘qishim bor, – dedi Ravshan qalin qoshlari chimirilib.

–  O‘qishingga borma, demayman. O‘qishing shart. Ammo, tushdan so‘ng bo‘shsan-ku. Shaharga qatnab menga shogird bo‘lasan. Yumushlaring uchun haq to‘layman.

Ravshan obdon o‘ylandi. Hech bo‘l­masa singlisining yaxshi o‘qishi uchun ham u ishlashi kerak-ku. Singlisi boshqa fanlar qatori ingliz tili fanidan ham maktabda oldi o‘quvchilardan biri edi.  Ingliz tili fan oyliklarida  faol qatnashar, hatto tadbirlarda ingliz tilida bemalol boshlovchilik qilar edi.  Ko‘pdan beri u o‘zbek-ingliz  lug‘at kitobini  sotib olishni orzu qilib yurardi. Bu kitob qimmat bo‘lganligi uchun ololmayotgan edi.

Bundan tashqari, maktabdagi ingliz tili  o‘qituvchisi Hulkar opa bir kuni Ravshanga:

–  Singling ingliz tilidan nihoyatda iqtidorli. Qani edi, yangi ochilgan “Prezident maktabi”ga o‘qishga bera olsak, – deb qoldi.

Shularni ko‘nglidan kechirgan Ravshan tog‘asining taklifiga rozi bo‘ldi. Mana yarim yildan oshdi-ki, Ravshan tog‘asiga shogird. Endi oyoq kiyimlarni mustaqil mijozlar ko‘nglidagidek ta’mirlab bera oladi. Kunlik daromadi ham bor. Etikdo‘zlikka qo‘li kelib qoldi. U singlisiga kerakli kitoblarni  olib berdi. Dilrabo ham “Prezident maktabi”da o‘qish uchun   hujjatlarni topshirdi. Imtihonlardan  muvaffaqiyatli o‘tdi.

Hozir onasining uni bag‘riga bosib “Singlingning muvaffaqiyatlari ko‘p. Bu hammasi sening sharofating bilan, o‘g‘lim”, deyishi bejiz emasdi. Shu tob Ravshan onasining so‘lg‘inlashgan yuzlariga zimdan  razm solar ekan, kipriklarida yosh halqalanganligini sezdi. Hartugul, bu quvonch yoshi edi. Ravshan ham keyingi paytlarda ilk marta quvonmoqda edi. Tug‘ilgan kuni sharofati bilan bezatilgan stol, oila a’zolarining unga bo‘lgan mehri qalbiga shodlik va xotirjamlik bag‘ishlardi.

 

Ulug‘bek MUSTAFO,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.