Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yetim qo‘zi

(boshi o‘tgan sonlarda)

Ertalab  turishim bilan tog‘am:

– Po‘latjon, yetim qo‘zining daragi topildi! – dedi. – Qo‘shni ovulning podasiga qo‘shilib ketibdi, zang‘ar. Choy-poy ichib olinglar, keyin Salomat bilan borib, olib kelasizlar.

Tuni bilan menga uyqu bermagan, “O‘zini shoqol-u tulkilarga oldirmaydigan” o‘sha qo‘zini bir ko‘rsam edi! – degan orzum ham amalga oshadigan bo‘ldi. Shunday paytda  tomoqdan choy o‘tadimi?

Darhol Salomatni qistovga oldim. U ham darrov rozi bo‘ldi-yu, “Hozir, hozir”, deb non bilan uch-to‘rt piyolaning tagini quritmaguncha o‘rnidan tura qolmadi.

Nihoyat, yo‘lga tushadigan bo‘ldik.

– Arqon ola ketinglar, – dedi tog‘am. – Biroving yetaklab, biroving haydab qaytasizlar.

Men yana hayron bo‘ldim. “O‘zi qo‘zi bo‘lsa, navbat bilan ko‘tarib kelavermaymizmi? – deb so‘ramoqchi edim-u, Salomatning “Shoqolga ham, qashqirga ham oldirmaydi”, – degan so‘zi yana yodimga tushib, til qotib turdim.

 

                   * * *

Ovul odamlariga hayronman-da. Tog‘am qo‘shni qishloq degan  manzilga naq ikki yarim soat yo‘l bosib, zo‘rg‘a yetib keldik. Ertalab, “Choy ichmay yo‘lga tushaylik”, – deb qistaganim sababli, mana, ochlikkayam, suvsizlikkayam rozi bo‘lib, tilimni tishlab kelyapman. Ovul chetidagi bir uyni ko‘rsatganlarida quvonib ketdim. Yugurib borib, qo‘rasiga qaradim. Qo‘rada besh-oltita qo‘ylik-jonlik bilan o‘zimizning eshakday yirik ko‘k qo‘chqorimiz turibdi. Biroq orasida hech qanday qo‘zi-po‘zi ko‘rinmaydi.

– Hov, bu uyning qo‘rasida qo‘zi ko‘rinmaydi-ku, yo bo‘lmasa uy ichiga kiritib qo‘yganmikanlar? – dedim shoshib.

Salomat qo‘raga  yaqinlashishi bilan nahang ko‘k qo‘chqor qo‘ra eshigi tomon yaqinlashdi.

– Mana bizning yetim qo‘zi! – tirjaydi Salomat ko‘k qo‘chqorning boshini qashib. Shu payt uydan chiqib  kelgan ayol hazil  aralash o‘dag‘ayladi:

– Hov, yomon jiyanim-a, o‘g‘irlik qilib yuribsanmi? Ko‘rdinglarmi yaznamizning ziqnaligini! Pulim ketib qolmasin, chiqimdor bo‘lib qolmayin deb, o‘zi kelmasdan  jiyanni yuboribdi-da!

Yomon jiyan, deb meni aytyaptimi desam, yo‘q, Salomatni aytyotgan ekan. Yana hayratim oshdi. Negaki, Salomatning ovulidagi ko‘pchilik meni “Yomon jiyan” deb chaqiradi-da.

Men nima qilishni bilmay  chetda turaverdim. Nihoyat,  Salomat meni ayolga tanishtirdi:

– Bu bola Po‘lat, Nukusdagi ajapamning bolasi.

– Iye-iye-iye, mening shoqol ko‘rgan jiyancham hali shumi? – dedi ayol qah-qah urib kulib. Men uyalganimdan qip-qizarib ketdim. “Obbo, deyman o‘zimga o‘zim,  Salomat tushmagurning  to‘qigan yolg‘oni buyoqlarga ham yetib kelibdi-ya!”

– Ovuldan piyodalab kelayotgan bo‘lsangiz, charchagandirsiz. Qani ichkariga kiring, picha hordiq chiqarib, qatiq-patiq ichib olinglar, – dedi  opa. Qornim  ochib, ochlikdan oyoqda zo‘rg‘a  turganim  uchun  bu taklif  menga  yoqib tushdi.

Bizlar qatiqqa non botirib yeyayotgan paytimizda  tog‘am  kirib keldi.

– Ay boldizim-ay, bolalarni yuborgach akang suyunchi bermabdi degan so‘z chiqarib, qo‘zini olib qoladimi degan xayolda mana o‘zim ham yetib keldim, – dedi u.

– Ana aytdim-ku, jiyan, akangni siqmor deb. Suyunchini ozroq berish uchun to‘ylarda bayroq olib yurgan eshakday qo‘chqorini qo‘zi deb turibdi. Qishda brigadir qaynag‘amiz kelin tushirgan to‘yida jiyanim mana shu qo‘chqorni olib kelib dugishtirgan ekan. Qo‘chqor kelgan paytda bolalar “Salomat bo‘lamizning qo‘chqori-ku bu!” deb, darrov tanidi. Bojang azonda  suyunchi so‘rayman deb, o‘pkasini qo‘liga olib, choyga ham qaramay ketgan edi. Bojangga berganing hisob emas, menga suyunchini mo‘l qilib berasan, yazna, – dedi  ayol yana qaqillab.

– Voy, boldizim-ay, bojaning ko‘nglini topish oson-da. O‘zi azon bilan boshi g‘uvillab  borgan ekan, bosh og‘rig‘ini davolab yubordim. Xursand bo‘lib ketdi. Endi, mana sening poyingni olib keldim, mana. Tog‘am shunday deb kissasidan pul chiqardi.

– Qo‘ying-ey, yazna, men  hazillashdim.

– Olaversang-chi! Bolalarimning bir quvonganiga yetmaydi.

– Unday bo‘lsa, mayli. “Xo‘ja bersa, qo‘yningga sol”, – degan gap bor. Shunday kunda olmasak, boshqa bir kunda sendan bir tiyin chiqmaydi, – deb ayol pulni oldi, dasturxon tagiga qo‘ydi:

– Tezda, qatiq ichib ol, hozir olib kelaman – deb, tashqariga chiqib ketdi. Tog‘am shuni  kutib  turgandek shosha-pisha   pulni  dasturxon  tagidan  olib kissasiga soldi.Tashqariga  chiqqanimizda  tog‘am:

– Boldizim, bergan suyunchimni oz ko‘rib yurma, mana, yana qo‘shaman, – dedi-da, boyagi pulni yana ayolga ushlatdi. Ayol:

– Nima qilasan qayta-qayta suyunchi beraverib, – deb pulni olmadi. Shunda tog‘am uni yo‘q, deyishiga  qaramay pulni ayolning kamzuli kissasiga soldi.  “Ana, – dedim  ichimda, –  xalqimizning mana shunday hazilkashligi hech qolmaydi”.

Qo‘chqorning sirtqi ko‘rinishiga qarab, “Bu jonivorni olib ketolamizmi?” – degan shubha bor edi. Qo‘chqor esa Salomatni ko‘rishi bilan mo‘ntanglab, uning iziga tushdi. Bizlar turib qolsak qo‘chqor ham to‘xtaydi, yugursak – yuguradi.

Yo‘lda kelayotib, Salomatdan “Nima sababli bu nahang qo‘chqorni “yetim qo‘zi” deb nomladinglar?” – deb so‘radim. Salomat buning sabablarini aytib berdi.

 

                 8

    (Salomatning hikoyasi)

– U paytda biz boshlang‘ich sinfda, tushdan keyin o‘qirdik. Qish kunlari o‘qishdan juda kech qaytamiz. Bir kuni maktabdan kelganimda onam:

– Salomat, qizil qo‘ying tug‘ibdi. Bugun qo‘y boqish navbati kimniki edi? Borib qo‘zichog‘ingni olib qayt, – deb qo‘limga bir so‘m pul berdi. Podada yurgan jonlig‘ing yoki moling tug‘ib qolsa, o‘sha kuni poda boqqan odamga suyunchi berishing kerak, qo‘y – jonlik bo‘lsa – suyunchiga bir so‘m, qoramol yoki yilqi bo‘lsa – besh so‘m. Men maktab kiyimlarimni yechmasdan Rohatning uyiga yugurdim. Borsam, besh-olti uloq-qo‘zi bor ekan. Rohat qo‘yning  tur-tusini so‘radi. Men:

– Ikki qulog‘i kesilgan qizil qo‘y, – dedim.

– Unda anovi ko‘k qo‘zi seniki, – dedi. Men cho‘ntagimdan bir so‘m chiqarib, Rohatga berdim-da, qo‘zimni olib uyga qaytdim.

Shundan besh-olti kun qo‘yni podaga yubormay uyda boqdik. Qo‘zisi o‘ynoqlab yuradigan bo‘lgach, onasini podaga qo‘shib yubordik. Qizil qo‘yimiz podaga qo‘shilgan kuni uyga kelmay qoldi. Ovuldagi hamma uylarning  qo‘ralarini ko‘rib chiqdim. Hech kimning qo‘rasida yo‘q. Og‘am esa:

– Bu qo‘yga bir balo bo‘lgan. Yo‘qsa qo‘zili qo‘yning kelmay qolishi mumkin emas, – dedi.

Azonda podani qaytadan ko‘rdik. Yo‘q. Poda boqiladigan yaylovni so‘rab olib, izlab ketdim. Oti qish bo‘lgani bilan, yer-jahonning barcha joyi bilch-bilch loy edi. Ovuldan chiqaverishda ko‘l bor edi, shu ko‘l qirg‘og‘idagi loyga qizil qo‘yning to‘rt oyog‘i ham botib qolibdi. Go‘yo  kimdir ataylab bog‘lab berib ketganday, shoqollar tuni bilan qo‘yimizni yeb mazza qilibdi. Qizil qo‘ydan ayrilib qolganimizni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, ho‘ngrab yig‘lagancha uyga qaytdim. Endi uning qo‘zichog‘ini boqishimiz kerak edi. Boshqa ona qo‘ylarni emarmikan deb tutib ko‘rdik, bo‘lmadi. So‘ng ukamning so‘rg‘ichi bilan sigir sutini berdik. Dastlabki vaqtlarda so‘rg‘ichni og‘ziga zo‘rlab solardik. Keyin-keyin esa so‘rg‘ichli  sut shishani qo‘limizda ko‘rishi bilan, qo‘zichoqning o‘zi dikonglab  yonimizga  keladigan bo‘ldi. O‘shandan boshlab uning nomi – yetim qo‘zi.  Lekin, baribir, o‘z ona sutiday bo‘lmas ekan. Bu qo‘zi boshqa uloq-qo‘zilar ichida eng nimjoni bo‘lib o‘sdi. Oyoqqa  turib o‘t-o‘langa  o‘rgangach birdan jon  kirdi, semirdi, bo‘yi  ham  sezilarli o‘sdi. Sal vaqt ichida shoxlari chiyralib, ovuldagi eng katta qo‘chqorga aylandi. Urishtirganda  ovuldagi barcha qo‘chqorlarni yengadigan

darajaga yetdi. 

 

 

 

 

 

 

O‘tgan qishda ikki to‘yga olib borib urishtirib ko‘rdim, barini yengib chiqdi. Shundayam, burungi o‘rgangan odat bo‘yicha barimiz haligacha uni “yetim qo‘zi” deb ataymiz. O‘zi shunday bo‘larkan, ovulda kichkinaligidan qo‘lda saqlagandan keyin o‘sha oti bilan atalaveradi. Qo‘shnimiz Pardaboy og‘aning qartayib qolgan, o‘layin deb turgan sur eshagi bor, ovul odamlari uni haligacha “Sur kurra” deydi. Anovi Jo‘ldosboy otaning qartayib qolgan to‘riq oti vaqtida talay-talay to‘ylarning ulkan poygasida bosh bayroqni yengib olib yurdi. Shu otning nomini haligacha ovuldagilar “To‘riq g‘unon” deydi. Sababi, Jo‘ldosboy otaning oti toy vaqtida “G‘unonbayroq”da o‘zib kelib, elga tanilgan ekan.

 

 

                   * * *

 

Salomatning hikoyasidagi “kurra” so‘zini tushundim-u, “g‘unon”ni tushunmadim, uyatni ham qo‘yib so‘radim:

– “G‘unon” deganing nima o‘zi? G‘unonbayrog‘i-chi?

– Yetishgan, chopqir otlar poygada o‘zsa, ularga “bosh bayroq” – ya’ni, bosh mukofot beriladi. Ba’zan, hali katta poygalarda chopish uchun yoshlik qiladigan toylar to‘planib qolsa, ular ham poygaga qatnashadi, ularga “G‘unonbayroq” degan mukofot beriladi. G‘unonlarning poygasiga  otlar qo‘shilmaydi, faqat  toylar chopishadi.

– Mening otim yosh deb, katta otni qo‘shib yuborilsa, nima bo‘ladi? Axir yosh otlarning kattalaridan nima farqi bor? Bo‘yi-turfati bir xil-ku, – dedim.

– Poygani boshqarib yurganlar bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ular otning og‘zini ochib, tishini ko‘radilar, otning tishiga qarab hammasini aniqlashadi.

Men yana hayron qoldim. Bu boradagi barcha savollarga Salomatning javobi tayyor ekanligini sezib, gapni boshqa yoqqa burgim keldi.

– Yetim qo‘zini bultur to‘yga solgan ekansan, bu yil ham katta qo‘chqorlar bilan urishtirasanmi yo qo‘chqordugishda ham “G‘unonbayroq” bo‘ladimi? – dedim.

– Endi “yetim qo‘zi”ni qishda to‘ylarga olib boraman-da, bola qo‘chqorlarga solaman, – dedi Salomat.

– Nega? – dedim men tushunmay. – Qo‘chqoring kap-katta-ku, nega katta qo‘chqorlar bilan urishtirib, bosh bayroqni olmaysan?

– Bo‘lmaydi, olib borib, birdan katta qo‘chqorlarga solsam, yengilib qolsa – ko‘ngli cho‘kib qoladi-da. Katta qo‘chqorlarga solish uchun uni hali tayyorlash kerak...

Men: “Ovul bolalari nimaniyam bilardi?” deb, Salomatning yonida o‘zimni anchagina bilag‘on tutgim kelardi. Hatto achchig‘im chiqqan paytlarda uni “yovvoyi” deb kamsitgan vaqtlarim ham bo‘lgan. Uning bu gurunglaridan keyin, o‘zim bilmaydigan ko‘p narsalarni Salomat bilishini; o‘sha bilgan, tajribadan o‘tkazgan narsalari borasida xuddi katta yoshlilar kabi fikr yuritishini anglab, unga ich-ichimdan  qoyil  qoldim.

Salomatning qiziq-qiziq gurunglarini tinglab, uyga qanday yetganimizni bilmay qolibman. Shundan keyin men “Yetim qo‘zini katta qo‘chqorlar bilan dugishtirib (urishtirib) ko‘raylik” deb yalinib, uni  hol-joniga  qo‘ymadim.  Men yetim qo‘zining qanday o‘sib, qanchalar kuchli qo‘chqor bo‘lib yetishganini o‘z ko‘zim  bilan  ko‘rib, ko‘nglimda ishonch hosil qilishni xohlardim.

 

 

 

                    9

To‘y bo‘layotgani haqidagi xabarni eshit­gach mening tinchim yo‘qoldi. “Yetim qo‘zi”ni davraga solaylik, dugishganini ko‘raylik” deb, o‘tsam-ketsam Salomatni turtaman. Ammo Salomat mening yalinib-yolvorishlarimga sira ko‘nay demasdi. Oxiri, meni qizarib-hurpayib yurganimni ko‘rgan tog‘am nima gapligini so‘radi va menga tushuntirgan bo‘ldi:

– Po‘latjon, jonivorning uvoliga qolasan. Buning gavdasi yirik bo‘lgani bilan, hali bosh bayroqqa xomlik qiladi. Buning raqiblari – suyagi qotgan, nomdor qo‘chqorlar. Raqibni ham baholay bilish kerak. Quruq chiranavergan yoki havas qilavergan bilan g‘alaba kelmaydi. Mayli, bu gal bir-ikki marta kalla qo‘yib ko‘rsin, sen esa diqqat bilan tomosha qilib tur, – dedi  tog‘am ko‘nglimdan  o‘tolmay...

 

Qo‘chqorlar tanishtirilib, o‘rtaga chiqarildi. Otayi qo‘chqorbozlarday Salomat ikkimiz “yetim qo‘zi”ni yetaklab chiqib, bosh ipini yozdirdik. Raqib bo‘lib chiqqan narigi qo‘chqor ham patli ekan. Ikkalasi ham mukofot uchun emas, jon uchun biroz tashlashdi. Shoxlari bir-birinikiga tekkan paytida naq o‘t chiqqanday bo‘lardi. Bir payt qarasam, bizning qo‘chqorning burnidan qon tomchilayotgan ekan. Shu lahzalarda Salomatning “Qo‘chqor bir yengilsa, ko‘ngli qaytib, dugushuvdan cho‘chiydigan bo‘lib qoladi”, – degan gapi lop etib xayolimga keldi-da, o‘zimni qo‘chqorlarning o‘rtasiga urdim.

– Bo‘ldi, bayrog‘ingni olaver, – de­dim raqib-qo‘chqorning egasiga, yetim qo‘ch­qorning bo‘ynidan quchoqlab turib. Shunda birovlar “Qo‘yib yubor, oxirigacha tashlashsin!” – deb talab qilsa, boshqa birovlar “To‘g‘ri qilding, mayirilmay turib, ayirganing yaxshi”, – deyishdi.

Qo‘chqorning burnidan qon, mening ko‘zimdan yosh tomchilab o‘rtadan chiqdik.

– Po‘latjon, xafa bo‘lma. To‘g‘ri qarorga kelding. Qo‘chqoring, xudo xohlasa keyingi yili ta’tilga kelganingda raqibini yengadi, mana ko‘rasan. Bor-e, shu qo‘chqorni senga enchi qilib berganim bo‘lsin! – dedi tog‘am. Men qo‘chqorli bo‘lganimga quvonib qoldim.

 

               * * *

Qo‘chqorni uyga olib kelganimizdan keyin Salomat uni boshqa qo‘raga qamadi. Keyin ikkovimiz ovul chetidagi garaj tomonga ketdik. Garaj sirtida yotgan traktor ballonlaridan kattarog‘ini tanladik, ikkovlashib zo‘rg‘a uyga olib keldik.

– Buni nima qilasan? – desam, Salomat negadir to‘g‘risini aytmadi-da, “Keyin bilasan”, – dedi. Ballonni  qo‘raga kiritdi-da, tog‘amga bog‘latib, osib qo‘ydi. Birozdan so‘ng qo‘ra ichidan “dursillagan ovoz” eshitilaverdi.

– Ana boshladi. Yur, ko‘ramiz! – deb, Salomat qo‘ra tomonga uchdi, izidan men ham yugurdim. Borsak, ballon chayqalib turibdi, yetim qo‘chqor esa ballonga kalla tashlayotgan ekan.

– Ana, aytdim-ku, keyin bilasan deb. Qo‘chqorning shoxi qichiganida u bilan dugushadigan yana bir qo‘chqor kerak. Endi yetim qo‘zi shoxi qichiganida ballonni suzib, chiniqaveradi, – dedi Salomat quvonib. – Endi tushundingmi?

– Otingni to‘g‘dagi podaga qo‘shib ko‘rdingmi? – deb so‘radim.

– Yo‘q, – dedi u. – Poygaga qo‘shish uchun hali uni sayislab-parvarishlash kerak. Unga jo‘xori, bug‘doydan yem, beda kerak. Hali ishi ko‘p...

Men Salomatning yonida yurib ko‘p narsani o‘rgandim. Avvallari men to‘yga qo‘chqorlarni qo‘radan olib borib urishtiraveradi, otlarni minib boradi-da, musobaqa ro‘yxatiga yozilib, poygaga qo‘shib yuboraveradi, deb o‘ylardim. Yo‘q, unaqa emas ekan. Qo‘chqor bo‘ladimi, otmi, avval uni yaxshilab boqib, parvarishlab, yem-suvini vaqtida berib, musobaqalarga tayyorlash kerak ekan. Xuddi sportchilar qanday sinovlardan o‘tib, musobaqalarga tayyorlanib, mashg‘ulotlar o‘tkazsa, qo‘chqor-u otlarni ham xaloyiqning oldiga olib chiqishdan avval shunga tayyorlash kerak ekan. Axir, ovullarda qo‘chqorlar bor, tulporlar bor, nega ularni to‘yda dugushuvga, poygaga qo‘shavermaydilar desam, ular avvalo mashaqqatli sinovlardan o‘tishi,  tayyorgarliklar ko‘rishi kerak ekan.

 

                  * * *

Ko‘z ochib yumguncha  ta’til ham tugab qoldi. Maktablarda o‘qish boshlandi. Sinfda bolalar bilan yig‘ilib, kim qayerda dam olgani-yu, nimalar ko‘rgani haqida, qanday qiziq voqealarga guvoh bo‘lgani borasida suhbatlasha boshladik. Men ovulga borganim, Salomatdan nimalar o‘rganganimni – otni, qo‘chqorni parvarishlash, musobaqalarga qan­day tayyorlash haqida gapirib berdim. Ayniqsa, yetim qo‘zi haqidagi hikoyalarimni sinfdoshlarim miriqib eshitishdi. Sinfda “Endigi ta’tilda men ham tog‘amnikiga boraman, dam olishni ovulda – qarindoshlarim orasida o‘tkazaman!” – deydiganlar ko‘paydi. Ko‘p  o‘tmay o‘zim ham  ovulni, qishloqdagi ishchan, sodda, qiziquvchan, futbolchi jo‘ralarimni sog‘ina boshladim. “Tezroq qishgi, bahorgi ta’tillar boshlansa-yu, qani endi men yana tog‘amlarning uyida, Salomatning yonida paydo bo‘lib qolsam”, deb orzu qiladigan bo‘lib qoldim. Endigi borganimda, albatta, ot parvarishlashni  yaxshilab o‘rganaman. Qo‘ylar qo‘zilaydigan davrda cho‘ponlarning yonida yuraman. Eh, mazza bo‘ladi-da o‘ziyam! Ayniqsa, ko‘k qo‘chqorimni yaxshilab tayyorlab, dugushuvlarda aslo yengilmaydigan qilib o‘rgataman. Tog‘amning, Salomatning aytganini to‘la-to‘kis bajaraman. Hovva, mening yetim qo‘zim eng zo‘r qo‘chqor bo‘lib yetishadi! (Tamom).

 

Abduqodir Qayipov,

Qoraqalpoq adibi

 

Qoraqalpoqchadan Muzaffar AHMAD tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.