Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qulogʻim bor-ku

Bobom va enamdan bo‘lak  hamma meni “sen – quloqsiz bola”, – deydi. Uyda oyimning topgan gapi faqat shu: “Sen bola, buncha quloqsiz bo‘lmasang-a, qachon bundoq odamga o‘xshab gapga tushunasan? Senga bir gapni uqtirguncha esim og‘adi!” Maktabda esa o‘qituvchim: “Sen quloqsiz bolaga bir nimani gapirganimdan ko‘ra, devorga aytganim ming marta afzal...” – deya  koyigani koyigan. Ularning hadeb “sen quloqsiz”, deyaverishlaridan bezorim chiqib, o‘zimni har kuni oynaga solib ko‘raman, – ikki qulog‘im ham o‘z joyida!

Bir kuni dadam norozi ohangda, nimalarnidir gapirayotgan edi, bobom shartta gapini bo‘lib: “Bolam, og‘zing no‘xtasini bo‘sh qo‘yma, devorning ham qulog‘i bor”, – dedilar. O‘qituvchimning “Sendan ko‘ra devorga  gapirganim ma’qul”, – deyishlari bejiz emaskan-da, devorning qulog‘i borligi uchun  aytarkanlar-da”, – deyman ichimda.

Har kuni ertalab maktabga otlanar ekanman, enam cho‘ntagimga konfet sola  turib, “O‘zimning tilla bolamdan o‘rgilay, buning turgan-bitgani aql, sizlar bo‘lsa uni nuqul “shumtaka”, deb koyiysizlar, hech  qayerdan bunday odobli bolani topolmaysizlar”, – degancha yuzlarimdan o‘pib, kuzatib qoladilar. Men buvimning maqtovlaridan quvonib maktabga  “qanot chiqarib uchaman”. Dars  paytida “quloqsiz bola”  deyishlaridan cho‘chib, odob saqlab, jim o‘tiraman... Baribir yana  nimadir bo‘lib, ishkal chiqadi. Yana men dakki eshitaman. Bugun jimgina  xayol surib o‘tiruvdim, to‘satdan o‘qituvchim: “Nega darsga quloq solmayapsan?” – deb qoldi.

– Quloq solyapman, ustoz!

– Unda oxirgi aytgan gapimni qaytar-chi?

 Men ham “Unda oxirgi aytgan gapimni qaytar-chi? – deyishim bilan, sinfda  gurr etib kulgi ko‘tarildi. Men ajablanib muallimga qaradim. Ustoz boshini irg‘ab pastki labini tishlagancha ortiga burilar ekan, norozi ohangda: “Sen quloqsiz bolaga faqat maynavozchilik bo‘lsa”, – deya doskaga bugungi dars mavzusini yoza boshladi. Ancha vaqtgacha  u-bu partadan bolalarning og‘zini bekitib piq-piqlab kulayotgani eshitilib turdi.

Darsdan kelib hovlida  olaparimni quvlab u yoq-bu yoqqa choptirib o‘ynay boshladim. Oyim: “kap-katta bolaning qilayotgan ishiga qarang, uyalmaysanmi, it bilan irg‘ishlab to‘rt tomonga chopishga? Bundan ko‘ra, molxonadagi qo‘y-echkilarni dalaga chiqarib, o‘tlatib, oyog‘ining chigalini yozib kel,” – dedi. Oyimning gaplarini eshitgan dadam: “Shu bolang, yana mening kaltagimni sog‘inibdi!” – deya o‘shqira ketdi.  Qarasam, ahvol jiddiy. Sekingina borib bobomning pinjiga kirib oldim. Chunki, bobom “Kim xafa qildi mening qulunimni, erka toychog‘imni?” – deya darhol yonimni oladilar. Dadam jahl bilan mening izimdan bobomning oldiga kirarkan, “Ota, shu nabirangizni judayam taltaytirib yuborayapsiz”, deya to‘ng‘illadi.

Bobom: – Qo‘yaver, hademay esi kirib qoladi. Sen buning yoshida  o‘g‘lingdan beshbattar eding. Mana, bugun birovdan kam joying yo‘q. Bekorga “bola bo‘lsa sho‘x bo‘lsin, sho‘x bo‘lmasa yo‘q bo‘lsin”, – deyilmaydi. Xalqimiz bir nimani bilsa kerakki, shu maqolni to‘qibdi, – deya mening ustimdan bo‘lgan  shikoyatlarga nuqta qo‘ydilar.

O‘zimga o‘zim har kuni so‘z  beraman: Ertaga albatta,  aqlli, odobli bola bo‘laman, deb. Kattalarning o‘zlari ontimni buzishimga majbur qilishadi. O‘zim ham bilmayman, miyamga qayerdan kelib qoladi g‘alati javob, aytaman-qo‘yaman. Maktab foyesidan di­rektorning xonasi tomonga ketayotsam, oldimdan sinf rahbarim chiqib qoldi. Salom beruvdim, alik o‘rniga: “Nega darsga kirmading?” – deya o‘dag‘ayladi.

– Direktorga intervyu bergani ketayapman.

– Qanaqa intervyu?

– Oshxonaning derazasini qanday sin­dirganim haqida.  – Javobim g‘alati tuyuldimi, “Seni sirkka jo‘natish kerak”, – deya mendan uzoqlashdi.

Dadamning  kutilmaganda kundaligimni so‘rab qoladigan odatlari bor. Bugun ham xuddi shunday bo‘ldi. U kishi kundaligimni varaqlay turib, jahl bilan: “Ey bola, sen laylak haydab yuribsanmi, aytchi, nimaga jismoniy tarbiyadan boshqa hamma fandan  bahong “ikki”? – deb qoldilar.

– Jismoniy tarbiyada faqat futbol o‘ynaymiz-da.

 Dadamning jahli chiqib – Nima? –  deya o‘rnidan qo‘zg‘algan ham ediki, doimiy xaloskorim – bobomning uyiga  qarab  juftakni rostladim. Bobomni achomlar ekanman, qulog‘iga sekin shivirlab kundalik masalasini tushuntirgan bo‘ldim. U kishi  jilmaygancha boshlarini irg‘ab qo‘ydilar. Ko‘p o‘tmay “mening kundaligimni” qo‘lida  ushlagancha eshikda dadam ko‘rindi.

– Assalomu alaykum, ota! Yaxshi o‘tiribsizmi? – deya ko‘rishish uchun egildi.  Bobom o‘tirgan joylarida  dadamning qo‘lini olarkan:

– Va-alaykum assalom, ke, bolam, ishlaring tuzukmi? – dedilar. Ro‘parasida omonatgina cho‘kkalagan dadamga tikila turib:  – Ha bolam, mashqing past ko‘rinadi, tinchlikmi? I-ye-e-e qo‘lingdagi kundalikmi? Endi ish joylardayam kundalik tutilayaptimi, nima, menga qo‘l qo‘ydirishga olib kirdingmi? – deya jilmaydilar.

– Mana, uning baholarini o‘zingiz bir ko‘ring, bu quloqsizning yonini olganingizga  judayam taltayib boryapti, – dedi dadam.

– Qani, menga ber-chi, – bobom ko‘zoynaklarini taqib kundalikni varaqlar ekanlar, – bolangning ismi-sharifini bilasanmi, o‘zi? Cholni ko‘rib bobom, deb chopmagin-da, oldin bu daftarning egasi kimligini bil. Buncha chodir buzishga o‘ch bo‘lmasanglar...

Bobom kundalikni qaytarib da­damning  qo‘liga tutqazdi. Bobomning gaplaridan tal­movsiragan, dadam kun­dalik daftarga qayta ko‘z yugurtirar ekan:

 – Sen quloqsiz, zumrashaning dastidan doim otamdan gap eshitaman. Kundalikning egasi kim? Birovning daftarini sen nimaga olib yuribsan? – deb kundalikni mening oldimga  irg‘itdi. 

– Partadoshimniki, adashib ketibdi.

– Shuni oldinroq aytsang,  o‘lasanmi?

– O‘zim ham “Kundaligingdagi baho­larning hammasi “ikki-ku”, – deganingizdan bildim.

– Unda jismoniy tarbiya darsida faqat  futbol o‘ynaymiz, deganing nimasi?

– Yo‘q, rost. Faqat qizlar o‘ynamaydi, ular sinfda kashta-pashta tikib o‘tirishadi.

– Sen quloqsiz bola, bir kuni mendan  qattiq kaltak yeysan-da! – Dadam kundalik meniki emasligini bilgach, biroz hovurdan tushib chiqib ketdilar. Dadam ketgach bobom menga jilmaygancha  savolomuz qaradilar.

– Partadosh o‘rtog‘im: “Dadam bilan oyimni bir xursand qilay, kundaligingni berib tur” degandi, shunga beruvdim. Kelib-kelib dadam ham kundalik daftarimni  shu bugun so‘rab qolganini aytmaysizmi, –  dedim kuyunib. 

Bobom gaplarimni tinglar ekanlar, birdan jiddiy tortib: – odam o‘rtog‘iga uydagilarini aldashiga emas, aksincha uning ham yaxshi o‘qishiga yordamlashib, noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarishi kerak. Mana, bugun o‘zing ham o‘rtog‘ingga o‘xshab yolg‘onchi bo‘lib o‘tiribsan, – dedilar. Men qaytib bunday ish qilmaslikka so‘z berdim.

To‘g‘risi, dadamga gapirishga hayiqaman. Lekin, nimagadir oyimning tez-tez jig‘iga tegib turaman.

 Bir kuni:

 – Matematikadan berilgan misollardan bittasini xato ishladim, –  dedim.

  – O‘zi nechta misol berilgan edi?

  – O‘nta.

  – Balli bolam,  qolgan to‘qqiztasini to‘g‘ri yechibsan-da!

  –  Qolganlariga umuman tishim o‘tmadi, oyijon, – dedim. Oyim tutaqib ketdilar:

– Qarab tur, sen quloqsizni, dadangga aytib bermasammi! Bunaqada bizning yuzimizni shuvut qilasan-ku...

Qarasam, oyimning gaplari  jiddiy. Dadamga aytishdan ham toymaydi. Vaziyatni yumshatmasam holimga maymunlar yig‘lashi aniq. Iljaygancha: – Bolaning gapiga ham ishonadimi, kap-katta odam?! – dedim.

– Maynavozchilik qilishga mendan boshqa odam topmadingmi? – deb qo‘lidagi  supurgini menga  qarab otdilar. Men ko‘chaga qarab qochdim.

Bitta sinfdoshim “r” harfini yaxshi talaffuz qilolmaydi. “Y”ga yaqinroq qilib aytadi. O‘qituvchimiz unga talaffuzini  to‘g‘rilashi uchun “r” harfi juft kelgan “arra”,  “karra”,“urra” kabi so‘zlarni ko‘proq aytishga harakat qilishi lozimligini uqtirdi.

Men ustozning  gapini quvvatlab, “g‘urra”, deganimni bilaman, sinfdagi hamma birdan xaxolab kulib yuborsa bo‘ladi-mi? Ustoz ham kulib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib, yuziga yasama jiddiy tus bergancha, – chiqib ket! – dedi. Men dars tugashini sinfdan tashqarida kutib o‘tirishga majbur bo‘ldim.

Keyingi gal  “ona tili” darsida ustozim mendan “Nima uchun inshongda so‘zlarni tushirib yozgansan. Bu ham kamlik qilganday, yana oralarini keng-keng ochiq qoldiribsan?”, – deb so‘radi.

– Reklama uchun joy qoldirdim-da, ustoz! – dedim hozirjavoblik bilan.

– Mana, hadeb televizor ko‘rishning oqibati! – dedi ustoz javobimdan norozi bo‘lib. Ustoz ba’zan erib ketsalar, “Kelajakda sendan  Hojiboy Tojiboyevga o‘xshagan yaxshi qiziqchi chiqishi mumkin”, – deb qo‘yadilar. Bilmadim, ustozning meni jini suyadimi, javoblarimga bo‘lar-bo‘lmasga tutaqib ketmaydilar.

Yana bir kuni dars payti shu o‘qituvchi o‘quvchilarga yuzlanib dedi:

–  Qani, “o” harfi ko‘p so‘zga kim misol keltiradi?

 Kimdir qo‘l ko‘tarib “Omonat”,  – dedi.

–  Yaxshi. Yanayam ko‘proq bo‘lsin.

–  Olomon.

–  Barakalla! Kim yana ko‘prog‘ini aytadi? Qo‘l ko‘tardim. Ustoz menga yuzlanib, “Qani, marhamat”, dedi.

 Men butun sinfni boshga ko‘tarib: – “Go-o-o-o-ol!”  –  deb baqirgan edim,  sinfdoshlarimning kulgisi mening ovozimni bosib ketdi.

Bir kuni darsda  biologiya fani o‘qituvchisi:

 – Suv inson hayotida katta ahamiyatga ega. Qani, bunga kim misol keltiradi? – dedi.

  – Men, – dedim qo‘l ko‘tarib, – agar suv  bo‘lmaganda biz suzishni bilmagan bo‘lardik.

Javobimdan ustozning ensasi  qotdi shekilli, “Javobing ham o‘zingga o‘xshaydi”, – dedilar. Bugun tarix  darsida ustoz mendan, “Tosh asri qanday davr?” – deb so‘rab qoldi.

–  Tosh asri  shunday davrki, – dedim, – unda  hamma narsa,  hatto televizor ham toshdan yasalgan bo‘ladi. – Ustoz javobimga qo‘shimcha qilib, “Jumladan, sening boshing ham”, – dedilar. Atrofimda yana “gurr” etib kulgi ko‘tarildi. Men shoshib boshimni ushlab ko‘rib, biroz yengil tortdim.

 Ko‘rdingizmi, qulog‘im bor ekanmi? Agar qulog‘im bo‘lmaganda shuncha xangomalarni eshitgan bo‘larmidim. Iltimos, buni uyda­gilarga, maktabdagilarga aytib qo‘ying.                 

 

Ochil Toxir

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.