Aybsiz aybdor
Taniqli rus bolalar yozuvchisi Nikolay NOSOV 1908-yil Kiyevda aktyorlar oilasida tug‘ilgan. 1938-yildan uning “Murzilka” jurnali bilan hamkorligi boshlangan. “Jonli shlyapa”, “Bodring”, “Ajoyib shim”, “Mishkaning bo‘tqasi”, “Bog‘bonlar”, “Xayolparastlar” nomli hikoyalari o‘quvchilar tomonidan qizg‘in kutib olingan. Yozuvchining aksariyat hikoyalari asosida multfilmlar suratga olingan. Nikolay Nosov 1976-yilda Moskvada vafot etgan.
Aybsiz aybdor
(hikoya)
Oyim yaqinda Vitalikka kumushrang karas baliq bilan akvarium sovg‘a qildi. Vitalik endi o‘zining baliqchasi borligidan benihoya xursand, unga Karasik deb nom qo‘ydi...
Vitalik avvaliga balig‘idan tez-tez xabar olar, ovqat berar, akvarium suvini o‘z vaqtida almashtirib turardi. Keyinchalik esa qarash u yoqda tursin, baliqqa ovqat berish ham esidan chiqib ketadigan bo‘ldi.
Ha aytgancha, Vitalikni Murzik laqabli kulrang, paxmoq mushugi ham bor edi. Ko‘zlari yashil, katta-katta. Murzik akvarium yonida baliqqa soatlab tikilib o‘tirardi. Bundan xavotirga tushgan oyim Vitalikka:
– Yana Karasikni yeb qo‘ymasin, – dedi.
– Yemaydi, o‘zim qarab yuribman, – dedi Vitalik.
Bir kuni oyim uyda yo‘qligida Vitalikning yoniga do‘sti Seryoja keldi. Akvariumdagi baliqni kuzatib turdi-da:
– Kel, almashamiz. Sen menga Karasikni, men esa senga hushtagimni beraman, – dedi.
– Hushtakni nima qilaman?! – deb so‘radi Vitalik. – Axir hushtakdan ko‘ra baliq yaxshiroq-ku, – hayron bo‘ldi Vitalik.
– Nega yaxshiroq bo‘lar ekan? Hushtakni chalish mumkin. Baliq-chi?! Baliq hushtak chalishni biladimi?!
– Nimaga baliq hushtak chalishi kerak?! Baliq hushtak chala olmaydi, lekin suza oladi. Hushtak suza olmaydi-ku?
– Qayerda ko‘rgansan hushtakning suzganini?! Lekin mushuging baliqni yeb qo‘yishi mumkin. Hushtakni esa yeya olmaydi, u temirdan... – kuldi Seryojka.
– Oyim ruxsat bermaydilar-da. “Agar senga biror narsa kerak bo‘lsa, o‘zim sotib olib beraman”, – deganlar.
– Uyingdagilar bunday hushtakni qayerdan sotib olishar ekan-aaa?! Axir, bunga o‘xshagan hushtaklar sotilmaydi. Bu – haqiqiy hushtak. Ko‘chaga chiqib hushtagimni chalishim bilan hamma militsioner keldi deb o‘ylaydi.
Seryoja cho‘ntagidan hushtakni chiqardi-da qattiq chaldi.
– Qani, menga ber-chi, – so‘radi Vitalik.
Hushtakning tiniq va baland ovozi Vitalikka yoqib qoldi. Uni judayam olgisi keldi:
– Agar Karasikni senga bersam, u qayerda yashaydi? Axir, senda akvarium yo‘q-ku!
– Bizda murabbo bo‘shagan katta shisha idish bor. Men baliqni unga solib qo‘yaman.
– Unda mayli, – rozi bo‘ldi Vitalik.
Bolalar akvariumdagi baliqni tutish uchun rosa harakat qilishdi. Ammo tutisholmadi. Chunki Karasik juda tez suzardi. Toqati toq bo‘lgan Seryoja yengini shimardi-da, akvariumning ichiga ikki qo‘lini tiqib, baliqni tutib oldi.
– Ana-a-a! – deb qichqirdi Seryoja. – Tezda idishda suv olib kel.
Vitalik yugurib borib idishda suv olib keldi. Seryoja Karasikni idishga soldi. Bolalar idishni ko‘tarib Seryojaning uyiga borishdi. Shisha idish Seryoja o‘ylaganidek katta emas ekan. U akvariumdan ancha kichkina, Karasik uchun ham qulay emas. Bolalar baliqqa uzoq termulishdi. Seryoja endi balig‘i borligidan xursand edi. Vitalik esa bir tomondan Karasikni berib yuborganidan xafa bo‘lsa, ikkinchi tomondan oyisiga baliqni hushtakka almashganini aytishga qo‘rqar edi. U Balki oyim balig‘imiz yo‘qligini payqamaslar degan xayolda uyiga yo‘l oldi.
Kelganida oyisi uyda edi.
– Balig‘ing qani? – so‘radi u.
– Bilmadim, – dedi Vitalik sekin nima deyishni bilmay.
– Ana ko‘rdingmi?! Mushuging uyda hech kim yo‘q vaqtni poylab baliqni yeb qo‘ygan. Qani u – ochofat?! Menga hoziroq topib ber.
– Murzik! Murzik! – Vitalik mushugini chaqirishni boshladi. Lekin u hech qayerda yo‘q edi.
– Balki derazadan chiqib ketgandir, – hovliga qara-chi.
Vitalik paltosini kiyib, hovliga chiqdi va atrofga qarab o‘ylab qoldi.
“Yaxshi ish bo‘lmadi-da! Endi meni deb Murzikka yomon bo‘ladi”.
Vitalik mushugini topolmaganini onasiga endi borib aytmoqchi edi hamki, Murzik eshik tomon yugurib keldi.
– Murzikjon, uyga kirmay tur. Hozir oyimning jahllari chiqqan, – dedi Vitalik.
Murzik Vitalikning oyoqlariga suykaldi, so‘ng yopiq eshikka qarab sekin miyovladi:
– Tushunmayapsanmi, ahmoq?! – dedi Vitalik. – Uyga kirolmaysan, deb odam tilida gapirayapman.
Murzik, albatta, hech nimani tushunmadi. Vitalik Murzik ichkariga kirishiga to‘sqinlik qilar, mushukning esa ketgisi kelmasdi. Vitalik nima qilishini bilmay, eshik orqasiga berkindi. Murzik esa eshik orqasidan “miyov” deb qattiq baqirdi. Vitalik shoshganicha qaytib chiqdi.
– Sekin, sekin! Nega baqirasan?! Oyim eshitsalar, ko‘radiganingni ko‘rasan! – U Murzikni ushlab yerto‘laga itarib yubordi. Murzik negadir u yerga tushishni xohlamadi.
– Tush, ahmoq! Hozircha shu yerda o‘tirib tur.
Nihoyat, mushukni yerto‘laning tuynugidan kiritib yubordi. Tuynukdan Murzikning faqat dumi chiqib qolgan edi. Vitalik mushugini endi yerto‘lada qoladi deb o‘ylaganida, Murzik tuynukdan boshini chiqarib tashqariga qaradi:
– Xo‘sh, yana qayoqqa ketyapsan, ahmoq kalla?! – deb pichirladi Vitalik va qo‘llari bilan tuynukning chiqish yo‘lini to‘sib qo‘ydi. – Senga aytdim-ku, axir, uyga kirish mumkin emas.
Murzik yana norozi “miyov!”ladi.
– Mana senga “miyov”! – Vitalik u yoq-bu yoqqa qarab tuynukni nima bilan yopishni o‘yladi. So‘ng, yonida yotgan g‘ishtni olib, tuynukni mahkam qilib yopti. – Ana endi chiqolmaysan. Buguncha shu yerda o‘tira tur. Oyim ertaga bu voqeani unutganlaridan keyin qo‘yib yuboraman.
Vitalik ichkariga qaytib kirib, oyisiga Murzikni topolmaganini aytdi. Oyisi esa jahl bilan:
– Baribir qaytib keladi-ku. Men uni bu ishi uchun kechirmayman, – dedi.
Vitalik qilgan ishidan pushaymon edi. Kayfiyati yo‘qligidan ovqat ham yegisi kelmadi. U ovqatlanayotib Murzikni och holda yerto‘lada o‘tirganini o‘yladi. Oyisi xonadan chiqib ketgach, Vitalik cho‘ntagiga ikkita kotletni solib hovliga chiqdi. Tuynukning og‘zidagi g‘ishtni oldi-da, “Murzik! Murzik!” deb sekin chaqirdi. Murzikdan esa darak yo‘q. Vitalik egilib, tuynuk teshigidan qaradi. Qorong‘iligidan yerto‘lada hech nima ko‘rinmas edi.
– Murzik! Murzinka! Senga kotletlar olib keldim.
Murzik baribir chiqmadi.
– Xohlamaysanmi?! Mayli unda och o‘tiraver, ahmoq kalla! – Vitalik jahl bilan ortiga qaytdi. U mushugisiz uy zerikarli bo‘lib qolganidan, oyisini aldaganidan ko‘ngli g‘ash edi.
– Xavotir olma, boshqa baliq olib beraman, – dedi oyisi Vitalikning xomushligini ko‘rib. – Kerak emas, – dedi Vitalik boshini egib. Hammasini tan olmoqchi edi, lekin bunga jur’ati yetmay, indamay qo‘yaqoldi. Shu payt oyna ortidan “miyov” degan ovoz eshitildi. Vitalik qarasa, derazada Murzik turibdi. U boshqa tuynukdan chiqqanligi ko‘rinib turibdi.
– A! Oxiri kelibsan-da, qaroqchi. Qani, bu yoqa kel-chi, – dedi oyisi.
Murzik ochiq derazadan sakrab xonaga tushdi. Oyisi Murzikni tutib olmoqchi edi, buni sezgan Murzik stol tagiga berkinib oldi.
– Ah, sen ayyor... Bu o‘zining aybini sezdi! – dedi oyim. – Uni tezda tutib ber.
Vitalik stol tagiga kirdi. Murzik uni ko‘rdi-da, divan tagiga qochdi. Vitalik mushugi undan qochganiga xursand edi. Divan tagiga yaqinlashayotganida esa Murzik eshitishi uchun atayin shovqin qildi. Murzik darrov qochib ketdi.
– Sen nega buncha shovqin ko‘taryapsan? Axir, bunaqada Murzikni tutolmaysan-ku?! – dedi oyisi.
Shu payt Murzik derazadan qaytib chiqib ketmoqchi bo‘lib akvarium tepasidagi tokchaga sakradi. Lekin sirpanib akvarium ichiga tushib ketdi. Atrofga sachragan suv hammayoqni ho‘l qildi. Murzik akvariumdan bir amallab chiqib, deraza tomon qochayotganda oyisi ushlab oldi.
– Ana endi senga ko‘rsatib qo‘yaman! – dedi g‘azab bilan.
– Oyijon, oyijonim! Iltimos, Murzikni urmang! – yig‘ladi Vitalik.
– Unga hecham achinma. Axir u baliqqa achinmadi-ku.
– Oyijon, u ayibdor emas.
– Nimaga u aybdor emas ekan? Unda Karasikni kim yedi?!
– U emas
– Unda sen yedingmi?!
– Yo‘q, men yemadim. Men uni hushtakka almashdim.
– Yana qanaqa hushtak?!
– Mana shunga, – Vitalik cho‘ntagidan hushtakni chiqarib oyisiga ko‘rsatdi.
– Nahotki, qilmishingdan uyalmayapsan?!
– Oyi, men bilmasdan... Seryoja “Kel, baliq bilan hushtakni almashamiz”, – dedi-da.
– Men bu haqda gapirmayapman. Nega menga to‘g‘risini aytmading? Axir, qanday qilib o‘zing qilgan ishni boshqaga to‘nkashing mumkin?!
– Meni urishishingizdan qo‘rqdim.
– Faqat qo‘rqoqlargina haqiqatni gapirishga qo‘rqadi. Agar men Murzikni jazolaganimda-chi? Yaxshi ish bo‘larmidi?!
– Oyijon, kechiring. Boshqa bunday ish qilmayman.
– Shuni yaxshilab bilib ol. Men seni faqatgina aybingni o‘zing tushunib tan olganing uchungina kechirdim, – dedi jahlidan biroz tushgach oyisi.
Vitalik Murzikni quritish uchun isitgich yonidagi o‘rindiqqa qo‘yib, yoniga o‘tirdi. Murzikning ho‘l yunglari birlashib, tipratikanga o‘xshab qolgandi. Turishidan bir hafta och qolgandek edi. Vitalik cho‘ntagidan kotletlarni chiqarib, Murzikni oldiga qo‘ydi. Mushuk kotletlarni shosha-pisha yedi-da, Vitalikning tizzasiga chiqib uxlab qoldi.
Rus tilidan
Shahrizoda SANAQULOVA tarjimasi