Yongʻin
Kuz kunlarining biri. Erta tong. Nonushta qilib boʻlgandan soʻng, dadam ishga, ukam oʻqishga ketdi. Onam uyda qoldilar. Dadam ketar chogʻlarida bogʻga borib, sigirlarni oʻtloqqa bogʻlab kelishimni aytdilar. Bogʻimiz uyimizdan uzoqroqda boʻlgani sababli, velosipedda borardim. Darvozadan chiqayotganimda, kichik xaltachadagi ozgina chiqindiga koʻzim tushdi. Bogʻimizga boradigan yoʻldagi chiqindixonaga tashlab ketaman, degan oʻyda uni velosiped yukxonasiga soldim. Biroq velosiped haydashga berilib ketib, chiqindini tashlash yodimdan chiqibdi. Bogʻga baland tepalikdan tushardik. Ana shu tepalikning yonginasida ham chiqindi chuquri bor. Qoʻlimdagi chiqindini chuqurga tashlab, ustidan gugurt chaqib, bogʻga tushib ketdim. Sigirlarni oʻtlatayotganimda chuqurdan olov chiqayotganini koʻrib yugurib bordim. Ne koʻz bilan koʻrayki, butun bir tepalik gurullab yonardi. Hecham bunaqa shiddatli yongʻinni koʻrmaganman. Shu desangiz, olov tepalik boʻylab yugurib-yelyapti. Oxiri koʻrinmaydi.
Qoʻrquv bilan atrofga qaradim. Tavba, bobom, buvim, akamlar – barchasi shu yerda. Keyin bilsam, kimdir bogʻdagi yongʻinni koʻrib, uyga telefon qilibdi. Tepalik yonida anchagina quruq oʻtin bor edi. Uydagilar, oʻtinlar ham yonib ketmasin, deb yugurib yetib kelishibdi. Men avvaliga ularning yoniga borishga qoʻrqdim. Shu payt bobom men tomonga qarab “kel” deganday qoʻl silkitdi. Noiloj yonlariga borib, bor gapni aytdim. Hammadan gap eshitsam kerak, deb oʻylagandim, lekin, aksincha, hech kim bir ogʻiz ham gapirmadi. Shu kichik noxushlik hayotimda oʻchmas iz qoldirdi.
Ana shu voqea menga gugurt oʻynash qanchalik xavfli ekanligini, olov – tilsiz yov ekanligini tushunishimga yordam berdi.
Bibiorifa ABDULLAYEVA,
Navoiy shahridagi 12-IDUM oʻquvchisi