Jonli shlyapa
Nikolay Nosov
Shlyapa ilgakda osigʻliq turar, uning tagida mushukcha Vaska mudrardi. Vovka va Vadik stol ustidagi rasmlarni boʻyash bilan band. Shu payt orqada nimadir “shap” etib yerga tushdi. Ular ortga oʻgirilib shlyapani ilgak ostida koʻrishdi.
Vovka ilgak yoniga keldi. Shlyapani koʻtarib, tagida nima bor ekanligini koʻrmoqchi boʻldi. Shu payt shlyapa qimirlay boshladi Vovka esa:
– Voy-voy-voy! – deb baqirib boshqa tarafga qochib ketdi.
– Nima boʻldi? – soʻradi Vadik.
– U ti-ti-tirik.
– Kim?
– Shlya-shlya-shlyapa.
– Nima? Shlyapaning ham joni boʻlar ekanmi?
– Oʻ-oʻ-oʻzing borib koʻr!
Vadik yaqinroq kelib, shlyapani koʻzdan kechirdi. Shlyapa unga qarab oʻrmalay boshladi. Shu payt shlyapa ostidan:
– Ay! – degan ovoz keldi. Shlyapa divan ustiga sakrab oʻtdi. Vovka uning ortidan bordi. Shlyapa xonaning oʻrtasiga kelib toʻxtadi. Vovka va Vadik hamon shlyapadan koʻz uzmas, qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ qaltirardi. Shlyapa ortiga oʻgirilib, divan tomon oʻrmalay ketdi.
– Voy-dod! – qichqirib yubordi bolalar.
– Men ketdim! – dedi Vovka.
– Qayoqqa?
– Uyga ketaman.
– Nega?
– Shlyapadan qoʻrqyapman. Umrimda birinchi marta koʻrishim, yuradigan shlyapani.
– Balki uni kimdir kaltak bilan oʻynatayotgandir.
– Borib koʻr-chi!
– Birga boraylik. Qoʻlimga kosov olvolaman. Agar shlyapa bizga hujum qilsa, uni kosov bilan tushiramiz.
– Toʻxta, men ham kosov olay.
– Mayliku-ya, oʻzi bittagina kosovimiz bor edi-da.
– Unda changʻining tayogʻini olaman.
Vovka va Vadik sekingina eshikni ochib moʻralashdi.
– Qani u? – soʻradi Vadik.
– Ana. Stolning yonida.
– Sal yaqinroq kelsin anavi qutirgan shlyapa, – gʻazablandi Vadik, – mana shu bilan boshiga bir tushiraman!
Ammo shlyapa qimirlamadi.
– A-ha, – xursandligidan terisiga sigʻmay ketishdi bolalar, – qoʻrqyapti yonimizga kelishga!
– Hozir men uni uydan haydab chiqaraman! – dedi Vadik qoʻlidagi kosov bilan polni taqillatib.
– Hoy, sen shlyapa, – chaqirdi Vadik.
Shlyapa qimir etmasdi.
– Kel, shlyapani kartoshka bilan oʻqqa tutamiz, – taklif qildi Vovka.
Vovka bilan Vadik qoʻllariga kartoshka olib, shlyapaga qarab ota boshlashdi. Eng oxirgi kartoshka qolganida Vadik shlyapani oʻrmalayotganini sezdi.
– Miyov, – degan ovoz keldi shlyapa ostidan.
Shlyapani koʻtarishsa, kulrang dumini likillatib, panjalarini keng yozib Vaska oʻtiribdi.
– Vaska ekan-ku! – sevinib ketdi bolalar.
– Balki u polda yotgan paytda shlyapa Vaskaning ustiga tushib ketgandir, – dedi Vovka.
Vadik mushukchani bagʻriga bosdi.
– Vaska momiqcham, shlyapaning ostiga qanday qilib tushib qolding?..
Vaska chiroqning yorugʻidan koʻzlarini qisib, sekingina xurilladi-yu indamadi.
Rus tilidan Iroda Xolbekova tarjimasi,
Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maktab-internat oʻquvchisi