Tipratikan
Maktabdan hovliqib kelgan Sardor ko‘cha eshigidan kirishi bilan onasini chaqirdi.
– Tinchlikmi? – ayvonning orqa tomonidan kelgan Saodat opa ichkariga kirmay betoqat bo‘lib turgan o‘g‘liga hayron qaradi. Sardor ko‘zlari chaqnab onasiga salom berdi-da, ikki kafti orasiga zo‘rg‘a yashirayotgan narsaga ishora qilib:
– Qo‘limda nima borligini toping-chi, oyijon, – dedi kulib. Saodat opa o‘g‘lining qo‘llari orasida qimirlayotgan kichkina oyoqchalarni ko‘rdi-da:
– Nimaligini bilmadim-u, lekin bechoraning jonini qiynab qo‘yding. Uni qo‘yib yubor-chi avval, – dedi. Sardor kaftini avaylabgina ochgan edi, qo‘llari orasida kichkinagina tipratikancha pildiray boshladi. Uni zavq bilan tomosha qilayotgan o‘g‘liga Saodat opa:
– Judayam kichkina ekan-a! Qayerdan olding buni? – deb so‘radi.
– Maktabdan qaytayotsam, ko‘chaning chetida tu-u-urgan ekan. Oyijon, shu mittivoyni o‘zim katta qilsam maylimi? – yalingan ohangda gapirdi Sardor.
– Mayliku-ya, lekin judayam kichkina ekan. Buni qanday boqishni, nima yeyishini bilmaysan-ku.
– Qo‘shnimiz Xolida opa qo‘limdagi tipratikanni ko‘rib, u ko‘proq tunda ovga chiqishini, sabzavotlarni xush ko‘rishini, ayniqsa, mevalardan olmani mazza qilib yeyishini aytdi...
– Ha, unda yaxshi, faqat ehtiyot bo‘lgin. Yana kuchuk va mushuging uni qiynab qo‘yishmasin. Yaqinda tug‘ilgan shekilli, tikanlari ham rangsiz, zaifgina. Hali o‘zini himoya ham qilolmaydi. Sho‘rlikning onasi qayerda ekan-a?!
– Bilmadim, yolg‘iz o‘zi yurgan ekan. Balki adashib qolgandir. Oyijon, siz tipratikanlarni ko‘zi yaxshi ko‘ra olmasligini bilasizmi? Ustoz, bu jonivor haqida ko‘p ma’lumotlarni aytib bergandi. Yangi tug‘ilgan tipratikanlarning ko‘zi ko‘rmas ekan. Keyinchalik ko‘rishi salgina yaxshilanarkan-u, lekin baribir xira ko‘rarkan. Ularda eshitish va hid bilish sezgisi kuchli ekan. Ovoz va shovqinlardan xavfni sezib, tikanlari orasiga berkinib, o‘zini himoya qilar ekan. Shuning uchun ham u kutilmaganda tepadan hujum qilgan qushlarni payqamay qolarkan. Mosh bilan Qoravoyimdan ko‘nglim to‘q. Ular beozor...
Sardor hovli burchagida yig‘ilib turgan taxtalardan tipratikan uchun bejirimgina uycha yasadi. Ichiga kichkina sochiqcha to‘shab, idishchaga sabzi, karamni maydalab solib qo‘ydi. Avvaliga biroz cho‘chib turgan tipratikancha sal o‘tmay sabzavotlarni paqqos tushira boshladi.
Ikki hafta ichida tipratikanchaning rangi to‘qlashib, ancha dadillashib qoldi. Sardor maktabdan qaytishi bilan hovlining to‘riga yugurardi. Tipratikanni uychasida yotganini ko‘rib, xotirjam xonasiga yo‘l olardi.
Shunday kunlarning birida Saodat opa kechga yaqin oyoqlarini bazo‘r bosib ishdan qaytdi. Rangi oqarib ketgan onasini ko‘rgan bolalar xavotirga tushishdi. Uyga kelgan shifokor Saodat opaga zarur muolajalarni olib, tuzalgunicha qimirlamay yotishi kerakligini, uy-ro‘zg‘or ishlariga urinmasligini tayinladi. Saodat opa shifokor aytgan muolajalarning hammasini bekam-u ko‘st bajarsa-da, bir necha kun o‘tsa hamki, tuzalavermadi. Uning betobligini eshitib, qo‘lida bir kosa ovqat ko‘targancha qo‘shni Xolida opa kirib keldi. Qo‘shnisining hazil-huzullaridan Saodat opaning dardi ancha yengillashdi. Ketishga hozirlangan Xolida opa “Faqat siz meni kuzatib qo‘yaman, deb bezovta bo‘lmang”, degancha eshikdan chiqarkan, ko‘zi qo‘lida tipratikan ushlab turgan Sardorga tushdi:
– Sardor, tipratikaning ancha katta bo‘lib qolibdi-ku! Uning go‘shti ko‘p dardga davo bo‘ladi. Buningni pishirib onangga yedirgin. Qara, ahvolini. O‘rnidan turolmay qolibdi-ku, – dedi.
Kutilmagan gapdan Sardor esankirab qoldi. U oyisi yotgan uyga kirdi. Qo‘lidagi tipratikanga uzoq tikilgancha gapni nimadan boshlashni bilmay kalovlanib turdi:
– Oyi, Xolida opaning aytishicha, tipratikan go‘shti har qanday dardga davo emish. Agar... – dedi-yu, jim bo‘lib qoldi.
– Eshitdim, bolam, eshitdim. Xolida opangni ovozi shu yergacha keldi. Xavotir olma, o‘g‘lim, men ancha yaxshiman. Dardini bergan Xudoyim shifosini ham o‘zi beradi. Agar jonivorlarning go‘shti hamma dardga davo bo‘lganida, yer yuzida dardmand odamlar qolmagan bo‘lardi. Tipratikan bor xonadonlarga xavfli va zararli jonivorlar – ilon, kaltakesak, suvarak, qo‘ng‘izlar aslo yo‘lamaydi. Tipratikanning ham joni bor. Ularni qiynashga, azob berishga hech kimning haqqi yo‘q. Shuning uchun hech narsani o‘ylamay mittivoyingni katta qilaver.
Onasining gaplaridan Sardorning ko‘zlari porlab ketdi. U onasini mahkam quchoqlab oldi-da, “Baxtimizga tezroq tuzaling, oyijon”, dedi...
Oradan ancha vaqt o‘tdi. Sardor maktabdan qaytsa, hovli tomorqasida tumshug‘i bilan nimanidir cho‘qiyotgan hakkaga ko‘zi tushdi. Ko‘ngli noxush bir nimani sezgandek, o‘sha yoqqa yugurdi. Hakka chaqqonlik bilan uchib ketdi. Sardor ne ko‘z bilan ko‘rsinki, tipratikani qonga belanib yotardi. Qush uning boshini ayamay cho‘qib tashlabdi. Shoshib qo‘liga oldi – hali tirik.
Sardor daraxt tepasida turgan hakkaga qarab:
– Nahotki, shunchalar beshafqat bo‘lsang?! Axir senga nima yomonlik qildi bu? Hammaning joni o‘ziga aziz. Sen ham biror shikast yesang, joning og‘riydi-ku! Oyim har doim, “Hakkaning ovozi eshitilib qolsa, haydab yuborgin, bu sayrashi xunuk qush, hamma mevalarni cho‘qib tashlaydi”, desalar ham senga indamasdim-ku! Yaxshiligimga qilgan javobing shumi? Sen bugun qadrdon tipratikanimga ozor berding. U bilan har kuni suhbatlashardim. Sirlarimni aytardim. U gapirmasayam meni yaxshi tushunardi. Buni ko‘zlaridan sezardim... – dedi yig‘lagudek bo‘lib. Tipratikan esa Sardorning qo‘lida bezovta tipirchilab-tipirchilab, oxiri qimirlamay qoldi...
Sardor hovli yuzida cho‘kkalagancha uzoq o‘tirdi. Uning ko‘zlaridan tinmay yosh tomchilardi...
Shu voqeadan so‘ng Sardor juda kamgap bo‘lib qoldi. Akasi unga ona-bola tipratikanlarni sovg‘a qildi. Ammo bu o‘zining tipratikanidek xursandchilik berolmadi. Shu-shu hakkaning ovozi eshtilishi bilan Sardor qayerda bo‘lmasin: dars tayyorlayaptimi, ovqatlanyaptimi, darrov o‘rnidan turib hovliga yugurib chiqar, “Kisht-kisht, uyimizdan ket. Sendek berahmlarga bizning daraxtlarimizda joy yo‘q”, deb haydardi...
Nilufar JABBOROVA