Orzu
Issiq yoz kunlari edi. Toʻrt yashar Baxtiyor adasi bilan togʻasinikiga ketayotgan edi. Yoʻlda ular juda chanqashdi. Adasi mashinasini toʻxtatgach, choyxonaga kirishdi. Choyxona anhor yoqasiga tushgan boʻlib, nariroqda katta koʻprik qurilayotgan edi. Baxtiyor choy sovuguncha oʻsha yoqdan koʻzini olmay, tomosha qilib oʻtirdi: buldozer olamni buzib guldurar, katta samosvallar beton keltirib agʻdarardi. Yuk kranlari uzun-uzun temir toʻsinlarni koʻtarib, anhorning ikki chekkasida tiklangan semon qoziqlar ustiga yotqizardi. Bir-ikki kishi chap qoʻllaridagi qora oynakli hokandozsimon narsani yuzlariga tutib, oʻng qoʻllaridagi elektr simlariga ulangan narsani temirlarga tekkizar, atrofga uchqun yogʻdirardi.
Baxtiyor juda qiziqib qoldi.
– Ular nima qilishyapti? – dedi dadasiga yuzlanib.
– Koʻprik qurishyapti.
– Odamlar anhordan oʻtishigami?
– Ha, odamlar ham oʻtadi. Avtomobil, avtobuslar ham oʻtaveradi.
– Katta boʻlganimda men ham koʻprik quraman.
– Qayerga qurasan, oʻgʻlim?
– Qishlogʻimiz, hovlimiz yaqinidan oʻtgan anhorga.
Dadasi miyigʻida kuldi.
– Tentakvoy, u anhor emas, ariqcha-ku! Qoʻzichoq yursa toʻpigʻiga chiqmaydi.
Baxtiyor ham boʻsh kelmadi.
– Dadavoy, men katta boʻlamanmi?
– Boʻlasan, hali oʻsasan, oʻgʻlim.
– Qoʻzichoq-chi?
– U ham katta boʻladi.
– Arigʻimiz ham katta boʻladi. Oʻsib anhor boʻlganida koʻprik quraveraman.
– Qurasan oʻgʻlim, qurasan, – dedi dadasi zavq bilan kulib.
Mahmud Murodov