Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Urush yillarida

(voqeiy hikoya)

Murtazo bobom aytib bergan bu voqea bir burda non topib, qorinni toʻydirish qiyin boʻlgan Ikkinchi jahon urushi davom etayotgan davrda boʻlgan ekan. U paytda bobom oʻn ikki-oʻn uch yoshlardagi bolakay ekan. Bobomning otasi mahallasining obroʻli ziyolilaridan boʻlib, xalq orasida Olovuddin eshon nomi bilan mashhur ekan.

Yakshanba kunlaridan birida Olovuddin eshon oʻgʻli (bobom) bilan bozorga yoʻl olibdi. Bozorga yaqin muyulishda Murtazoni qoldirib, oʻzi ichkariga kirib ketibdi. Murtazo otasini kutib bir chekkada turaveribdi. Shu choq semiz qoʻchqor yetaklagan, yuzidan nur balqib turgan, sarishta kiyingan otaxon yonginasida toʻxtabdi. Bolakay darrov oʻrnidan turib, boboga salom beribdi.

– Bolam, bozorga kirib chiqqunimcha shu qoʻchqorga qarab turasanmi? – soʻrabdi otaxon uning salomiga tabassum bilan alik olgach.

Murtazo darrov borib qoʻchqorning arqonidan tutibdi-da, qoʻlini koʻksiga qoʻyib, roziligini bildiribdi. Omonatini ishonchli qoʻlda qoldirgan chol bir zumda odamlar orasiga singib ketibdi. Murtazo qoʻchqorga sinchkovlik bilan razm solibdi. Tim qora rangiga peshonasidagi oq qashqasi juda yarashgan baquvvat qoʻchqorning boʻlishi oʻsha payt uchun moʻjiza ekan. Zero, odamlar bazoʻr kunini koʻrayotgan mahalda qoʻchqorni toʻydirish ham oson emas ekan-da. Murtazo qoʻchqorning uyoq-buyogʻini silab turganida otasi kelib qolibdi. Olovuddin eshon oʻgʻlidan voqeani eshitgach u bilan birga qoʻchqor egasini kutibdi. Vaqt peshindan ogʻsa hamki qoʻchqor egasi kelmabdi. Ular hayron boʻlishibdi. Ammo qosh qorayguncha ham joylaridan jilmay u kishini kutishibdi. Biroq u kuni ham, ertasi, bir haftadan keyin ham qoʻchqor egasi kelmabdi. Eshonning koʻngli bezovta boʻlib, mahalla chollarini chaqirib, voqeadan xabardor qilibdi.

– Eshon bobo, sizni qanday inson ekanligingizni hamqishloqlarimiz yaxshi biladi. Shu kungacha sizdan zinhor yomonlik koʻrmaganmiz. Hech qachon birovning haqini yemagansiz. Hamisha odamlarga qoʻlingizdan kelgancha yaxshilik qilasiz. Umringizni halol amallar bilan bezagansiz. Siz koʻpam diqqat boʻlavermang. Ajab emaski, Yaratgan ana shu fazilatingizni siylagan boʻlsa. Jonliq sizga va oilangizga halol, – deyishibdi qariyalar bir ovozdan.

Biroq bobomning dadasi bu gaplarga qanoat qilmay, qoʻchqor egasini bozor darvozasi oldida yana bir oy kutibdi. Nihoyat, bu harakatlari besamar ekanligini tushunib, uni qurbonlikka atabdi. Goʻshtini mahalladagi nochor xonadonlarga tarqatibdi. Bu jonliqning barakotidan anchadan buyon goʻsht koʻrmagan qozonlarda bir necha kun lazzatli taomlar pishib, egalarining dasturxonini toʻkin qilib, tanlariga quvvat beribdi.

Bobom har gal Qurbon hayitida dadam qurbonlik uchun keltirgan peshonasi qashqa qoʻchqorni koʻrib xursand boʻlib ketadilar-da, bolaligidagi oʻsha voqeani eslaydilar. “Yurtimizda oʻsha otaxon kabi saxovatli insonlar koʻpaysin”, – deb duo qiladilar.

Maʼrifat TOLIPOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.