Xabarchi chumoli
Zamira IBROHIMOVA bolalarni juda yaxshi ko‘radi. Adibaning “Ko‘chaning fayzi” nomli yangi hikoya va ertaklar to‘plami o‘ziga xos qiziqarli voqealarga boyligi, bolalar olami, ularning orzu-istaklari, jonzotlar hayoti, tabiat ajoyibotlari haqida hikoya qiladi. Quyida taqdim etilayotgan chumolilar haqidagi hikoyani o‘qib chiqqach, yozuvchining kitobini izlab qolishingizga ishonamiz.
Xabarchi chumoli
Abdusamadlar yashaydigan ko‘p qavatli uyning orqa tomonida kichikroq oziq-ovqat do‘koni bor. Bir kuni Abdusamad opasi Hidoyatbonu bilan do‘kondan shirin kulcha olib kelayotgan edi, yo‘lak chetida yolg‘iz aylanib yurgan chumolini ko‘rib qoldi.
– Voy opa, qarang bitta chumoli adashib qolibdi, – dedi hayajonlanib.
Opasi cho‘kkalab o‘tirdi va chumoliga sinchkovlik bilan qaradi.
– Bu chumoli adashmagan, uni ko‘rganman, shu atrofda yashaydi, – dedi ishonch bilan. – Menimcha, oyisi bilan adasi mehmonga ketishgan. Uni bo‘lsa olib ketishmagan. Xafaligini qaragin.
– To‘g‘ri aytyapsiz, u juda xafaga o‘xshaydi, – opasining gapini ma’qulladi Abdusamad.
– Kel, unga shirin kulcha berib xursand qilamiz, – dedi xayoliga kelgan fikrdan quvonib opasi.
Abdusamad ham quvonib ketdi. Shosha-pisha yelim xaltadagi shirin kulchadan kichik bir bo‘lak ushatib, chumolining yoniga qo‘ydi:
– Chumoli, ol, ye! – dedi nihoyatda muloyim, mehrli ohangda.
– Xafa bo‘lma, biz seni shirin kulcha bilan mehmon qilamiz, tortinma, olaqol, – dedi Hidoyatbonu va yana bir bo‘lak shirin kulchani chumolining yoniga qo‘ydi.
Chumoli kulcha bo‘lagi yonida bir zum to‘xtab qoldi. Uni hidladi, ammo tatib ham ko‘rmay, orqasiga o‘girilib ildam yurib ketdi. Bolalar hayron bo‘lib, uning harakatlarini kuzatishdi. Chumoli uyasiga yetib borib, dum-dumaloq qilib o‘yilgan teshikchadan ichkariga kirib ketdi. Zum o‘tmay teshikchadan birin-ketin chumolilar chiqib kela boshladi.
– Voy, qara chumolilar uyida ekan. Anuv chumoli ularga xabar berganga o‘xshaydi. Bir, ikki, uch, to‘rt, besh, olti, yetti, sakkiz, to‘qqiz, o‘n, o‘n bir... – opa-uka sanoqdan adashib ketishdi.
Tashqariga chiqqan chumolilar qayerga borishni bilolmay, dovdirab, oldinga, orqaga, chapga, o‘ngga qarab yurishdi, yugurishdi, yana to‘pga qaytishdi. So‘ngra “xabarchi chumoli” aniq manzilni ko‘rsatdi shekilli, ular bir qator safga tizilib, ishonch bilan shirin kulcha bo‘lagi tomon yo‘l olishdi. Chumolilar manzilga yetishlari bilan, vaqtni o‘tkazmay qizg‘in ish boshlanib ketdi. Har bir chumoli katta bo‘lakdan kichik uvoqni uzib olib uyasi tomon g‘izillab ketdi. Ular shunday uyushqoqlik bilan, bir tan, bir jon bo‘lib mehnat qildilarki, xiyol fursat o‘tmay shirin kulchadan nom-nishon qolmadi. Chumolilar galasi ham uyasiga kirib, g‘oyib bo‘lishdi.
Opa-uka cho‘kkalab o‘tirganicha, chumolilarning harakatini xuddi jonli multfilm ko‘rayotgandek, hayrat bilan tomosha qildi. Ko‘rgan voqealaridan qattiq ta’sirlandi.
– Opa, chumolilar zo‘r ekan-a! Keling, ularga tag‘in shirin kulcha beraylik, uyidan yana chiqsin, – dedi Abdusamad.
– Yo‘q, qolgan shirin kulchalarni uyga olib boramiz. Adamni, oyimni, akamni, opamni mehmon qilamiz, – dedi Hidoyatbonu jiddiylik bilan.
Abdusamad chumolilar uyasiga tikilganicha o‘ylanib qoldi, so‘ngra:
– Hali chumolilarni ko‘rgani yana kelamiz-a? – dedi.
– Albatta kelamiz. Ularni shirin kulchalar bilan siylaymiz. Endi yuraqol, oyim xavotir olayotgandirlar, – dedi Hidoyatbonu.
Opa-uka qo‘l ushlashib, o‘ynoqlagancha uylari tomon chopib ketishdi.