Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Faxriy yorliq

Toshkent halqa yo‘lining qarama-qarshi tomonida uzundan uzoq masofani egallagan Zangiota tumanida kattagina hovlimiz bor. Hovlida barcha oila-a’zolarimizga yetib ortadigan ish topiladi. Xuddi  anavi  “Suyunchi” badiiy filmidagidek “Shermat, suv olib kel”, “Shermat, o‘tin yor”, “Shermat, mollarga yem ber” kabi uy-ro‘zg‘or ishlari, tirikchilik tashvishlari bilan bo‘lib, maktabdagi darslarim ham haligidek... Lekin, yaqinda futbol bo‘yicha tuman musobaqasida maktabimiz komandasi g‘olib bo‘ldi-yu, birdan Zokir ismim – mashhurga aylanib ketdi. Qanday qilib deysizmi? Omadim kelib, o‘yin tugashiga oxirgi daqiqalarda darvozaga golni men urib qo‘yibman-da. Ana g‘alaba-yu,mana g‘alaba.

O‘quv yilining so‘nggi kunlari bo‘lgani sabab, sinf rahbarimiz ota-onalar majlisi chaqirib, a’lochilarning “Faxriy yorliq”larini topshirdi. Ro‘yxat oxirlab qolganda, o‘qi­tuv­chimiz Ahmadjonov Zokir deb qolsa deng.  Hayron bo‘lib, o‘ng va chap tomonimga qarab qo‘ydim. Mendan boshqa Ahmadjonov yo‘q shekilli, hamma “Zokir, seni chaqiryaptilar, chiq”, – deb o‘rtaga chiqishimni aytishdi. Shu payt sinf rahbarimiz:

– Zokir, uyingdagilar majlisga kelish­ma­dimi? – deb so‘rab qoldilar.

Nima deb javob berishni bilmay turgandim:

– Kel, “Faxriy yorliq”ni o‘zingga topshiray. Bu – futbol musobaqasidagi epchilliging uchun, – deb qo‘shib qo‘ydilar. Sinfdoshlarim va ota-onalar qarsak chalib yuborishdi. Shu payt ikki qulog‘im qattiq qizib ketayotganini sezdim. Amallab, rahmat aytdim-u, borib “Faxriy yorliq”ni oldim. Nazarimda o‘sha paytda qo‘llarim ham titrar edi. Qaytib joyimga o‘tirdim-u, qo‘limdagi qog‘ozga qarab ishonqiramay ism-sharifimni hijjalab o‘qib chiqdim – “Ah-mad-jonov Zo-kir”. Ha, bu “Faxriy yorliq” meniki. Yetti yil maktabda o‘qib, birinchi marta shunday Yorliq olishim edi. O‘rtoqlarim:

– O‘-o‘-o‘, tabriklaymiz, bir muzqaymoqqa eriydigan bo‘lding-da, – deb meni tabriklashdi. Men esa hali hayajonimni bosib olmagan edim. Bolalarga “Ha” degandek boshimni silkib qo‘ydim. Ularga bir narsa deyishdan cho‘chidim. Chunki shu paytda ovozim chiqmay qolsa nima qilaman deb o‘yladim. Qo‘limdagi Yorliqni uyga olib borsam, ota-onam hayron qolishsa kerak. Ayniqsa, akam, opam “Qanday qilib?” deb so‘roqqa tutishi aniq. Ular doim meni  “3”, “4” baholarimdan uyalib yurishadi.  “Koptok tepguncha, darslaringni qil”, – deb  koyishardi. Ana, koptok tepib ham “Faxriy yorliq” olsa bo‘larkan.

Majlis tugab, uyga qaytayotsam, ma­hallamizdagi bog‘chaning yonidagi ochiq maydonda qo‘shni sinfdagi bolalarning futbol o‘ynayotganini ko‘rdim. Lekin uyga tezroq borish kerak edi. Ularga ko‘rinmay tezda o‘tib ketmoqchi  edim, shu payt:

– E-e, chempion, 11 metrdan bitta gol urib ket, – deb qoldi bolalardan biri. Yo‘q deyolmadim.  Qo‘limdagi “Faxriy yorliq”ni papkam ustiga qo‘yib, o‘yinga kirishib ketdim. Birozdan keyin kelib qarasam, papka turibdi-yu, Yorliq yo‘q. Zir yugurib u yoq-bu yoqni qaradim topolmadim. Atrofimdagi bolalardan so‘radim, yo‘q. Shu payt ancha narida o‘tlab yurgan sigirga ko‘zim tushdi-yu, yuragim bir noxushlikni sezdi. Yugurib borib qarasam... sigir “Faxriy yorliq”ning bir chekkasini  chaynab turardi. Alamimdan  “dod” devor­dim. Jahl bilan sigirning og‘zidagi yarmi chaynalgan Yorliqni tortib oldim. Shunaqa ham omadsiz bo‘lamanmi? Ishonasizmi, sigir Yorliqdagi aynan ismi-sharifim yozilgan joyini yeb qo‘yibdi. Endi nima qilaman? Umrimda ilk marta “Faxriy yorliq” olishim edi-ya. Uni avaylab uyga yetkazib  borolmadim. Ancha payt bir joyda turib qoldim. Atrofimni o‘rab olgan bolalar ham hayron.

– Ko‘p xafa bo‘laverma, maktabda rangli printer bor. Borib ahvolni tushuntirsak, yana boshqasini yozib berishadi, – dedi Hamidulla ismli bola.

Men yana o‘ylanib qoldim. Axir, qanday qilib ularga bu holatni tushuntiraman. Ustozimiz “Shuni ham eplay olmadingmi?” – demaydimi?

Yorlig‘imni papkamga solib uyga kirib  bordim. Oyimning, buncha kech qolib ketding, degan savollariga javob bermay, o‘z xonamga kirdim. Yorliqni daftar-kitoblarim orasiga berkitib qo‘ydim. Ertasiga Yorliq olganimni qo‘shnilardan eshitgan onam, qani ko‘rsat-chi, deb so‘rab qoldilar.

– Eh oyijon, bu “Faxriy yorliq”ni bor-yo‘g‘i yaxshi futbol o‘ynaganim uchun berishdi. Men kelgusi yilda  a’lo baholarga o‘qib “Faxriy yorliq” olsam, shuni sizga ko‘rsataman, deb ularga va’da berdim. Endi bu va’dani bajarish uchun rosa ter to‘kishimga to‘g‘ri keladi.

                                                                 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.