Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Navoiyning muhri

Alloma bobomiz Navoiy tavallud kuni munosabati bilan jurnalxonlar uchun u zot hayotidan qiziqarli ma’lumot berish maqsadida, kitob javonimdagi gazeta taxlamlarini ko‘rayotib, adabiyotshunos olim A’zamjon Azimovning Alisher Navoiyning muhri haqidagi ajoyib xotirasiga ko‘zim tushdi...

Oltmishinchi yillarning boshlari, aspirantlik chog‘larim edi. O‘shanda Sankt-Peterburg shahridagi Liteynaya ko‘chasida, shundaygina Oliy aviatsiya maktabining yonginasidagi uyda Galina Barnukovskaya degan ajoyib mehmondo‘st kampirnikida to‘xtar edim. Qadimiy kitoblar-u antiqa ashyolarga liq to‘la bo‘lgan ikki xonali bu uyda men uchun doimo joy topilar edi. Javonlarda qalashib yotgan kitoblarga hayron bo‘lib qaraganimda, kampir: “Mening otam graf Georgiy Barnukovskiy taniqli bukinist bo‘lgan”, degan edi g‘ururlanib. “Bukinist” so‘zini uncha tushunolmaganimni sezib, aniqlik kiritgandi – “qadimiy, nodir kitoblarning ishqibozi” bo‘lgan.

Bir kuni uning kitob javonidagi Gomerning ming yil burun nashr qilingan “Illada”sini hayajon bilan qo‘lga olarkanman uning yonida chiroyli muqovalangan Alisher Navoiyning Tehronda chiqqan “Chor devon”iga ko‘zim tushdi-yu qadrdonini topgan boladek quvonib ketdim. Uni olib ko‘zimga surtdim. Butun umrini arxeologiyaga bag‘ishlagan bu ayol O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Eron, Iroq va Misrda olib borilgan xalqaro ekspeditsiyalarda qatnashgan, ko‘p narsalardan xabardor ekan. Olima Navoiy ijodiga o‘zgacha qarardi.

– Navoiyning 500 yillik to‘yini 1941-yili nishonlash haqida hukumat qarori bo‘lgan. Yubileyni noyabr oyida o‘tkazish mo‘ljallangan, – hikoya qildi grafinya. Ammo kutilmaganda boshlangan urush tufayli reja amalga oshmay qoldi. Biroq qurshovda qolgan peterburgliklar og‘ir sharoitga qaramay ulug‘ shoirning muborak to‘yini o‘tkazishga qaror qilishdi. 1-dekabrda tantanali yig‘ilish bo‘ldi. Bu yig‘ilishda men Hirotda olib borilgan arxeologik qazishmalar, birinchi vazir Alisher Navoiy qoldirgan xazina qirq yilgacha Hirotni obodonlashtirish ishiga sarflangani haqida gapirib berganimda zaldagilar o‘rinlaridan turib qarsak chalishdi. Bilasizmi, Navoiyning erta vafot etishiga marmar ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

– Qanday qilib? – hayron bo‘lib so‘radim.

– Navoiy yashagan uy marmardan qurilgan. Ana shu marmar shoirni yurak xastaligiga duchor qilgan. Balki marmardan radiatsiya tarqalishini u paytdagilar bilmagandir, – xo‘rsindi olima.

– Galina Georgeyevna, Hirotdagi qazishmalar paytidan o‘zingizda birorta yodgorlik qolmaganmi, – deb so‘radim, – buyuk bobomizdan qolgan birorta yodgorlikni ko‘rish ilinjida. Grafinya bir so‘z demasdan o‘rnidan turdi-da, bo‘ynidagi tilla zanjirga osilgan kalitni qo‘liga olib ichkariga kirib ketdi. Oradan hech fursat o‘tmay mo‘jazgina quticha ko‘tarib chiqdi. Qopqoqni asta ochib, ichidan gugurt qutichasining yarmidek keladigan ko‘kimtir rangli naqshindor toshni olib uzatdi.

– Bu shoirning shaxsan o‘ziga tegishli, – dedi grafinya tantanavor ohangda.

Qo‘limdagi tosh parchasi oradan 500 yil o‘tganiga qaramay xuddi kechagina sayqal berilgandek yaltirar edi. To‘rtburchak shaklidagi bu tosh atrofi oltin gardish bilan o‘ralgan, tagida esa uzuknikiga o‘xshash halqasi ham bor edi. Beixtiyor uni bosh barmog‘imga taqdim. Biroz kattalik qildi. Tosh yuzasiga qabariq qilib sher surati ishlangan. Tagida qandaydir yozuv bo‘lgan-u, keyin o‘chirilganga o‘xshardi.

– Buning tagida qandaydir yozuv bo‘lgan shekilli?

– Bo‘lgan, – tasdiqladi grafinya. – Rentgenoskopiyaning ko‘rsatishicha, bu yerda arabcha “Foniy” degan yozuv bo‘lgan.

– Bu uzuk shekilli?

– Yo‘q-yo‘q, bu uzuk emas, – dedi xonim qat’iy ohangda. – Bu shoirning nefrit toshidan yasalgan muhri. Navoiy uni barmog‘iga taqmagan, balki belbog‘iga osib yurgan. – Grafinya bilan, noyob yodgorlikni O‘zbekistonga qaytaring, – deyishga jur’at etolmay, alamli xayrlashdim.

Toshkentga qaytgach, bir necha yil o‘tib, men bu voqeani Navoiyshunos olim Hamid Sulaymonga aytib berdim. U kishi darhol Barnukovskayaning manzilini so‘rab oldilar. Men ikki enlik xat ham yozib berdim. Afsuski, Hamid Sulaymon uni izlab borganida olima olamdan o‘tgan, uyida mutlaqo begonalar yashayotgan ekan. Tabiiyki, muhr taqdiridan ular mutlaqo bexabar bo‘lishgan. Shu tariqa bu nodir muhr izsiz yo‘qolgan, deyilgandi maqolada.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.