Yaxshilikni oʻz vaqtida qil
Bolalarga oromgoh juda yoqdi. Havosi toza, atrofi togʻ, hamma yoq yam-yashil maydon. Ammo, aynan shu oromgohning yana bir oʻzgacha tomoni bor edi. Bu yerdagi dam oluvchilar ota-onasidan olgan pulga doʻkondan hech narsa xarid qila olmas, biroq pulni oʻzlari ishlab topishlari mumkin edi. Qanday qilib deysizmi? Turli musobaqalarda gʻolib boʻlib-da! Ona tili, rus, ingliz tili, matematika boʻyicha oʻtadigan musobaqalarda hamma oʻz bilimini koʻrsatib yuqori oʻrin olar, ayniqsa sport musobaqalari fan tanlovlaridan ham taassurotga boy boʻlardi. Albatta, har bir ishtirokchi gʻolib boʻlishga intilardi. Jamoa bilan oʻynaganda esa gʻoliblarga topshiriladigan pul har bir jamoa aʼzosiga bir xil taqsimlanardi. Jamoa sportida yugurish, sakrash, velosipedda manzilga eng tez yetib kelish musobaqalari joy olgan boʻlib, soʻnggisi – velosipeddagi poyga edi.
Akbar jamoasi uchun bolalarni tanlab boʻlgan. Eng tez yuguradigan Ahror, balandga sakrash boʻyicha Shamshod boʻlsa, uzunlikka sakrashda Baxtiyorga yetadigani yoʻq. Velosiped esa Akbarning jon-u dili. Mahalladagi poygada hammadan oʻzadigani ham oʻzi edi. Bu toʻrtlik bir necha kun ichida ancha doʻstlashib boʻlishgandi.
Musobaqaga hamma jamoa qizgʻin tayyorlanar, boshqa jamoalardan ham Baxtiyor va Odil degan bolalar velosipedda tinmay mashq qilishar edi.
Akbarning oʻrtoqlari musobaqada yutishsa, mukofot puliga qanday shirinlik va kitob olishni oʻylab ham qoʻyishdi. Lekin eng muhimi, gʻalaba nashidasi kuchliroq tuyulardi.
Mana orziqib kutilgan kun ham keldi. Musobaqalarga start berildi. Birinchisi – yugurish poygasi. Ahror manzilga birinchi boʻlib keldi. Balandlikka sakrash boʻyicha Shamshod, uzunlikka sakrash boʻyicha Baxtiyor ham yaxshi koʻrsatgich koʻrsatishdi. Asosiysi – velosiped poygasi esa oldinda.
Akbar, Odil va Baxtiyor yoʻlakda start berilishini kutib turishmoqda. Mana start berildi-yu, velosiped gʻildiraklari gir aylanib, bir-birlaridan oʻzib ketishdi. Uchta aylanishning soʻnggisi ham yaqinlashmoqda. Uzoqdan oʻrtoqlarining “Akbar! Akbar!” deb baqirishlari eshitilib turardi. Akbar ancha oldinda. Shu payt shundoq yoʻldan tipratikan chiqib qolsa boʻladimi, vaqtini topganini qarang. Biroq Akbar uni chaqqonlik bilan chetlab oʻtdi. Ura! U shu soʻzni aytishga ham ulgurmay orqadan velosipedning gʻiyqillagan va agʻdarilgan ovozi eshitildi. Bexosdan oʻgirilsa, ikkinchi boʻlib kelayotgan Odilning velosipedi agʻdarilib yotibdi. Akbar nima qilarini bilmay toʻxtadi. Baxtiyor ularga yaqinlashayotgan edi. Akbar onasining gapini esladi: “Yaxshilikni kechiktirmay vaqtida qilish kerak”. U darrov Odilga yordam berishga shoshildi. Bu orada Baxtiyor zuv etib oʻtib ketdi. “Rahmat oʻrtoq!” – dedi Odil velosipedga oʻtirayotib. U yana yoʻlida davom etdi. Xayriyat, oyogʻi uncha qattiq lat yemagan ekan. Finishga Baxtiyordan soʻng ozroq vaqt oʻtgach Odil va Akbar barobar kelishdi.
– Nima qilganing bu? – dedi Ahror Akbarga, – birinchilik qoʻldan ketdi-ku!
– Toʻgʻri qildi! – jahli chiqdi Shamshodning, – men ham shunday qilardim. Botir esa indamay qoʻya qoldi.
Oromgoh tablosida fan olimpiadasi boʻyicha gʻoliblarning ismi-shariflari chiqdi, ammo negadir sport musobaqasi gʻoliblarining familiyasi koʻrinmadi. Yetakchilar ham hech nima bilishmasdi.
Mana kechki lineykada tantanali taqdirlash boshlandi.
Oromgoh boshligʻi bir-bir fan gʻoliblarini taqdirlab, maqtov qogʻozi va mukofot pullarini topshirdi.
– Endi esa, – dedi u, – biz uchun qaror qabul qilish juda murakkab boʻlgan musobaqaga yetib keldik. Bu musobaqada Akbar raqibiga yordam bergani uchun gʻolib boʻla olmadi. Raqibining yiqilganiga eʼtibor bermagan Baxtiyor esa birinchi boʻlib keldi. Bugun biz hayʼat aʼzolari bilan maslahatlashib qoidani bir oz oʻzgartirdik. Va 1-oʻrinni Akbarning jamoasiga berishga qaror qildik.
– Nega ekan?! – dedi kimdir Baxtiyorning jamoasida.
– Chunki Akbar oʻzining gʻalabasi va shuhratini emas, avvalo qiyin ahvolga tushgan yonidagi oʻrtogʻini oʻyladi.
Atrofdagilar qarsak chalib yuborishdi.
Kavsar Turdiyeva