Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Umbaloq

Firdavslarning  hovlisidan ariq oqib o‘tadi. Shundanmi, dadasi hovlida o‘rdak boqadi. O‘rdaklar tuxumini shundoq qirg‘oqqa qo‘yadi.

O‘rdakning tuxumi tovuq tuxumidan  kattaroq, po‘chog‘i ham qalin bo‘ladi.   Jo‘jalar tovuq bolasi kabi tuxumdan o‘n to‘qqiz kunda emas, yigirma yetti kunda yorib chiqadi.

 Bu yil ham  bahor etaklayotgan paytda ona o‘rdak tuxumdan ikkita bola ochib chiqdi. Ammo  polaponlarning bittasi ko‘p yashamay nobud bo‘ldi. O‘shanda ona o‘rdak rosa g‘oq-g‘oqlab shovqin ko‘tardi. Keyin  juda xomush tortib qoldi. Hatto ariqqa tushganda ham avvalgiday o‘ynoqlab sho‘ng‘imas,  o‘ziga, bolasiga yegulik topish uchungina suvga  sho‘ng‘irdi. Shunday  kunlardan birida  Firdavsning dadasi qayerdandir mittigina  o‘rdakcha olib keldi. Ona o‘rdak avvaliga  unchalik e’tibor bermadi. Ammo  mehmon o‘rdakcha biroz  ikkilanib turgach, lapanglab kelib ona o‘rdakning tumshug‘iga tumshug‘ini  surkadi. Ona o‘rdak orqaga sal tislanib unga  tikildi. Keyin  polaponni yelkasi bilan turtib,  bo‘ynidan  avaylabgina cho‘qib qo‘ydi. Nima gapligini tushunmay bir chetda hay­ron bo‘lib turgan mezbon o‘rdakcha  ular yoniga  yugurib keldi. Shu-shu ular ahil yashay boshlashdi.  Mehmon o‘rdakcha ona o‘rdakning o‘z bolasiga qaraganda ancha chaqqon va ko‘rkam edi. Uning  uzun bo‘yni boshqa o‘rdaklarnikiga o‘xshab oppoq emas, to‘q yashil edi. Yashil patlari   quyosh nurida juda boshqacha yaraqlab e’tiborni tortardi. Firdavs ona o‘rdakning  bolasiga Dumbaloq, yugurganda umbaloq oshib ketayotganday ko‘ringan mehmon o‘rdakchaga Umbaloq deb nom qo‘ydi... Polapon o‘rdaklar  kundan kunga to‘lishib, kattalashib  bordi.  Ayniqsa, Umbaloq juda tez o‘sdi. Bo‘yi akasidan  baland, harakatlarda, suvga sho‘ng‘ishda, yemish topishda  Umbaloq nafaqat  Dumbaloqdan, hatto onasidan ham chaqqonlik qilardi. Umbaloq ba’zan ariqqa tashlangan quvur ichidan  o‘tib  tashqariga ham chiqib kelardi. Firdavs ularga  don  sepib chaqirsa, Umbaloq  qanotlarini keng yozib, bo‘ynini oldinga cho‘zib shu qadar tez yugurib kelardiki, Firdavs uni  yugurish emas, uchish deb  hisoblardi. Dumbaloq  suvdan chiqib oftobda yalpayib isinib yotganda ham Umbaloq  ariq chetidagi botqoqni cho‘qilab, onasi yeyishi uchun nimalardir axtarib topishga harakat qilardi.  Issiq yoz shu tariqa tez  o‘tib ketdi. Kuz kelib daraxt yaproqlari sarg‘ayib to‘kilayotgan, ariqdagi suvlar tinib, ostidagi  o‘t-o‘lanlar aniq-tiniq ko‘rinib qolgan paytlarda negadir  Umbaloq juda  betoqat bo‘lib  qoldi. U onasi bilan akasiga o‘xshamas, nuqul qanot qoqib osmonga uchishga harakat qilardi. Ana shunday paytda  ona o‘rdak bezovta bo‘lib, uni turtib-turtib, katakka  haydardi.

Bir  kuni havo ancha  sovib, salqin shamol esa boshlagan paytda g‘alati voqea ro‘y berdi. Umbaloq suvdan chiqib qanotlarini qoqdi, keyin ularni keng yoyib uchdi-da, devorga chiqib oldi.

–    Voy tavba, o‘rdakning uchishini endi ko‘rdim, –  hayratini yashirolmadi  Firdavsning oyisi  Aziza opa. – Bu rostdanam o‘rdakmi, uni  qayerdan olgan  edingiz? – xo‘jayiniga yuzlandi u.

– O‘rdak emas, suqsur. Ya’ni  yovvoyi o‘rdak, – jilmaydi  Farhod aka. –  O‘rtog‘im  Abror bilan daryoga baliq tutishga borgan edik. Qamishlar orasida arang g‘oq-g‘oqlayotgan  ovozni eshitib  qoldim. Borib qarasam, mitti o‘rdakcha balchiqqa belanib, tipirchilab yotibdi.   Onasini ovchilar otib ketgan bo‘lsa kerak. Sho‘rlik polapon ochlikdan sillasi  qurib yotib qolgan ekan. O‘rdakchamizga sherik bo‘ladi, yo‘qolgan polaponini o‘rnini to‘ldiradi, deb  olib kelgandim. Qara, baribir,  asliga tortar ekan-da. Axir yovvoyi  o‘rdaklar yurtimizga  bahorda uchib keladi. Sovuq tushishi bilan issiq o‘lkalarga uchib ketadi. Balki Umbaloq ham uchishga tayyorgarlik ko‘rayotgandir.

– Yo‘q, Umbaloq mening o‘rdakcham.. Kerak bo‘lsa, Dumbaloq uchib ketsin, o‘lguday dangasa. Umbaloqqa o‘zim issiq uycha qurib beraman, sovuqda qolmaydi,  –  dedi Firdavs qovog‘ini solib.

–  Bu yerda qolsa ham sovuq yemaydi, katagimiz issiq, qishda ham arig‘imizda suv to‘xtamay oqaveradi. Lekin, yana kim biladi... – yelkasini  qisdi Farhod aka. Oradan kunlar  o‘tdi. Oktyabrning oxirida kechalari  ancha   salqin  bo‘lib qoldi. Ammo Firdavsning o‘rdakchalari hech  nimani o‘ylamay,  ariqda cho‘milib, ozuqa topib yeb, oftobga chiqib isinib  yotishni kanda qilmadi. Biroq... Quyosh ufq tomonga asta  yonboshlayotgan paytda osmonda qushlar arg‘imchog‘i  ko‘rindi... Ular garchi ancha balandda uchayotgan bo‘lishsa-da, “g‘oq-g‘oq”lashlaridan yovvoyi o‘r­daklar galasi  ekanligini payqash qiyin emasdi. Shu payt Umbaloq osmonga qaradi-yu, bor ovozi bilan “g‘oq-g‘oq”lab yubordi.

Ona o‘rdak bir narsani sezgandek uning yoniga yugurib keldi. Umbaloq esa unga e’tibor  bermas,  osmonga tikilgancha  u yoqdan-bu yoqqa bezovta yugurardi. Firdavs ham xavotir bilan  osmonga  – ufq sari uchib ketayotgan  qushlar arg‘imchog‘iga qaradi. Shu choq  jonli “arg‘imchoq” safidan ikkita qush ajralib chiqib Firdavslarning hovlisi tomon  pastlay boshladi. Umbaloq  qattiq  sayradi. Ko‘kdagi  qushlar ham  hovli ustida aylanib, kalta-kalta sayradi. Qardoshlarini aniq-tiniq ko‘rgan Umbaloq  qanotlarini keng yozib, uchishga harakat qildi. Ona o‘rdak bo‘lsa qattiq baqirib, uning uchishiga xalaqit bermoqchi bo‘ldi. Tepadagi qushlar “sen aralashma”, deganday ona o‘rdakning boshi ustida oyoqlarini  yozib uni turtib o‘tishdi. Nihoyat Umbaloq parillab   devorga uchib chiqdi-da avval ko‘kda unga hamon parvona bo‘layotgan yovvoyi o‘rdaklarga, keyin pastga – hovlidagi onasiga, akasiga qaradi-da, kechiringlar, deganday uzrli ohangda  g‘oqilladi. Va qanotini dadil silkitib havoga ko‘tarildi, chaqqonlik  bilan shundoq tepasida charx urayotgan yovvoyi  o‘rdaklarga   qo‘shildi. Ular botayotgan quyoshni ko‘zlab, ancha olislab  ketgan sheriklari tomon  uchishdi.Umbaloq yerda yurganda  baqaloqqina edi. Biroq  ikkita ulkan suqsurning orasida jajjigina bo‘lib  ko‘rinayotgan  Umbaloq   orzusiga yetgandek  dadil qanot qoqardi...

–    Hechqisi yo‘q, Umbalog‘ing bahorda qaytadi, – dedi dadasi  Dumbaloqni  quchoqlab yum-yum yosh to‘kayotgan Firdavsga. – Umbaloqning  qarindoshlari  sen bilan menga rahmat aytadi. Umbaloq  ular orasida xotirjam,  o‘zi xohlagandek kun kechiradi.

Ona o‘rdak  Farhod akaning gaplarini  tasdiqlaganday  Firdavsga qarab  “g‘oq” dedi-da, qafasi tomon yo‘l oldi. Dumbaloq unga ergashdi. Atrofga  qorong‘ilik cho‘ka boshladi.

Muhabbat Hamidova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.