Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Buvimning nasihati

Men yoz faslini yaxshi ko‘raman. Nega deysizmi? Chunki ta’tilga chiqamiz-da. Men har yili yozgi ta’tilda qishloqqa, ya’ni tog‘amlarnikiga borishga oshiqaman. Agar bilsangiz, shaharning eng suluv joylari ham qishloqning musaffo havosi yo‘g‘rilgan tabiatiga teng kelolmaydi. Xullas, ming marta eshitgandan bir bor ko‘rgan yaxshi. Shu kabi o‘ylar bilan yo‘lda ketarkanman buvijonimning “Keldingmi-a, nabiraginam? Qachon kelarkansan, deb ko‘zlarim to‘rt bo‘lib ketdi-ku, bolajonim”, deya quchoq ochib turishi xayolimdan o‘tdi. Menga hammasidan ham tog‘amlarning jiydazoridan oqib o‘tadigan toshloq daryo yoqardi. U yerda biz qishloq bolalari bilan mazza qilib cho‘milardik. O‘tgan yili o‘sha daryo bo‘yida Bilol ismli bir bola bilan tortishib qolib, boshini yorib qo‘yganim esimda. O‘shanda rosa qo‘rqib ketgandim, ustiga-ustak buvimdan yaxshigina kaltak ham yegandim. Ana o‘sha voqeadan so‘ng, buvim meni jiydazorga yubormay qo‘ygandi. Keyinchalik ze­ri­kib qolganimni ko‘rib, qo‘­limga ertak kitob tut­qazdi. Oldiniga buvimni yo­mon ko‘rib ketdim. Ishonasizmi, ertaklarni o‘qiy boshlagach o‘zim bilmagan holda voqealar  ichiga kirib ketganman. O‘ziyam juda qiziqarli kitob edi-da. 

Avtobusdan tushar ekanman tog‘amning: “Keldingmi jiyan, o‘ziyam naq yarim yil bo‘libdi-ya seni ko‘rmaganimga”, deb kutib olishi meni yana ham xursand qilib yubordi.

–   Aytgancha, oying, dadang yaxshi yurishibdimi? Nega bir o‘zingni yuborishdi, o‘zlari ham kelishsa yaxshi bo‘lardi, – deya qo‘limdagi charm sumkamni ko‘tarib oldi. Agar mendan, “Dunyodagi eng haroratli joy qayerda? deb so‘raganlarida men aniq “Buvijonimning qaynoq bag‘irlaridir” deb javob bergan bo‘lardim. Xullas, buvijonim meni o‘pib-quchoqlab, diydorimga to‘yib olganidan so‘ng qo‘llarimdan tutdi-da, “Yur, senga bir sovg‘am bor”, – dedi va eski uvada ko‘rpachalari taxlanib turadigan zang bosgan sandig‘ini ochib, ichidan bir talay  kitoblarni chiqarib:

– “Mana shu kitoblarning barchasi senga”, – dedi. – Rahmatli bobong ko‘p kitob o‘qiguvchi edi. Kecha televizorda ham ko‘rsatishdi. Ko‘p kitob o‘qigan bolalarga davlatimiz mashina sovg‘a qilyapti ekan. Senga aytsam bolajonim,  kitob o‘qigan odam hayotda hech qoqilmaydi. Sen ham kitobga do‘st tutin!

– Xo‘p bo‘ladi buvijon, albatta ko‘p kitob o‘qiyman, – deb buvimga so‘z berdim.

 

Quvonchbek Abdukarimov,

Samarqand viloyati Nurobod tumani 28-maktabning 7-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.