Mitti baliqcha
Bu voqea ancha yillar oldin men yashagan chekka qishloqda sodir boʻlgan. Yozning issiq kunlari qishlogʻimizda suv kamayib ketardi. Bu esa odamlarga anchagina tashvish keltirardi. Tong sahardan yarim tungacha quduqlar atrofidan odam arimasdi. Hatto suv tugab, chelaklar qop-qora loyga belanib chiqqan paytlarni ham koʻrganman. Yosh bola boʻlsam ham odamlarga qanchalik qiyinligini oʻzimcha his qilar, suvsizlikdan zorlanib, moʻltirab turgan qoʻy-qoʻzilarni, sigir-buzoqlarni koʻrib, ich-ichimdan achinardim. Bir qultum boʻlsa ham ularga suv bergim kelardi. Bunday rahmdilligim uchun onamdan bir necha bor dakki eshitganim hamon esimda.
Yoz keldi deguncha, uyimizning orqa tomonidan oʻtgan kichkina ariqcha sevimli joyimizga aylanardi. Ariqqa tushib olib, kim koʻp baliq ushlash oʻynardik. Baliqlar ham xuddi bizdek quvonishib, birga qoʻshilib oʻynayotgandek, bir-birining orqasiga bekinib qochishardi. Ariqdagi suv kamaygach, u yerda oʻynashimizga ruxsat bermay qoʻyishdi. Biz hadeb ichiga tushaverganimizdan ariq oʻydim – chuqur boʻlib ketgandi. Oʻsha chuqurlardagina suv toʻplanib qolgandi, xolos. Kunlarning birida qadrdon ariq yonidan oʻtayotib qarasam, chuqurchada nimadir holsizgina qimirlayapti. Nimaligini bilish uchun shartta pastga tushdim. Ne koʻz bilan koʻrayki, chuqurchada mittigina baliqcha tipirchilab yotibdi. Tirikligidan quvonib qoʻlimga oldim-u, uyga chopdim. Hovliqib kirib onam ovqat pishiraman deb olib qoʻygan suvga soldim. Baliqcha koʻzlarini menga qadab, ogʻzini beholgina ochib-yopa boshladi. Bir tomondan unga achinsam-da, baliqchaning hayot uchun astoydil kurashayotgani, yashash umidi soʻnmaganligi meni quvontirardi. U bilan ovora boʻlib, otamning menga mamnun qarab turganini sezmabman. Yaxshigina dakki eshitsam kerak, deb oʻylagandim. Lekin otam koyimadi. Ertasiga men shisha bankaga suv quyib, baliqchaga joy qilib berdim. Nazarimda baliqcha kundan kunga katta boʻlayotgandek edi. Uning har bir harakati menga zavq bagʻishlardi. Hash-pash deguncha qish fasli ham oʻtib, Navroʻz keldi.
Ariqlarda baqalar vaqillab, suv kelganidan darak bera boshladi. Hamma xursand. Faqat mengina baliqchamni suvga qoʻyib yuborsam, keyin uni hech qachon koʻrmayman-ku, deb maʼyuslanardim.
Yozning jazirama kunlari ham boshlandi. Dalada ish ancha qizgʻin. Men ham tong sahardan uygʻonib, onamga yordamlashish uchun dalaga chopdim. Ish bilan oʻralashib, kech boʻlganini sezmay qolibmiz. Uyga qaytayotganimizda onam:
– Qizim, baliqchang ancha katta boʻlib qoldi. Uning ham oʻz hayoti bor. U ham bizga oʻxshab oilasi, qarindoshlari bilan yashashi kerak. Menimcha, endi uni oʻz maskaniga qoʻyib yuborganing maʼqul, – dedi.
– Oyijon, – dedim koʻz yoshlarimni artib, – qarmoqqa ilinib qolsa, nima boʻladi?
– Sen undan xavotir olma. U oʻzini ehtiyot qiladi.
– Tushundim, oyijon. Uni ertagayoq qoʻyib yuboraman.
“Kun boʻyi uyda boʻlmadim, baliqchamni qorni ochib, oʻlib qolgan boʻlsa-chi?” degan fikrdan yuragim tez-tez, behalovat ura boshladi.
Darvozani ochdim-u onamning, “Hay, sekinroq”, deyishiga ham qaramay, oʻzimni ichkariga urdim. Baliqcha solingan shisha idish yerda chil-chil boʻlib yotardi...
Ha, bilaman, buni qoʻshnimiz Xadichaning mushugi qilgan. Bundan bir oy oldin onam avaylab oʻstirayotgan jajji joʻjalarni ham shu mushuk gum qilgandi. Yigʻlagancha qoʻshnimnikiga chopdim. Men oʻsha mahluqni boʻgʻib oʻldirib qoʻyadigan vajohatda edim. Afsuski, qoʻshnimizning uyida hech kim yoʻq ekan. Shu on onamning: “Qizim, singan idishlarni yigʻishtirib ol”, deganlari eshitildi. Noiloj, uyga qaytib, shisha siniqlarini bir-bir tera boshladim. Keyin kun boʻyi dalada charchaganimdan yerga choʻzilib yotib oldim. Shu payt nimadir “tap-tap” etib, tinchimni buzdi.
Oʻrnimdan sakrab turib, sandiq yoniga bordim. Suvsizlikdan qiynalib oʻzini yerga urayotgan baliqcham ekan, “Voy, bechora baligʻim! Nahotki sen tiriksan?! – deb qichqirib yubordim.
– Ey Xudo, oʻzingga shukr! Doʻstim meni tashlab ketmabdi, – dedim-u, darhol boshqa idishga suv quyib baliqchamni soldim. Hozir mendan baxtiyor odam yoʻq edi. Otamning oldiga yugurib borib boʻlgan voqeani aytib berdim. Otam ham peshonamdan oʻpib: “Uni endi ariqqa qoʻyib yuborish kerak”, – dedi. Ertaga undan ajralishimni bilib, ancha paytgacha baliqchamga termilib hayolan suhbat qurdim. “Meni unutmagin baliqcham, xoʻpmi?” – deb tayinladim.
Nonushtadan soʻng otam bilan baliqchamni olib, kattaroq suv havzasi tomon yoʻl oldik. Men uchun ogʻir boʻlsa-da, oʻz qoʻllarim bilan uni suvga qoʻyib yubordim. Baliqcha menga rahmat aytgandek, dumini likillatdi-da, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Shundan soʻng, oʻrtoqlarimning baliqlarni tutib, qiynashlariga yoʻl qoʻymadim. Axir, ularning ham bizga oʻxshagan oilasi, aka-opalari bor-da.
Maftuna ALLABERGANOVA