Taraddud
Zahiriddin Muhammad Boburning Samarqandni ikkinchi bor olganiga ikki oydan oshdi. Bobur hozirgi ahvoldan ancha mamnun. Qal’a devorlari ta’mirlandi. Kecha-yu kunduz soqchilar barcha darvozalarni bedor qo‘riqlashadi. Shahar aholisida bir oz tahlika bo‘lsa ham, lekin osoyishtalik hukm suradi. Hunarmandlar, savdogarlar shahar va qishloq ahli o‘z ishi bilan mashg‘ul.
Bobur Mirzo yoniga Qosimbekni olib, rastalarni aylangani chiqdi. Bozor avom ruhiyatini aks ettiradi, o‘zi odamlar bilan muloqotda bo‘lsa, ularning ahvolini yaxshiroq tushunadi. Bundan tashqari, Samarqand bozorida kitoblar ko‘p, ulardan xarid qilish kerak.
Bobur Mirzo rastalarni aylanib, bozor ancha nochor ahvoldaligini, avvalgi to‘kinchilik yo‘qligini, narx-navo ko‘tarilib ketganini sezdi: ko‘ngli buzildi. Tezroq Shayboniyxonga qarshi kuch to‘plab, hal qiluvchi jang zarurligiga iqror bo‘ldi va Qosimbekka shu bugun peshin namozidan keyin qo‘shin ko‘rigini birga o‘tkazishga tayyorgarlik boshlashni buyurdi.
Ular aylanib kitobdorlar oldiga keldilar. Rastada kitob, darhaqiqat, ko‘p edi. Mana, Imom al-G‘azzoliy va “Muallimi soniy” Farobiyning bir necha asarlari, ibn Sinoning “Qonun” va “Ash-Shifo”si, Xoja Ahror va Xoja Abullays risolalari, Sa’diy, Hofiz, Sanoiy, Kamol Xo‘jandiy, Lutfiy, Jomiy, Navoiy devonlari va kulliyotlari. Bobur o‘nga yaqin kitobni tanladi-da, savdolashmay haqini to‘lab, navkarga oti ustiga tashlangan xurjunga solishni buyurdi. Shaharda ahvol og‘ir bo‘lishiga qaramay, kitoblar qimmat edi. Demak, kitob xarid qilish, ilmga qiziqish hali kuchli ekan. Bobur Mirzoning ko‘ngli yorishdi. U va Qosimbek otlariga minib saroyga keldilar. Xarid qilgan kitoblarini bir-bir qayta ko‘rib chiqdi-da, Hoja Ahrorning kitobini ajratib oldi. Ehtirom bilan qo‘liga olib o‘pdi, ko‘ziga surtdi va avaylab varaqladi. “Volidiya” sahifasi chiqdi. Bobur Mirzo buni yaxshi adolat deb bildi. “Qani endi, bu ulug‘ asarni turkiyga o‘girolsam”, deb xayolidan o‘tkazdi u.
Peshin namozidan keyin Bobur Mirzo Qosimbek bilan Registon yaqinida o‘tkaziladirgan qo‘shin ko‘rigiga bordi. Qal’adagi uch mingga yaqin suvoriylar va yana shuncha piyoda askarlar maydonga to‘plangandilar. Uzoqdan Bobur Mirzo va Qosimbekni ko‘rib, ular shoshilinch safga tizila boshladilar. Nog‘oralar chalindi, tug‘dorlar, bayroqdorlar saf oldiga turdilar. Bobur Mirzoning saralangan, jang-u jadal ko‘rgan jasur suvoriy yigitlari saf tortishgandi. Ular ixcham kiyingan, qurol-aslahalari joyida, shu ondayoq jangga kirishga hozir turgan yigitlar edi va ularning har biri besh-o‘n navkarga bas kelardi.
Ayrim saflarda ba’zi navkarlar shoshilinch sog‘doq va kamarlarini bog‘lar, qilichlarini tuzatishardi. Bobur Mirzo saflarni saman otida aylanib chiqdi-da, Muhammad Mazid, Hoja Husayn va Qanbar Ali sallohni maydon o‘rtasiga chaqirdi. Ularning qo‘l ostidagi haligacha kiyim va qurollarini tuzatayotgan navkarlarni ko‘rsatib tanbeh berdi:
– Navkar doimo shay turmog‘i darkor. Agar hozir yog‘iy hujum qilib qolsa, ne bo‘lur? Bul navkar sog‘dog‘ini bog‘laguncha, ko‘ksiga o‘q sanchiladur. Rivoyat qiladurlarkim, qo‘shini saf tortganida Iskandar bir sipohiy kichik nayzasining tasmasini to‘g‘rilayotganini ko‘rib qolib, uni haydab yuborib: “Qurol ishlatish kerak bo‘lgan paytda uni to‘g‘rilayotgan jangchi jangga yaramas”, degan ekan. Ulug‘ bobomiz Amir Temurbek ham navkar shay turishiga, qurol-aslahasi to‘la va to‘kisligiga, harbiy mashqlarga katta e’tibor berganlar. Biz ham buni aslo unutmaylik.
Urfon OTAJON
“Dilkusho bog‘lar” kitobidan