Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yoʻlini topdi

Oʻrtoqlari bilan oʻynab qaytgan Firdavs buvisining yoniga bordi. Buvisi gulzordagi rayhonlarning urugʻlagan shoxlarini qaychilab tashlayotgan ekan.

– Buvijon, iltimos ertak aytib bering.

– Ertak! Kuppa-kunduzi-ya?

– Nima, kunduzi ertak aytib boʻlmaydimi?

– Boʻlmaydi. Kunduzi ertak aytgan odamni Quyosh jazolaydi.

– Quyosh! Qanday qilib?!

– Kimda-kim yop-yorugʻ mahali ish qilish oʻrniga ertak aytib oʻtirsa, sochi toʻkilib kal boʻlib qoladi.

– Voy, sochsiz bosh Qodir togʻani boshiga oʻxshab yaltirab qoladi-ku. Menga sochsiz buvi kerakmas. Ammo hozir judayam ertak eshitgim kelyapti. Yuraqoling buvijon, uyga kiraylik, – buvisini qoʻlidan tutdi Firdavs.

– Uyda nima qilamiz? – qoʻlidagi qaychini daraxt shoxiga ilib nabirasiga ergashdi buvi.

– Hozir koʻrasiz, uyga kirib olaylik. – Ostonadan oʻtishlari bilan Firdavs buvisining qoʻlini qoʻyib yubordi-da, deraza tomonga yugurdi. Derazaning qalin pardalarini tushirdi. Xona qorongʻilashdi.

– Bu nima qilganing?! – hayron boʻldi buvisi.

– Axir oʻzingiz ertakni qorongʻida aytish kerak, dedingiz-ku! Ana endi ertak aytavering. Bu yerda bizni Quyosh koʻrmaydi, – mamnun qiyofada kuldi Firdavs.

 

Muhabbat Hamidova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.