Yetim qo‘zi
(Boshi o‘tgan sonda)
Ertasiga tong otar-otmasdan Salomat meni yulqilab uyqudan uyg‘otdi. Har kuni choshgohgacha uxlab o‘rgangan odamga tonggi mazali uyqudan kechish oson emas ekan. Yulqilayvergach, noiloj o‘rnimdan turdim. Bir-ikki piyola choy ichdik-da, sog‘in sigirni oldimizga olib, dalaga ketdik. Otiz dambasining eng o‘tli yeriga molning qozig‘ini qoqqan Salomat:
– Po‘lat, sen anovi o‘tlar orasida yashirinib o‘tirib, poylaysan. Oldingi kuni bizning molning ipini kimdir qisqartirib, anovi jing‘alga boylab ketibdi, mol tushgacha tek ipi yetadigan yernigina o‘tlab, to‘ymay qolgan. Kecha esa qozig‘ini sug‘urib, paxta otizga haydab yuboribdi. Bu ishlarni kim qilayotganini aniqlash kerak, – dedi.
Faqat o‘tkir razvedkachilar bajara oladigan bu vazifa menga juda qiziq tuyuldi. Salomat paxtaga ketdi, men esa roshning boshidagi o‘tlar orasida burkanib-yashirinib yotib, atrofni kuzata boshladim.
Choshgoh paytiga yaqin molini yetaklagan Ellikboy paydo bo‘ldi. Roshning tepasida turib, atrofni kuzatib chiqdi-da, tog‘amning sigiri tomon bordi, uning qozig‘ini sug‘urib oldi-da, paxta otizga qarab haydab yubordi. O‘zi molining qozig‘ini Salomat arqonlagan sero‘t joyga qoqdi. Men yotgan yerimdan qo‘zg‘almadim. Ellikboy ketishi bilan men ham uning sigirini paxta otizga haydab yubordim-da, tog‘amning sigirini oldingi o‘rniga arqonladim. Salomat tushlikka kelgan vaqtda bo‘lgan voqealarni ushog‘ini tushirmay aytib berdim. Voqeadan xabar topgan Salomat “boshim og‘riyapti” degan bahonani topdi-da, tushdan keyin o‘toqqa bormay qoldi.
Kechqurun Salomat mening yonimga kelib, “Yur, ketdik” deb imladi. Men indamay uning iziga tushdim. Bilaman, Salomat kechagi yegan qamchisining achchig‘ini olishi kerak. Shuning uchun men bo‘lib o‘tgan voqealar haqida na tog‘amga, na Salomatning onasiga tish yormadim.
O‘ynab yurgan bolalarning ichida Ellikboy yo‘q edi. Salomat bir bolani yoniga chaqirib oldi-da, unga o‘rgatdi.
– Hozir borasan-da, Ellikboyni chaqirib kelasan. Unga “Po‘lat futbol o‘ynaymiz, deyapti, tezda chiqarkansan”, deb ayt.
Bola Ellikboyning uyi tomon chopib ketdi. Bir payt ko‘chaning narigi boshida to‘p ko‘targan Ellikboyning yelkasi ko‘rindi. U yetib kelishi bilan Salomat “Sen nega bizning molning qozig‘ini sug‘urding?” – deb, quloq-chakkasiga shapaloq tortib yubordi. Ellikboy ham qolishmay, “Sen nega menga tuhmat qilasan, ko‘zing bilan ko‘rdingmi?” – deb aytisha boshladi.
Uning qip-qizil o‘trik (yolg‘on)lariga chidamay, men:
– Ay Ellikboy, men o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim-ku, – degan edim, u menga jekrindi:
– Hoy sen, shaharlik jodugar! Aralashma, sen bilan gaplashayotganim yo‘q, yo‘qol Nukusingga!
Avvallari birga o‘ynab yurgan paytlarda uning qilgan g‘irromliklariga guvoh bo‘lsam ham, yoshi sal katta bo‘lganidan, yurak yutib, bir gap ayta olmagan edim. Hozir Salomat yonimdaligi uchunmi, bilmadim, menda mardlik, o‘zimga ishonch paydo bo‘ldi. Yugurib borib bir turtgan edim, Ellikboy deganimiz puch yong‘oq ekan, orqasiga ag‘darilib tushdi-da, dod solganicha uyiga qarab zip berdi.
Salomat “Ketdik” dedi-da, uy tomonga yura boshladi. Men ham mo‘ntanglab unga ergashdim. Choy-poyga ham qaramay, Salomat bir piyola qatiqqa non to‘g‘radi-da, menga qarab:
– Sen ham qorningni to‘ydirib ol! – dedi. – Hozir to‘polon boshlanadi.
Men hech narsaga tushunmasam ham piyolaga non to‘g‘rab, xuddi izimdan kimdir quvib kelayotganday g‘abir-g‘ubir og‘zimga tashlab, ikki yamlab, bir yuta boshladim. Sirtga chiqayotganimizda Salomat supaning ustidan ikkita ko‘rpacha oldi-da, qo‘ltiqlaganicha jo‘xori otiz tomon lo‘killadi. Menga:
– Qo‘raga borib, otning katta yopinchig‘ini ol-da, izimga ergash, – dedi. Men jangovar xizmatdagi jangchiday faqat berilgan buyruqni, aytilgan gapni bajaraman, savol berishga fursat yo‘q. Jo‘xori otizning o‘rtasida ot yopinchig‘ining kattaligiday o‘t o‘smay qolgan yer bor ekan. Salomat o‘sha yerga yopinchiqni, uning ustiga ko‘rpachalarni to‘shab:
– Ol, Po‘lat, og‘amning achchig‘i bosilaman deguncha, shu yer bizning makonimiz bo‘ladi, – dedi.
– Hav, tog‘am bizlardan achchiqlanayotgani yo‘q, hozirgina bizlar bilan apoq-chapoq bo‘lib gaplashib o‘tirdi-ku.
– Hali shoshmay tur, guldurmomoning guldurab, chaqmoq chaqishini endi eshitasan, hali o‘zing guvoh bo‘lasan.
Rostdan ham, ko‘p o‘tmay Ellikboyning otasi Oymurod og‘aning hayqirig‘i ovulni to‘ldirib yangradi:
– Mening yolg‘izimni ko‘kola qo‘yday savalaydigan Salomat degan haromqotqiring qayerda? Shahardan kelgan anovi xuligan bola qani? Juvonmarglar, nega mening qo‘y og‘zidan cho‘p olmaydigan yolg‘izgina bolamni bunchalik savalaydi?! Endi nima, kuchsiz, yuvosh odam bu ovulda kun ko‘rolmaydigan bo‘lib qoldimi?! Xolmurod kelsin qani, sizlarni bu ovuldan ko‘chirtirib, qorangizni o‘chirtirmasam, Aytmurod degan otimni boshqa qo‘yaman! Kuchim bor deb, borganning boltasini, kelganning ketmonini olib qo‘yaveradigan zamonlar o‘tib ketdi!
– Assalomu alaykum, Aytmurod og‘a! – deb, tog‘am uning oldiga chiqqan edi, Aytmurod og‘a uning salomga uzatilgan qo‘lini qoqib yubordi.
– Qani anovi bezorilaring? Topib ber menga shularni! Men ularga odam urishning qanaqa bo‘lishini bir ko‘rsatib qo‘yay! – deb qo‘lidagi cho‘qmorday tayog‘ini yerga urib qo‘ydi.
Biz esa o‘sib, ko‘kka intilayotgan, ko‘m-ko‘k jo‘xorilar ichida bo‘lgandan keyin ko‘rinmaymiz. Biroq, bizga ularning barcha harakatlari ko‘rinib, so‘zlari aniq eshitilib turibdi. Bir payt tog‘am:
– Salomat! Po‘lat! – deya g‘azab bilan bizlarni chaqirdi. O‘z boshini sirtmoqqa solib beradigan ahmoq bormi? Biz o‘rnimizdan qimirlamasdan, miq etmasdan yotaverdik. Bizni topolmasligiga ko‘zi yetgan Aytmurod og‘a:
– Xo‘p, ertaga azon bilan Xolmurodni olib kelaman, anovi yer yutgur bezorilaringni topib qo‘y! – deb o‘dag‘ayladi.
Aytmurod og‘a ketgandan keyin ham tog‘am ancha vaqtgacha bizlarni chaqirdi, javob bo‘lmagach noiloj uyga kirib ketdi
4
Bir payt Salomatning oyisi – Bog‘dagul kelinoyim:
– Yo‘lli! Yo‘lli! – deb, u itni chaqira boshlagan edi, yonimizda yotgan it dik etib sakrab turdi-yu, yalog‘i tomon chopib ketdi. Kelinoyim ityaloqqa to‘ldirib yuvindi quydi.
Ikkovimiz uyoq-buyoqdan gaplashib o‘tirgan edik, kelinoyimning kelib qolganini sezmabmiz ham.
– Ha qochoqlar, nima qilib o‘tiribsizlar?
– Iye, kelinoyi, bizlarni qanday qilib topdingiz? – dedim men hayron bo‘lib qolganimni yashirolmay.
– Yo‘lli topib berdi.
– Qanday qilib?
– Qachon yuvindi olib chiqsam, qo‘ra tomondan yugurib keladigan it, bugun jo‘xori otizdan chopib chiqsa, nima deb o‘ylashim kerak? Sizlarning shu yerda ekanligingizni shundan bildim-da, – kuldi kelinoyim. Keyin qo‘lidagi bir banka qatiq bilan bir cho‘rak nonni bizlarga tutqazdi-da, nima voqea bo‘lganligini so‘radi. Salomat kechagi-bugungi voqealarning ushog‘ini tushirmay aytib berdi.
– Unday bo‘lsa, qo‘rqadigan hech gap yo‘q ekan-ku. Mayli, sizlar shu yerda o‘tira turinglar. Men og‘angga bo‘lgan voqeani yotig‘i bilan tushuntiray. Hozir to‘g‘ri uyga kirib borsanglar, anovi qaynog‘adan eshitgan gaplari uchun qonqizmalik qilib, ikkovingni ham savalab qo‘ymasin, – dedi-da, kelinoyim ichkariga kirib ketdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, tog‘amning o‘zi sirtga chiqdi-da:
– Aynonoyin, aynonoyinlarim-ov, Salomatjon, Po‘latjon, uyga kira qolinglar, – deb chaqirgandan so‘ng, jo‘xori otizdan birin ketin sug‘irilib chiqdik. Uyga kirganimizdan keyin tog‘am ham nima gap bo‘lganligini so‘radi. Men Ellikboyning o‘zidan kichkina bolalar bilan o‘ynab yurishi-yu, g‘irromlik qilishlari, o‘zini zo‘ravon sezishini – bari-barini tog‘amga aytib berdim.
– Qo‘y, unda men Xolmurod brigadirning uyiga o‘zimoq borib kela qolay deb, – tog‘am uydan chiqib ketdi. Ko‘p o‘tmay tog‘m og‘zi qulog‘ida tirjayib qaytib keldi.
– Hech narsadan g‘am yemanglar, azonda brigadir og‘angizning o‘zi masalani bir yoqli qiladigan bo‘ldi. Salomatjon, Aytmurod og‘a jahl ustida qamchi tortib yuborgani uchun kechirim so‘radi. Mayli, ziyoni yo‘q, yigit bo‘ladigan bola ora-sira qamchi ham, tayoq ham yeb turishi kerak-da, shunda pishadi – deb, tog‘am kulib, Salomatning ko‘nglini olgan bo‘ldi.
5
Ertalab uydagi g‘ala-g‘ovurdan uyg‘onib ketdim. Qarasam, Aytmurod og‘a ham, Xolmurod brigadir ham uyda ekan. Aytmurod og‘a kechagi kayfiyat bilan lolov-lolov qilayapti, hech to‘xtaydigan emas. Bir payt Xolmurod brigadir o‘rnidan turdi-da:
– Bo‘ldi, gapni qisqartiring, Aytmurod og‘a! – dedi ovozini sal ko‘tarib. – Biz sizni oqsoqol-oqsoqol, deb hurmatlaganimiz sayin elkamizga chiqib oldingiz-ku! O‘sha tayoq yegan yalqov, erkatoy bolaning qilgan ishi uchun brigadamda bir bilak bo‘lib yurgan manovi Salomat o‘tgan kuni aybsiz mendan qamchi yedi. Kecha otizga chiqmagan edi, shu yigitchaning o‘rni bilindi-qoldi. Endi ertadan boshlab erkatoying otizga chiqmasa, o‘zing ko‘ch ovuldan! Menga otiz ishida yordam bermaydigan ovuldosh ham kerakmas, qarindoshning ham keragi yo‘q. Ha, bir oqsoqol oramizda yursa yuribdi-da deb, ko‘zimizni yumgan sayin sen ovulning og‘izbirchiligini qochirayapsan-ku! – deb, erkatoy bolasining tayoq yeyish sabablarini aytib bergan edi, Aytmurod oqsoqol erga qarab indayolmay, bosh chayqaydi. Keyin boshini sal ko‘tarib:
– Inim-ov, shu meni beobro‘ qilib yurgan juvonmargni ertagayoq oldingga solganim bo‘lsin. Etiyam seniki, suyagiyam. Tubi bir og‘aynilarmiz, shu bolamni o‘zing tarbiyalamasang, bizlar uni yolg‘izim-yolg‘izim deb erkalataverib boshimizga chiqarib qo‘yibmiz, – deb, bir lahzada “ters kiygan to‘nini aylantirib kiyib” olgan Aytmurod og‘a brigadirga yalina boshladi. Xolmurod brigadir tanglayini taqillatib o‘tirdi-da, tog‘am bilan Aytmurod oqsoqolni qo‘l olishtirdi-da:
– Mening ishlarim kutib turibdi, salgina narsa uchun ham meni chaqirib vaqtimni o‘g‘irlamanglar, – deb chiqib ketdi. Brigadir chiqishi bilan Aytmurod og‘a ham:
– Kechirasan, inim, bu bolaning gapiga kirib, qartaygan chog‘imda qilib yurgan ishimni qara-ya, bizdan bir bilmaslik o‘tdi-da, – dedi hijolatomus.
6
O‘sha kuni kechqurun uyda mol-holga qarab, o‘t-suv berib yursam “Yetim qo‘zi yo‘q” degan g‘alovut chiqdi. Salomat ikkovimiz “adashib kirib qoldimi?” deb podaga jonlik qo‘shadigan uylarning barini qo‘ralariga birma-bir kirib chiqdik. Yo‘q! Qo‘zi topilmadi.
Ertalab tog‘am otni minib o‘zi qo‘zini izlab ketdi. Ot minishga talashib yurgan ikkimiz ham bugungi sayr-u-sayohatdan mahrum bo‘lib qolaverdik. Yetim qo‘zining yo‘qolib qolishi Salomatni juda xafa qildi. U hatto men bilan ham gaplashmay qo‘ydi. Nima so‘rasang, yo “ha”, yo “yo‘q” deb javob qiladi – bo‘ldi, indamasang, yuraveradi mum tishlaganday. Tog‘am yetim qo‘zini hech qayerdan topolmay, boshashib qaytib keldi. Salomat ikkimiz otning teri bosilguncha yetaklab yurdik. Otni yetaklab yurib;
– Qo‘zini shoqol yeb ketdimikan? – deb so‘radim.
– Yo‘g‘-ee, – dedi u yig‘lagudek bo‘lib. – Birovlar o‘g‘irlab ketgan bo‘lmasa, uni shoqol tugul, qashqir ham ololmaydi...
Salomat, yana jim bo‘lib qoldi.
Men ang-tangman. Bu qanaqa qo‘zi ekan?! O‘zi qo‘zi bo‘lsa, uni na shoqol, na qashqir ololmasa. Salomatning bu gapi ichimga g‘ulg‘ula soldi. Endi otga minishni emas, o‘zini qashqirga ham oldirmaydigan qo‘zini bir ko‘rish orzu bo‘lib qoldi. Azonda ketib, kech qaytib qo‘radagi qo‘y-qo‘zi, echki-uloqlarga ham ko‘p e’tibor qilavermas ekanman. Mana, shu e’tiborsizligimga endi o‘kinib turibman. Salomat-ku o‘zi qo‘y-qo‘zi tugul, kurkalarigacha, hatto ularning jo‘jalarigacha taniydi. Biror-yarimi adashib kelib qolsin qani, ularning qulog‘iga bir qaraydi-da kimga tegishli, qaysi ovulniki ekanligini shu zahoti aytib bera oladi. Men-chi, men – ot bilan sog‘in sigirdan boshqasini yilqi, sigir podasi ichidan zo‘rg‘a ayiraman. Shularni o‘ylab yotib, kechasi ancha vaqtgacha ko‘zimga uyqu kelmadi. O‘sha “Yetim” degan qo‘zini ko‘z oldimga keltirmoqchi bo‘lib shuncha urindim, eslay olmadim. Qo‘radagi qo‘ylarning barini ko‘rgandayman. Biroq, Salomat ta’riflab bergan qo‘zini qanday qilib payqamagan ekanman. Hayronman. Podani boshlab yuradigan nahang (juda katta) ko‘k qo‘chqor bor (uni bilaman), mana shu jonivor shoqol bilan qashqirga bas kela oladigan ko‘rinadi. Boshqalari... bilmadim-ov. Shu paytgacha ko‘rib yurgan qo‘zilarimning barini ko‘z oldimga keltirib ko‘rdim. Televizorda ko‘rib yurgan qashqirlarga bas kela oladigan... yo‘q. Unaqasi bo‘lmasayam kerak. Men eslolmayapman. Shoqol bilan solishtirib ko‘raqolay desam, shu paytgacha shoqollarga bas keladigan qo‘chqor qanday bo‘lishini hatto televizordayam ko‘rmagan ekanman. Shoqolning tovushini eshitgan ekanman, xolos. Bir kuni tunda tashqariga chiqsam, naq yonimda shoqol uliganday bo‘ldi. Yuragim tars yorilib ketdimi dedim. Qo‘rqqanimdan dodlab uyga qarab zitdim. Uyda kimni ko‘rsam, hammasi: “Nima bo‘ldi? Nega qichqirib qochding?” – deb, so‘roqqa tutayotir. Men esa, qo‘rqqanimdan gapirolmay qoldim, tilim aylanmaydi, nuqul barmog‘imni tashqariga siltab, “sh..., sh..., shoqol” deyaveribman. Hammalari dupur-dupur tashqariga yugurishdi. Meni qo‘rqitgan shoqol ikki chaqirim narida ulib turgan ekan. Ay, nimasini aytay, shunday qilib, ikki chaqirim yerdagi shoqoldan qo‘rqaman deb, Salomatlarning mazax qilishlari uchun, mavzu topib berganman. Salomat ham bu voqeaning ustiga o‘zidan qo‘shib, latifa yaratib, ovul bolalari orasida aytib yurdi. Hamma eshitganlar kulib yuradigan latifa shundan iborat:
Salomat aytyapti: “Po‘lat bir kuni kechasi uyga dod solib yig‘lab kirdi. “Ha, nima bo‘ldi?” desak, qo‘li bilan tashqarini ko‘rsatib: “Shoqol, shoqol... Mingta shoqol kelayotir!” deydi dir-dir qaltirab. “Ming shoqol nima qilsin?” desak, “Ming bo‘lmasa, yuztadir” deydi. “Ay, bu atrofdagi shoqollarni yig‘ib kelsa, yuzta chiqmaydi”, – desak, “Men ne bilay, yuzta bo‘lmasayam, aniq o‘nta bor”, – deydi. “E qo‘ysang-chi, bu yoqqa umuman shoqol kelmaydi” desak, bu bechora dir-dir qaltirab, “Men ne bilay, shitiri eshitilganday bo‘ldi”, deydi.
Bu latifa butun ovulga taralib, men ko‘p vaqtgacha ovul odamlariga ko‘rinmay yurdim.
Shunday qilib, qo‘zini o‘ylab yotib, tong oldidan ko‘zim ilinibdi. Ertasi kuni yana meni odamlarning g‘ala-g‘ovuri uyg‘otib yubordi. (Davomi kelgusi sonda)
Abduqodir Qayipov,
Qoraqalpoq adibi.
Qoraqalpoq tilidan
Muzaffar AHMAD tarjimasi