Qing‘ir ishning qiyig‘i
Nortoy qo‘shnisi Nabijon bilan sinfdosh. U matematikadan uyga berilgan vazifani yecha olmadi-da, darrov Nabijonni esladi.
“O‘rtog‘im tayyorlab qo‘ygan bo‘lsa kerak, undan so‘ray-da, ko‘chirib qo‘ya qolay”.
Shu xayol bilan Nabijonlarnikiga o‘tdi. U yo‘q, dalaga, dadasining oldiga ketibdi.
– Men matematikadan berilgan vazifani ko‘rib olmoqchiydim, boya darsda yozishga ulgurmagandim, – deb tushuntirdi Nabijonning singlisi Nargizaga.
– Akam bir nimalarni ishlovdi, shundoq darsxonada yozuv stolida turibdi. Qaray qoling.
– Yaxshi bo‘ldi-da, – o‘yladi Nortoy, – ishlagan bo‘lsa, tayyor bo‘lsa – ko‘chirib olaman.
U Nargiza bilan Nabijonning darsxonasiga kirdi. Stol ustidagi daftarlar ochiq qolibdi. Aftidan Nabijon vazifani bajargan-u, shosha-pisha dalaga ketganga o‘xshaydi.
– Mana, daftari stol ustida ekan, men darrov yozib olaman.
– Mayli yozavering, – Nargiza xonadan chiqib ketdi.
“Ish mana bundoq bo‘libdi-da, Nortoy qara, Nabijon o‘rtog‘ing tappa-tayyor qilib qo‘yibdi, o‘tir-da, ko‘chiraver”, dedi o‘ziga o‘zi...
U topshiriqni bo‘lib uydan chiqib ketarkan, Nargizaga tayinladi.
– Singiljon, iltimos, akangga aytmay qo‘ya qol. Bilsa, “Hoy dangasa, vaqtida imillamay yozsang bo‘lardi-ku, bunaqa uyimga kirib ko‘chirib yurmasding”, deb dashnom beraveradi. Yana hammani oldida sharmanda qilishni ham qotiradi.
– Mayli.
Nortoy qanday tez kelgan bo‘lsa, shunday tez chiqib ketdi.
Nabijon daladan kelganda Nargiza o‘zining rasmlar daftariga allanimalarni chizib o‘tirardi.
– Aka, boya biznikiga Nortoy o‘rtog‘ingiz kelgandi. Matem daftaringizdan uy vazifasini ko‘chirib ketdi, o‘zi yecha olmagan ekan, – deb bidilladi.
– Matem daftarimdan, men uyga vazifani to‘g‘ri ishlay olmagandim, xato qilib qo‘ygandim. Shuning uchun daladan kelib yana ishlayman, deb ochiq qoldirgandim. Demak, Nortoy...
Hamma gap ertasiga – dars paytida bo‘ldi. Uy vazifasini tekshirib yurgan ustoz G‘ulom aka Nortoyning ishini ko‘rdi, biroz jim turdi-da, dedi:
– Ishni boshlashga boshlabsan-u, oxirigacha yetkaza olmabsan-da. Shundan javobi ham chiqmabdi. Bahoing...
– Men, men, o‘zimmas, Nabijonning daftaridan ko‘chirib olgandim, – deb ustozining gapini bo‘ldi gunohkorlarcha. Nortoy o‘rtoqlari oldida ko‘p izza bo‘lganidan boshini egib turaverdi.
– Ko‘rdingmi, o‘zing yechishga urinmaganing uchun o‘rtog‘ingni ishi chala qolganligini ham bilmabsan, – dedi ustoz, koyib.
– Kechiringlar, endi doim uy vazifasini o‘zim ishlayman. Bilmasam Nabijondan so‘rayman, – dedi Nortoy.
– Aybini tan olgan o‘quvchini kechirsa bo‘ladi.
Nortoy hammaga “ishonchlaringiz uchun rahmat”, deganday bir-bir qarab chiqdi.
Hamidulla MURODOV