Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Topqir qiz

Shunday dugonam borligidan faxrlanib yuraman. Dildorani aytaman-da, oʻta ziyrak, aqlli, hushyor qiz. Gapimning isboti uchun ingliz tili darsida boʻlgan bir voqeani soʻzlab beraman.

Mavzu – “Ingliz tilida boʻlishsiz gap”, edi. Ustozimiz joriy nazoratdan soʻng oʻquvchilarning diqqatini jamlash maqsadida qiziqarli oʻyin oʻtkazdi. Goʻyo bizlarni “uygʻotdi”.

Oʻsha oʻyinda ayniqsa, Tursunoy faol qatnashdi. Yangi mavzuni yaxshi oʻzlashtirgan ekan. Orada ustozga bir necha savollar ham berdi. Koʻp yillar ota-onasining farzandlari turmay oxiri shuni “ushlab” qolishgani uchun qizlariga shunday ism berishgan. Koʻzlari quralay, kulcha yuzli, egnidagi formasi jikkakkina gavdasiga xiyla kenglik qilib turadi. Oʻzi quvnoq, biroq taʼsirchan qiz.

Ustozimiz mavzuni tushuntirib boʻlgach uni oʻquvchilar qanday oʻzlashtirganliklarini tekshirmoqchi boʻldi.

– Endi daftaringizga bitta boʻlishli va bitta boʻlishsiz gap yozinglar. Keyin soʻrayman, oʻqib berasizlar, – dedi u.

Shavkat qoʻlini koʻtardi.

– Xoʻsh! – dedi ustozimiz.

– Nima haqda yozish kerak?

– Oʻzingiz bilasiz. Masalan...oilalaringiz toʻgʻrisida yozish mumkin. Olaylik... “Mening akam bor”. Bu boʻlishli gap boʻladi. Agar: “Karimning singlisi yoʻq”, deyilsa, bu boʻlishsiz gap boʻladi. Faqat inglizcha yozinglar, tushunarlimi?

– Tushundik.

Hammamiz ruchkani olib yozishga tutindik. Har galgidek Bilmasvoylar Bilarvoylarning daftariga oʻgʻrincha koʻz yugurtirishni boshladi. Oradan xiyla vaqt oʻtdi.

– Boʻldingizmi? – soʻradi ustoz.

– Ha! – oʻquvchilar birma-bir qoʻllarini koʻtardilar.

– Qani, Zokir oʻqi-chi.

Zokir turib oʻqidi: “Tursunoyʼs got no brother”, yaʼni “Tursunoyning akasi yoʻq”. Ustozimiz beixtiyor Tursunoyga koʻz qirini tashlab oldi. Keyin:

– Mayli, – dedi. – xoʻsh, Gulnora, oʻqi-chi.

– “Iʼve got two sisters, Tursunoyʼs got no sisters”, yaʼni, “Mening ikkita singlim bor. Tursunoyning singillari yoʻq”.

Ustozimiz sarosimada qoldi. Yana birrov Tursunoyga koʻz qirini tashladi. Sinfdoshimiz esa zoʻraki jilmayib turar, ammo yuzlari qizara boshlagandi.

Ustozimiz vaziyatni oʻzgartirmoqchi boʻldi shekilli, oʻtilgan mavzuning ayrim jihatlarini yana qayta tushuntirib yozuvtaxtaga yozdi. Soʻng bizlar tomonga yuzlandi-da:

– Gulruh, sen yozganingni oʻqi-chi, – dedi eng oxirgi partadagi qizga. Gulruh oʻqidi: “Iʼve got two brothers and a sister. Tursunoyʼs got no brothers and sisters”, yaʼni, “Mening ikkita akam va bir singlim bor. Tursunoyning akalari ham singillari ham yoʻq”.

Ustoz qotib qoldi. Tursunoyga qaradi. Dugonamizning koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan, biroq jilmayishga harakat qilardi.

Endi ustoz vaziyatni oʻzgartira olmasdi chogʻi. Aslida oʻzi qoʻpol xatoga yoʻl qoʻyganini tushunib yetdi. Oʻquvchilarga koʻrsatma berayotganida shu Tursunoyni nazardan chetda qoldiribdi.

Sinfga ogʻir sukunat choʻkdi. Sinfdoshlar ham gap nimadaligini tushunib yetdilar. Endi hech kim qoʻl koʻtarmay qoʻydi.

Turgan gapki, men ham qoʻl koʻtara olmasdim. Xayolda tuzib, daftarimga yozgan gapim boshqalarnikiga oʻxshagan edi. Ustoz endi nima qilsin? Tursunoyga tasalli bersinmi? Boʻlmaydi. Bolalarni urishsinmi? Boʻlmaydi... U stulga kelib oʻtirdi-da, kitob varaqlab, nelarnidir qidirgan boʻldi. Aslida u chora izlardi xolos.

Rosti, biz hammamiz ham chora qidirardik. Endi qanday qilib Tursunoyning koʻnglini olsa boʻladi? Shu koʻchirmakashligimiz juda yomon illat-da. Mana, oqibatini koʻring.

Nogahonda qaltis jimjitlikni bir quvnoq ovoz buzdi: – Ustoz bir narsa soʻrasam maylimi?

Ustoz boshini koʻtardi. Mening eng yaqin dugonam Dildora jilmaygancha qoʻl koʻtarib turardi.

Ustoz:

– Soʻra-chi, – dedi.

– Yozuvtaxtada bir narsa yozsam maylimi?

Ustoz hayron boʻldi:

– Mayli, yoz.

Dildora shoshib yozuvtaxta yoniga keldi. Boʻrni olib katta-katta harflar bilan: “Tursunoyʼs got a lot of friends”, deb yozdi va boʻrni qoʻyib, mamnun holda bizlarga yuzlandi. Ustozning yuziga tabassum yoyildi. Uning tabassumi sinfda hammamizga yuqdi. Ustozimiz Sayyora opa Dildoraning farosatiga qoyil qoldi, dugonamni quchoqlab oʻpib olgisi keldi, sezdim, bu aniq.

– Qani, bu oʻzbekchada nima degani? – deb soʻradi Dildoradan.

– Bu “Tursunoyning koʻplab doʻstlari bor”, degani.

Hamma Tursunoyga yuzlandi. Tursunoy jilmaydi. Endi uning tabassumi haqiqiy edi.

Ustozimiz:

– Bu gapni hamma daftariga yozadi, – dedi. – Qani, yozinglar: “Tursunoyʼs got a lot of friends”.

Shu topda men Dildorani chaqmoq chaqayotgan quyuq bulutlar ichidan galasini talofatsiz olib chiqqan turnaboshiga oʻxshatgim keldi.

 

Isʼhoq Ismoilov

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.