Nodir qaysar
Nodir – oilada kenja oʻgʻil. Shu damgacha kenjatoy – erkatoy hisoblab kelyapti oʻzini. Tunov kuni bozorga tushib, qoʻyarda qoʻymay onanga yangi koʻylak oldirdi. Koʻylak soʻnggi urfda, yangi chiqqan matodan jimjimador qilib tikilgan edi. Maktabga kiyib borganda, unga nafaqat bolalar, hatto qizlar ham suqlanib qarashdi, ularning havasi kelganidan oʻzi ham zavqlandi. Uyiga kelib, shu haqda gapirib bergandi, onasi unga:
– Bolajonim, sen faqat oʻzingni oʻylama, boshqalarni ham hisobga ol: yetimlar bor, qoʻli kaltalar bor, ularning oldida maqtanma, uyat boʻladi! – deb tanbeh berdi. – Tagʻin Nodir qaysar, degan laqab orttirma, bolam, bir umr qiynalib yurasan! – deya qoʻshib ham qoʻydi.
Bu gap unga qattiq taʼsir qildi, chunki onajonisi – Muhtaram opa shu damgacha unga bunday tanbeh bermagan edi. Nima boʻldi, oʻzi ham hayron, tanbeh unga shapaloqdek qattiq botdi. Nodir onasi oldida birinchi marta uyalganini, ori kelganini sezdi, hatto yuragining tez-tez urganini his qildi. Achchiqlanib, koʻchaga chiqib ketganini sezmay qoldi. Mahallani aylanib chiqdi. Bolalar futbol oʻynashayotgan ekan, lekin ularga qoʻshilgisi kelmadi. Sinfdosh doʻsti Karimning uyi oldidan oʻta turib, har galgi odatini qilmadi, uni chaqirmadi. Nimagadir yaxshi ish qilgisi, shu bilan koʻnglini sovutgisi keldi. Ammo oradan uch-toʻrt soat oʻtsa ham, koʻnglini yoritadigan biror voqea sodir boʻlmadi. Keyin daraxt soyasidagi oʻrindiqqa oʻtirib xayol surdi. Onasi shu damgacha uni “oppogʻim, chirogʻim, asaljonim”, – deb erkalab kelayotgan edi. Bugun “Faqat oʻzingni oʻylaydigan boʻlib qolma”, – deya qattiq gapirdi. Nahotki, yomon bolaga aylangan boʻlsam, deb oʻyladi-yu, xoʻrligi keldi. Chunki u hech qachon yomon bola boʻlishni xohlamaydi. Hech qachon! Katta boʻlsa, uni hamma “Nodir qaysar” deb mazax qilishadimi? Eh, qanday yomon!
– Aka, nariroq oʻtiring! – degan ovoz uning xayolini boʻldi.
Sochlari silliq taralgan, quralay koʻz bola oʻrindiq chetiga oʻtirib, kitob varaqlay boshladi. Rangi uniqqan koʻylagining yoqasi, yenglari sitilgan edi. Unga rahmi kelib, gapga soldi.
– Qanaqa kitob oʻqiyapsan?
– “Vafo malikasi”ni.
– Nima haqida ekan?
– Chin insoniylik haqida.
Bu gapni eshitdi-yu, oʻrnidan sapchib turdi va:
– Sen shu yerda oʻtir, ketib qolma! – dedi-da, uyiga yugurdi. Negadir yoʻl bu safar uzoq tuyuldi. Hansirab uyga kirdi, yangi koʻylagini oldi-yu, ortiga qaytdi. “Ketib qolmagan boʻlsin-da ishqilib”, deb oʻylab orqa-oldiga qaramay yugurar ekan burilishda toshga qoqilib yiqildi. Tirsagi shilinib, shunaqa ogʻridiki, dodlab yuboray dedi, ammo tishini-tishiga qoʻydi. “Bola ketib qolgan boʻlsa-ya”, dunyodan quruq qoladigan kishidek, hayajon bilan oʻrnidan turdi... Xayriyat, bola joyida edi.
– Mana bu koʻylak senga mendan sovgʻa! – dedi xaltani bolaga tutqazar ekan koʻzlari quvnab.
Bola unga hayron boʻlib qaradi.
– Tushunmadim! Nega oʻzingiz tanimagan bolaga koʻylak bermoqchisiz? – dedi yelka qisib.
Nodir talmovsiradi, lekin miyasi tez ishladi.
– Shu kitobni oʻqiganing uchun-da! – dedi qizarib.
– Unday boʻlsa, mayli, – dedi bola ham soddalik bilan. – Rahmat, akajon, qarzdor qildingiz, – bola koʻylakni quvonch bilan bagʻriga bosdi.
Nodirning koʻngli yorishib, atrof koʻziga yorqinroq koʻrindi. Katta shodlikka sabab boʻluvchi ishni qoyil qilgan kishidek oʻzidan mamnun boʻldi.
Muhammadali UMIDJON oʻgʻli,
Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 322-maktab oʻquvchisi