Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Popoka

Anisia Miranda,

Kuba yozuvchisi

 

Sinfimiz guruh boshligʻi bizga yangi oʻrtoq kelishini aytdi. Bizga uning qanday bola va qayerdan kelganligini bilish qiziq edi.

Biz uni oqshomda koʻrdik. U bir yosh ayol bilan xayrlashdi va dadil qadam tashlab boqqa kirdi. Uning yelkasida yukxalta, qoʻltigʻida bir boylam kitob bor edi. Bu keng yelkali, unchalik boʻychan boʻlmagan bola boʻlib, tipratikanga oʻxshagan qora, qattiq sochlari toʻzgʻib yotar, terisi zaytun rangida edi. U “xayrli kech bolalar”, deb murojaat qilganida, biz uning kubalik emasligini bildik. Salomga javob berishdan oldin, biz undan:

– Sen qayerliksan? – deb soʻradik.

– Meksikalikman.

Lorentso Popokaning kelishi bizning dam olish soatimizdagi suhbatning asosiy mavzusiga aylandi. Biz unga har xil savollar berib bir daqiqa ham boʻsh qoʻymadik.

Biz Popokaning vatani Yukaten ekanligini, u yerda ota-onasi va aka-ukalari, singillari bilan kichkina qishloqda yashaganligini, uni Kubaga xolasi olib kelganini ham bilib oldik. Oʻrta maktabni tugatgandan keyin u tibbiyotni oʻrganmoqchi ekan, chunki ularning qishlogʻida shifokor yoʻq ekan. Popoka bizga juda yoqib qoldi. U faol oʻquvchilardan biri edi. Lekin biz uning kulganini juda kam koʻrardik. U baʼzan kvadratsimon, kamyob mayda tishlarini koʻrsatib jilmayardi. Uning ana shu yurakdan jilmayishida esa bir olam quvonch va quvnoqlik mujassam edi.

Maktabda dramtoʻgarak tashkil qilindi, Popoka darrov unga yozildi va asosiy rollarni oʻynaydigan boʻlib qoldi.

Popoka hamma rollarni oʻrganib olardi. Agar qatnashuvchilardan biror kishi kasal boʻlib qolsa, bemalol ularning oʻrnini bosa olardi. Popoka oʻqituvchining oldidan bir qadam ham nari jilmas, uning qiliqlarini, harakatlarini oʻzlashtirib olar, oʻqituvchining barcha topshiriqlarini bajarishga doitm tayyor turardi. U sahnani tozalar va tayyorlar, repetitsiyaga qatnashuvchilarni chaqirar, pyesadagi rollarni har xil ovoz bilan bajara olardi.

Nihoyat haqiqiy teatr tashkil qilish vaqti keldi, bizning bolalardan biri yozgan pyesa sahnalashtirish uchun tanlab olindi. Biz rollarni taqsimlab oldik. Popoka esa rejissor qilib tayinlandi.

Popokaning rejissorlikni bajonidil qabul qilgani hech ham ajablantirmadi. Repetitsiya paytida u oʻzini jiddiy tutar, gohida kimnidir toʻxtatardi.

– Bir daqiqaga! Shu parchani yana qaytargin, hech narsani tushunmayapsan. Sen aniq va ravon gapir!

Yoki:

– Bir daqiqaga! Tomoshabinga orqangni oʻgirma!... Sen bu yerda bunday qilishing kerak...

U kerakli harakatlarni koʻrsatar va butun pyesani repetitsiya qilardi, shunisi ajablanarli ediki, hatto bu ayollarning roli boʻlsa ham, jiddiy turib qanday ijro etish kerakligini mahorat bilan koʻrsatib berardi.

Repetitsiya tugab, har birimizning rolimizni muhokama qilganimizda, Popoka bir-birimizga bildirgan tanqidiy mulohazalarimizni diqqat bilan eshitardi.

Nihoyat spektakl premyerasi boʻldi. Birinchi tomoshabin bizning maktabdosh oʻrtoqlarimiz boʻlishdi. Muvaffaqiyatlarimiz katta edi. Bizga uzoq qarsak chalishdi. Biz Popokani qoʻlidan yetaklab chiqdik va bir ogʻiz gapirishini soʻradik.

– Shuni xohlardimki, pyesani sahnalashtirishda yoʻl qoʻygan kamchiliklarni aytishsa.

Hamma qarsak chalib yubordi, lekin u ishora bilan yana gapirmoqchi ekanligini bildirdi.

– Men goho parishonxotir boʻlib qolaman, agar buning oqibatida aktyorlar biron bir xatoga yoʻl qoʻyishgan boʻlsa, bu faqat mening aybim.

Oʻqituvchi uni bagʻriga bosdi, qarsak va qiyqiriqlar Popokaning oxirgi soʻzlarini bosib ketdi.

Bitirish imtihonlari paytida biz kichkina meksikalikdan tashvishlana boshladik. U avval eng isteʼdodli oʻquvchilardan boʻlib, yaxshi oʻqirdi, endi esa yomon baho ola boshladi.

Eng dahshatlisi shuki – u hech tashvishlanmasdi.

Biz unga yordam berishga qaror qildik.

– Popoka, ahvolni bunday davom ettirib boʻlmaydi. Axir sen bitirish imtihonidan yiqilasan-ku...

– Bolalar, xavotir olmanglar, yiqilmayman. Men fanlarni yaxshi bilaman. Axir men yil boʻyi qancha shugʻullanganman.

– Senga nima boʻlyapti, oʻzi?

– Men oʻylayapman xolos.

U oʻgrilib, qoʻlida ochiq kitob bilan zalning burchagiga borib oʻtirdi. Nigohi kitobda boʻlsa ham xayoli olisda ekanligi sezilib turardi.

Imtihon tugadi. Popoka oʻzi aytganday biror imtihondan yiqilmadi, lekin baholari past edi. Bu baholar uchun bir kuni biz kichik meksikalik bilan arazlashib qoldik. Baxtimizga u ham hech qachon buni yuzimizga solmadi, avvalgiday bizlarni “tugʻishganlarim” deb atardi.

Oʻqituvchimiz boʻlib oʻtgan voqeadan xabar topdi. Haftaning birinchi yakshanbasida u Malenkona boʻylab sayr qilish uchun Popokaning oldiga bordi. Dengiz yoqasida bizning yotoqxonamiz bor edi. Ular oʻsha tomonga ketishdi. Kichik meksikalik dengiz qirgʻogʻidagi panjara ustiga chiqib oldi. Uning nigohi uzoqda koʻrinayotgan yelkanda edi.

– Qanday ajoyib dengiz, toʻgʻrimi opa? – dedi u.

– Ha haqiqatdan chiroyli.

Yana jim qolishdi. Popoka oʻz hayollariga berildi, oʻqituvchi esa gapni nimadan boshlashni bilmasdi. Nihoyat bola gapirmasligini bilib uning oʻzi gap ochdi.

– Keyingi paytda senga nima boʻldi?

– Shunchaki baʼzi bir oʻzimga taalluqli narsalar.

– Yoʻq, toʻgʻrisini ayt, seni nima bezovta qilyapti?

– Men bir qarorga kelishim kerak.

– Men senga yordam bera olamanmi?

– Yoʻq, buni men oʻzim hal qilishim kerak, gap mening kim boʻlishim haqida ketmoqda. Men tushundim, mening xohishim teatr, meditsina emas.

– Xuddi shunday qil, oʻzingni teatrga bagʻishla.

– Axir men oʻzimni teatrga bagʻishlasam, qishlogʻimda kim shifokor boʻladi? Bizning qishloq shahardan juda uzoqda joylashgan, men tugʻilmasdan oldin ham shifokor yoʻq edi. Siz hurmatli senyorina, akalarimni biri oʻlib qolganda oyimning qanchalar oʻksinib yigʻlaganini koʻrganingizda edi.

Biz tushunib yetdik: u ikki yoʻl orasida turardi.

 

Ruschadan O. Ahmadjonov tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.