Jasurning qo‘rquvi
(voqeiy hikoya)
Eshik ochilganday bo‘ldi. Uyquga cho‘zilgan Jasurning ko‘ziga qandaydir sharpa ko‘rindi. Ko‘zini yumib oldi. U yoqqa ag‘anadi, bu yoqqa ag‘anadi, ammo uni battar qo‘rquv tuyg‘usi chirmayverdi. Ko‘z oldidan alag‘-jalag‘ manzaralar o‘ta boshladi. Qilichini yalang‘ochlagan askarlar, bir-biriga miltiq o‘qtalayotgan sovuqbashara odamlar...
Allamahalgacha kompyuter qarshisida o‘tirgan Jasurning yoniga singlisi Zilola keldi:
– Aka, nimalarni ko‘ryapsiz? Axir, bu qo‘rqinchli o‘yinlar-ku! Yaxshisi, uxlang, dam oling!
– O‘zim bilaman. Sen aql o‘rgatma! – o‘dag‘ayladi Jasur va sichqonchani bosdi. Uning butun diqqat-e’tibori kompyuterdagi ur-sur, janjal-to‘polon ruhida ishlangan filmda bo‘lib, o‘rnidan qo‘zg‘algisi kelmasdi.
Zilola akasi bilan tortishish befoyda ekanligini bilib, chiqib ketdi.
Jasur mukka tushib, allamahalgacha o‘tirdi. Toki, onasi uning xonasiga kirib, “Uxla, damingni ol. Kompyuteringni o‘chir. Axir, bu ko‘zingni ishdan chiqaradi! Buning o‘rniga darsing bilan shug‘ullan! Har kuni o‘tirasan, “ujas” o‘yinlar seni o‘z domiga tortib boryapti” demagunicha qimirlamadi. Mana, oqibati, na uyqu bor, na halovat. Singlisi ham, onasi ham haq. Ammo nima qilsin?! Har xil o‘yinlar Jasurni o‘ziga ohanrabodek tortaversa, tortaversa. Sinfdoshlari o‘rtasida har kuni bahs-munozara: kim qanaqa o‘yinni ko‘ryapti? Taassurotlari qanday? Jasur bir chekkada “Men hech narsani ko‘rganim yo‘q” deb turishni o‘ziga ep bilmasdi.
Ertasiga, indiniga va yana bir necha kun Jasur o‘sha qo‘rqinchli o‘yinlar girdobiga tushib qoldi. U bugun tunda alahsirab, uyg‘onib ketdi. Tushimi, o‘ngimi bilolmasdi. Ulkan tog‘lik, daryo toshqinlari, suvga cho‘kayotgan odamlar, otishma ovozlari. Dahshatlisi, cho‘kayotganlar orasida Jasur ham bor. Har qancha urinmasin, har qancha dodlamasin, Jasurning oh-nolasini hech kim eshitmasdi. Qutqaradigan, unga rahm-shafqat ko‘rsatadigan himoyachining o‘zi yo‘q.
– A-a-a, meni qutqaringlar! Cho‘kib ketyapman. Oyijon! Dadajon!
– Senga nima bo‘ldi, Jasur? Tinchlikmi?
Ro‘parasida onaizori paydo bo‘ldi, sal narida singlisi Zilola. Hali zamon dadasi ham kelib qolar. Nimalar bo‘lyapti o‘zi?
– Men suvga cho‘kib ketyapman, oyi. Qutqarib oling!
– Unday emas, qo‘rqma! Sen o‘z uyingdasan. Suvga cho‘kkaning yo‘q. Qo‘rqinchli filmlarni ko‘rib, shu holatga tushding, – deya onasi uni tinchlantirdi.
Shundagina Jasur to‘s-to‘polon o‘ngida emas, xayolida sodir bo‘layotganini angladi. Xayriyat, bari ortda qoldi...
Psixolog qabuliga kirgan Jasur uning onasiga berayotgan maslahatini eshitib qoldi:
– Farzandingiz stress holatiga tushgan. Bunga kompyuter o‘yinlari sabab bo‘lmoqda. Hozir aksariyat o‘smirlar kitob o‘qish, sayohat qilish o‘rniga bo‘lar-bo‘lmas o‘yinlarga berilib ketgan. Ular ko‘ngilochar joylarga bormaydi, soatlab kompyuter qarshisida o‘tiradi. Oqibatini esa ko‘rdingiz. Endi uni bu matohdan qutqarmasangiz, ruhiyati battar yomonlashadi. Yaxshisi, nevropatolog qabuliga ham olib boring.
Mutaxassis bolakayni yaxshilab ko‘rikdan o‘tkazdi. Uning asab tizimidagi salbiy o‘zgarishni darhol anglab, tinchlantiruvchi dori-darmonlardan yozib berdi.
Jasur onasi nazoratida, shifokor ko‘rsatmalariga amal qildi. Kompyuter o‘yinlarini yig‘ishtirib, kitob mutolaasiga berildi. Oilaviy ko‘ngilochar joylarga borish... Qanday mazza! Toshkent teleminorasi, tabiat muzeyi, Ashxobod sayilgohidagi attraksionlar. Bilmay yurgan ekan... Sog‘lom turmush tarzi, haqiqiy mazmunli hayot bu yoqda ekan. Endi u har kuni tinch orom olmoqda. Ko‘ziga hech qanday qo‘rqinchli manzaralar ko‘rinmaydi.
Gulsora RUSTAMOVA,
Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi
230-maktabning 9-sinf o‘quvchisi