Hushtak
Benjamin Franklin
Yoshim yettida edi. Bayramlarning birida oʻrtoqlarim menga bir hovuch chaqa sovgʻa qilishdi. Men oʻsha zahoti oʻyinchoqlar doʻkoniga ravona boʻldim. Yoʻlda ketayotganimda bir bola chalayotgan hushtak sadosi hushimni oʻgʻirladi va doʻkonga kirib bor pulimga hushtak sotib oldim. Uyga qaytgach quloqni qomatga keltirib hushtak chala boshladim.
Bundan uydagilarning achchigʻi chiqsa-da, men juda sarmast edim. Akalarim, opalarim, amakivachchalarim hushtakning bahosini surishtirib bilgach, uni oʻz narxidan toʻrt baravar qimmatga sotib olganimni, qolgan pulga qanday yaxshi narsalar sotib olishim mumkinligini aytib, ustimdan rosa kulishdi. Xoʻrligim kelib yigʻlab yubordim. Hushtak tufayli chekkan bu iztirobim, u keltirgan quvonch va lazzatdan ziyodroq edi.
Xotiramga muhrlanib qolgan bu voqea keyinchalik menga asqotdi. Biror keraksiz buyumni sotib olish vasvasasiga uchraganimda, oʻzimga: “Hushtak uchun haddan ortiq haq toʻlama”, – deyman-u, pulimni tejab qolaman.
Ulgʻayib katta hayotga qadam qoʻyganimdan keyin odamlarning xatti-harakatlarini kuzata boshladim. Shunda hushtagi juda qimmatga tushayotgan koʻplab odamlarni uchratdim.
Qirol saroyidagi qabulda ishtirok etish sharafiga noyil boʻlish yoʻlida oʻzining qimmatli vaqtini, farogʻatini, erkini, marhamatini va ehtimol, yor-doʻstlarini qurbon qilayotgan oʻta izzattalab odamni koʻrganimda oʻz-oʻzimga: “Bu kishining hushtagi juda qimmatga tushdi-da”, – deb qoʻyardim.
Shon-shuhratga haddan ziyod mukkasidan ketgan, doimiy ravishda siyosiy yugur-yugurlar bilan ovora boʻlgan va eʼtiborsizligi oqibatida kasb-korini oʻlda-joʻlda qoldirgan kimsani koʻrganimda esa: “Chindan ham uning hushtagi juda qimmatga tushdi”, – deb qoʻyar edim.
Har qanday huzur-halovatdan, oʻzgalarga yaxshilik qilishdan, hamsoya hurmat-izzati, eʼtiboridan va chin doʻstlik quvonchlaridan voz kechib, pul toʻplashni ixtiyor qilgan, oʻtaketgan xasis odamni koʻrganimda: “Ey, baxtiqaro! Sening hushtaging naqadar qimmatga tushdi-ya”, – derdim.
Kayf-u safo yoʻlida aqlini qurbon qilgan va salomatligiga putur yetkazgan kishilarni uchratganimda, derdim: “Sen adashayapsan, nazdingda lazzatdek tuyulayotgan narsa aslida bir darddir. Hushtaging juda qimmatga tushayapti!”
Oʻziga oro berib, goʻzal liboslarga, chiroyli uylar-u jihozlarga, foytunlarga mehr qoʻygan, ammo ularga erishish uchun qoʻli kaltalik qilishi oqibatida qarzga botgan va umrini turmada nihoyalaganlarni koʻrganimda: “U hushtak uchun katta, juda katta toʻlov toʻladi”, – derdim.
Xullas kalom, men inson boshiga yogʻilguvchi kulfatlarning koʻp qismi odamlar narsalarning qimmatini toʻgʻri baholay olmasliklaridan kelib chiqadi va ularning hushtagi juda qimmatga tushadi, deb hisoblayman.
Ammo, har holda bunday baxtiqaroliklarga shafqatli boʻlishimiz lozim. Holbuki, bunday oʻylab qarasam, gʻururlanishga arzigulik aql-farosatim borligiga qaramay, men uchun ham qirol Jonning olmalari kabi yoʻldan ozdiruvchi narsalar bor. Xayriyatki, ularni sotib olib boʻlmaydi. Bordi-yu, ular kimoshdi savdosiga qoʻyilganda men bir lahzada bor-yoʻgʻimdan ayrilishim va yana bir marta hushtak uchun haddan ziyod haq toʻlab yuborganimni payqamay qolishim mumkin boʻlur edi.