Quvvat
Otam daraxt ko‘pligidan deyarli bog‘ga aylanib bo‘lgan tomorqamizda o‘t o‘rayotgandi. Men otamning harakatini zavq bilan kuzatardim. Shu lahzalarda onam ish buyurib takror-takror chaqirsalar ham bog‘dan jilgim kelmasdi. Buni payqagan otam menga kulimsiragancha onam tomonga ovoz berdi: – Qo‘yaver, bolang menga qarashyapti. Aslida, esa otam har safar dam olishga o‘tirganida o‘roqqa qo‘l cho‘zsam: “Tegma unga, qo‘lingni kesib olasan”, deb jerkib berardi. Bu gal ham oldin koyidi, keyin xafa bo‘ldi, deb o‘ylab: “Sening vazifang – gapirib turish, men shundan quvvat olaman”, dedi.
O‘sha kuni sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng onam chaqirganda bormaganim uchun pushaymon yedim.
O‘tloq oralab yurgan tipratikan bolasiga ko‘zim tushib qoldi. Uni ushlashga urindim. U mendan qochmoqchi bo‘lar, yaqinlashsam, tikanlariga burkanib olardi. Nihoyat, uni tikanidan ehtiyotkorlik bilan ushlab otamning oldiga qo‘ydim.
– Yerto‘laga tashlaylik, – dedim yaltoqlanib, – aytishlaricha, tipratikan ilonlarni tutib yerkan.
– Qo‘y, yuraversin, – otam tipratikanga ham, mening gapimga ham parvo qilmadi. – Bog‘imizda yuribdimi, demak, uning uyi shu yaqin atrofda.
– Uyiga bormasa, ota-onasi xavotir olishadi-a, dada? U bilan bir oz o‘ynasam bo‘ladimi? Kirpichaga yerto‘lamizga kirib-chiqishni o‘rgataman.
– Ixtiyoring, – kuldi otam.
Tipratikanni supaga olib keldim. Ammo o‘ynash qayoqda deysiz?! Uni yerga qo‘yib, uzoqroq ketsam, ochilib bir tomonga yuguradi, yetib olsam darrov tikaniga burkanib oladi. Oxiri uni yerto‘la poydevori tuynugiga qo‘yib, uzoqdan kuzatib turdim. U boshini tikanlari orasidan chiqarib goh qorong‘u yerto‘laga, goh tashqariga razm solardi, men borsam yana yopinib olmasin, deb unga yaqinlashmadim. Otamning yoniga qaytdim. Oradan qanchadir vaqt o‘tgach, esimga tushdi. Borib qarasam, u tuynukda yo‘q. Yerto‘laning chirog‘ini yoqib qaradim, tashqaridan izladim, topolmadim. Yana yerto‘laga kirib yassi bir taxta topdim-da, tuynukning ichki va tashqi tomoniga tirab qo‘ydim: yerto‘lada bo‘lsa – tashqariga, tashqarida bo‘lsa – ichkariga kiradi.
Bu haqda otamga aytmadim.
Oradan bir necha kun o‘tgach, juda katta xato qilganimni bildim.
Otam koridorga kirish zinasi yonida kuymalanarkan, jahl bilan meni chaqirdi.
Chopqillab yetib borishim bilan zarda qildi:
– O‘sha kuni tipratikanni yerto‘laga tashlagan ekansan-da, a? Mana, ko‘r nima qilib qo‘yganingni?! – Otam bosh barmog‘ini bigiz qilib ko‘rsatgan tomonga qaradim.
Oldin yerto‘laga tashqaridan ham eshik qo‘yilgandi. Keyin otamning rejasi o‘zgarib, uning yog‘och eshigini mixlab tashlagan, ustiga dahlizdan kiradigan zina yasattirgandi. Eshik va poydevor orasidagi sichqon bolasi amallab o‘tadigan tirqishdan tipratikanning qonab ketgan boshi chiqib turardi; u jon holatda tashqariga chiqishga uringan, tirqishni kattalashtirishga bor kuchini sarflagan, oxiri holdan toyib sulayib qolgandi.
Otam zarda bilan temir asbobda zina tarafdan tirqishni kattalashtirarkan g‘o‘ldirab qo‘ydi: “O‘lib qolmagan bo‘lsin-da, ishqilib”.
Otamdan qo‘rqqanim, keyin bechora tipratikanga achinganimdan yig‘lamoqdan beri bo‘lib turardim. Xayriyat, otam uni ehtiyotkorlik bilan tortib olgach, menga qiyo ham boqmay, tomorqa tomonga yugurib ketdi. Bir ahvolda unga ergashdim. Borsam, tipratikan dastlab topgan joyimda qimir etmay yotardi. Otam menga bir so‘z demay supaga qaytdi. Zinadagi ochilib qolgan joydan yog‘och, beton bo‘laklarini yig‘ishtirishga tushdi.
– Tuynukdan ikki tarafga taxta qo‘ygandim, – o‘zimni oqlamoqchi bo‘ldim men.
– Onang yerto‘laga nimadir qo‘yish va olishda yo‘lakdagi eshik qolib, shu tuynukdan foydalanishga odatlanganini bilmasmiding? – Hovuridan tushganday bo‘ldi u. – Qani qo‘ygan taxtang, qani? O‘sha kuni bir yoqqa surib tashlagan uni. Ilgari uy poydevori supadan ikki qarichgina baland bo‘lardi, xolos. Tipratikanlar pol ostiga kirib-chiqib yurishardi. Poydevor deyarli bo‘ying bilan barobar-ku! Bechora chiqolmay shuncha kun och yurgan, tangaday oraliqdan chiqishga imkon izlagan. Yaxshiyam, ko‘zim tushib qoldi-ya? Endi... rizqi tugamagan bo‘lsa, ochiq havoda o‘ziga keladi.
Ko‘p o‘tmay undan xabar olgani bordik. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, u qo‘yilgan joyda yo‘q edi. Otam menga quvonch bilan qaradi. Bundan ruhlanib bedapoyalarini paypaslab uni izlashga tushdim. Uni ko‘rsam bo‘ldi edi. Tikoniga burkanib olgan bo‘lsa ham rozi edim.
– O‘ziga kelishi bilan ariq tomonga yugurgan bo‘lsa kerak, – yelkamdan quchdi otam. – Ochlikdan tashnalik yomon.
Uyalib, yerga qarab qoldim.
– Uyiga qarab yugurgandir? – so‘radim shivirlab.
– Balki. “Sening vazifang gapirib turish, men shundan quvvat olaman”, deganim esingdami? Bu borada jonivorlar bizdan unchalik farq qilishmaydi. Uyida undan ham quvvat oladigan ota-onasi, aka-ukalari bordir.
Otamdan ko‘z uzolmay qoldim. U aybdorligimdan ezilayotganimni ko‘rib, yuzimga nomigagina shapatilagach, yelkamdan quchib, ayvonga boshladi.
Ilhom AHROR