Zovboshi
Biz yozgi taʼtilni Ergashning dadasi choʻponlik qiladigan Zovboshida oʻtkazdik. (Zov – tik qoya, baland jarlik yoki chuqur dara degani). Men togʻda koʻp daralarni kezganman, lekin Zovboshidek oʻziga xos ajib manzarali joyni hech qayerda koʻrganim yoʻq.
Ovulda hayot erta tongdan boshlanadi. Kimdir echki, qoʻy, sigirlarni sogʻib, ularni podaga qoʻshadi, kimdir buloqdan suv keltiradi, boshqa birov oʻtinga joʻnaydi. Oʻchoqlarda olov yonadi, sut pishiriladi, choy qaynaydi – hamma biror yumush bilan band. Harbiy boʻlishni maqsad qilgan Ergash esa ertalabki badantarbiya mashqlarini bajaradi. Biz uyqudan turishimiz bilan baland doʻnglikka qarab ketgan soʻqmoqda yuguramiz. Boʻynoq ham bizga ergashadi. Soʻqmoq chetlarida oʻsgan shirachlar diqqatimni tortadi. Koʻpgina togʻ gullari yogʻingarchilik kamayishi bilan qurib qoladi. Ammo shirachlar yoz boʻyi yashnab, ochilib turadi. Ertalabki shudringda nam tortgan toʻq gullari, yarqirab goʻyo nur taratayotgandek tuyuladi. Yulduzcha shaklidagi gullari toʻpgulning pastidan yuqoriga qarab sekin-asta ochila boradi. Bu holat oylab davom etadi. Shirach chinakam togʻ guli degan nomga loyiq.
Yugurishdan soʻng gimnastik mashqlar bajaramiz. Balandlikdan oqib tushayotgan sharsharada yuz-qoʻl yuvamiz. Sharshara toshlarga urilib, mayda tomchilarga aylanadi. Atrofda suv chetlarida gʻuj-gʻuj oʻsib yotgan pudinalarning (yovvoyi yalpiz) yoqimli hidi taraladi.
– Bolalarim, yaxshilab nonushta qilinglar, bugun ishlaring koʻp, oʻtin kam qolibdi, Elbek oʻtinga borar ekan, birga borib oʻtin keltirasizlar, – dedi Ergashning onasi Zubayda xola. Ergashning otasi Gʻaffor amaki tàʼkidlaydi:
– Zovboshining ulugʻvorligi, goʻzalligi archa daraxtining barqarorligi tufaylidir. Yana hoʻl archani kesmanglar. Elbek qayerda quruq oʻtin, shox-shabba borligini biladi, oʻzi olib boradi. Flyagalarni (ustiga brezent qoplangan, ogʻzi yopiladigan kichik metal idish) suvga toʻldirib olinglar, soy, jilgʻa suvlariga mol oralaydi, ichmanglar.
Shunday qilib, Elbek boshchiligida Ergash, men – uchalamiz, uch eshakda oʻtinga joʻnadik.
Yoʻlda yer bagʻirlab oʻsgan, ignabargli oʻsimlikka hayron boʻlib qaradim.
– Bu oʻsimlik archa maysalari deb ataladi, uning boʻyi yarim metr atrofida boʻladi, qalin oʻsganidan shamolga chidamli boʻladi, togʻdan tushadigan toshlardan zararlanmaydi, aksincha ularni tutib qoladi. Togʻ ham, tuproq ham baland boʻyli archalar bilangina emas, shu archa maysalari tufayli mahkam, – deb tushuntirdi Elbek yoʻl-yoʻlakay.
Nihoyat, ikki tomoni baland qoyalardan iborat, yuqori uchi qorli togʻ choʻqqilariga ulanib ketgan daraga yetib keldik. Dara oʻrtasidan soy oqardi. Chinordek ulkan archalardan tashqari har xil daraxt va butalar qalin oʻsganidan chakalakzor boʻlib ketgan edi. Daraxt va butalarni ayrimlari qurib qolgan, ularni bemalol sindirib, kesib olsa boʻlar – oʻtin behisob edi. Darada oʻtlab yurgan biron qoʻy, echki koʻrinmadi.
– Bu manzilni Chaqmoqdara deb atashadi. Shunday deyilishiga sabab chaqmoq koʻp boʻladi, hatto yoz faslida ham toʻsatdan qop-qora bulutlar yigʻilib, momaqaldiroq gumburlab, soyga kuchli sel keladi. Necha martalab sel mollarni oqizib ketgan. Shuning uchun choʻponlar darada mol boqishmaydi. Qoʻrqmanglar, dara ustida bulut yoʻq, bugun chaqmoq boʻlmaydi, – dedi Elbek hayron boʻlganimizni sezib.
Tez orada quruq shox-shabbalarni taxlab boʻldik-da, pastqam jarlikdagi archazorni tomosha qildik. Oldinda borayotgan Ergash birdan toʻxtab bizni chaqirdi:
– Bu yoqqa kelinglar, qarang, kimdir koʻm-koʻk archalarni kesib, xaridbop qilib tayyorlab qoʻyibdi: – Kesilgan archalarni sanadik – oʻndan ortiq. Esiz, shunday goʻzal archalarni kesgan beshafqat odam kim ekan?
– Bu yogʻochlarni nazoratga olamiz. Ular eshakda olib ketishga moslangan. Yaqin orada olib ketishga kelishadi. Oʻrmon nazoratchisiga tutib beramiz, – dedi Elbek.
– Yogʻochlarni kunduzi olib ketishga qoʻrqishadi. Kechasi kelishadi, – dedim men. Ergash fikrimni davom ettirdi:
– Kecha-yu kunduz kuzatamiz, eshak yuradigan faqat bitta soʻqmoq bor.
– Koʻrganlarimizni ovuldagilarga aytmanglar. Gap tarqalib ketadi. Ovuldagilarning ichida ham ularning odami boʻlishi mumkin, – dedi Elbek.
Shox-shabbalarni eshakka ortib, ovulga qaytdik. Xayolimdan kesilgan archalar ketmasdi. Archalarni xohlagan kishi oʻntalab kesaversa, ertaga tabiatning holi nima boʻladi?
Togʻ-u toshlar, undagi jami parranda-yu darrandalar, sharqiroq soylar, zilol buloqlar – shu archalar tufayli-ku! Maktabda oʻqiganmiz: barcha daraxtlar, hattoki atirgul ham kechasi oʻzidan karbonat angidrid chiqarar, faqat archa tun-u kun kislorod chiqarar ekan. Voyaga yetgan bir tup archa ikki yuz kilogrammdan ortiq kislorod chiqaradi.
– Men bu ishga singlim Barchinni, dugonasi Oyqizni ham jalb qilaman. Qizlar ovulda turib soʻqmoq yoʻlni kuzatishadi. Qizlardan hech kim shubha qilmaydi, biz esa daraga kunora navbatma-navbat oʻtin bahonasida borib, kesilgan archalarni turgan turmaganini tekshirib turamiz, – dedi Elbek.
Oradan bir hafta oʻtdi. Endi buloqdan keltirilgan ikki bidon suvni oʻtovga kiritayotgan edik, Barchin yugurib keldi va Ergashga pichirladi.
– Barchin ikki begona odamni soʻqmoqdan Chaqmoqdara tomon ketayotganini koʻribdi, eshaklari beshta ekan. U ketgach Ergash meni yoniga chaqirdi:
– Elbek qani, unga ham xabar yetkazibdimi? – soʻradim shoshib.
– Elbek Joʻra choʻpon bilan mol boqishga ketibdi, kechqurun kelar ekan.
Ergash onasiga, biz Elbekning yoniga ketyapmiz, kechroq qaytamiz, dedi. Zarang tayoqlarimizni oldik, flyagalarni suvga toʻldirib, safar xaltasiga yeguliklarni solib, har ehtimolga qarshi Boʻynoqni ham ergashtirib archalar orasidagi pastqam yoʻldan joʻnadik. Chaqmoqdaraga borib qarasak, yogʻochlar joyida turibdi. Demak, ular biron pana joyda qorongʻi tushishini kutishmoqda. Ergash bilan hamma tomon koʻrinib turadigan bir tepalikni tanlab poylay boshladik. Koʻp oʻtmay Elbek ham yetib keldi.
– Yaxshilab oyoqqa dam beringlar, bu kecha ancha piyoda yurishlaringga toʻgʻri keladi, – dedi Elbek, – ular xarilarni eshaklarga yuklab joʻnashi bilan men borib Padang qishlogʻida yashayotgan oʻrmon nazoratchisiga xabar beraman. Ikkoving ularga bildirmay ortidan kuzatib borasan. Men uydagilarga aytdim, xavotir olishmaydi.
Voqea oʻylaganimizday boʻldi. Yarim tunda ular xarilarni eshaklarga yuklab joʻnashdi. Ergash ikkalamiz ularning ortidan kuzatib bordik. Padang qishlogʻida archa oʻgʻrilarini Elbek, oʻrmon nazoratchisi va ichki ishlar xodimlari kutib oldi. Brakonyerlar sud oldida javob berishdi, oʻsimliklar dunyosiga yetkazilgan zarar undirib olindi. Eng muhimi, hech kim xariga archa kesmaydigan boʻldi. Bizga esa oʻrmon xoʻjaligi rahbari tranzistor (qoʻl radiosi) sovgʻa qildi. Radioni Barchin bilan Oyqizga berdik. Bizga eng katta mukofot Ostonaqul boboning quyidagi soʻzlari boʻldi:
– Tabiat muhofazasi buyuk qadriyatlarimizdan biri, bolalarim. Tabiatga yovuz koʻz bilan emas, mehr nigohi bilan qarasak, u ham bizga mehrini beradi. Bu dunyoni goʻzallikka, gulga burkab yashaylik, ezgu ishlar shiorimiz boʻlsin! Siz bu harakatingiz bilan ona tabiatga boʻlgan mehringizni namoyish qildingiz. Tabiatni sevgan, ardoqlagan odam aslo kam boʻlmaydi!
Ochil Toshqulov