Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘g‘il bolaning siri

G‘ira-shira tong qorong‘isida g‘alati gap – so‘zlardan istar-istamas uyg‘onib ketdim. Onam ko‘cha kiyimlarini kiyib olibdi. Otam ham kiyingan. Boshida qalpoq. Shunda ular mendan yashirincha qayoqqadir ketmoqchi bo‘lishganini anglab injiqlandim:

– Meniyam opketasiz!

– Jim, – dedi onam past, ammo sirli va biroz vahimali ohangda. – U joyga bolalar bormaydi. Sen uxlayver. Uyg‘onguningcha kelamiz, xo‘p?!

– Xo‘-o‘p, – dedim sahargi shirin uyqudan voz kechgim kelmay.

Eshikdan chiqisharkan, onamning piqillab yig‘lagani elas-elas qulog‘imga chalindi.

 

* * *

Kun peshindan og‘ganda nima bo‘lganini tushundim. Akam aytdi: qishloqda yashaydigan momom vafot etibdi. Men avvaliga vafot etish nimaligini anglamadim. Tushunganimdan keyin tomog‘imga nimadir tiqilib qolganini his qildim. Ammo negadir, yig‘lamadim.

Quyosh hovlimiz adog‘idagi terak uchiga tushganda onam akamga telefon qildi. Onam bilan gaplashgach, akam “kiyin, qishloqqa ketamiz”, dedi. Quvonib ketdim. Axir qishloqqa ketamiz-u, quvonmay bo‘larkanmi?! U yerda o‘rtoqlarim ko‘-o‘p! O‘ynaymiz, mazza qilib. Bu yer bo‘lsa... Aslida, bu yer ham qishloqdan qolishmaydi. Shahar bilan qishloq o‘rtasidagi bir joy. Yarim shahar, yarim qishloq. Bolalar bilan qo‘y boqamiz, lanka tepamiz. Latta to‘p yasab, futbol o‘ynaymiz. Cho‘milishga boramiz. Lekin qishloq boshqacha-da! U yerda qarindoshlarimiz juda ko‘p. Hammasi yig‘ilsa, to‘y bo‘lib ketadi o‘ziyam.

Qishloqqa – to‘ppa-to‘g‘ri momomlarnikiga kirib bordik. Manzarani ko‘rib, yuragimni vahima bosdi. Ayollar uv tortib yig‘layapti. Onam ham. Erkaklar davrasidan otamni axtardim. Otam to‘n kiyib olibdi, belida belbog‘, boshida ertalab kiygan qalpog‘i. Qo‘lida ro‘molcha bor-u, ko‘zida yosh ko‘rinmaydi. Lekin ro‘molchasi ho‘l. Shunda shuurim voqeani to‘la angladi!

Birdaniga qichqirib yubordim:

– Momom qani-i?! Momomga boraman!

Kimdir qo‘limdan qattiq siqib ushladi. Boshimni ko‘tarib qarasam, otam!

– Yig‘lama, to‘polon qilma! – dedi otam qat’iy. – O‘g‘il bolaga yig‘i yarashmaydi.

O‘g‘il bola yig‘lamasligi kerak ekan, deb, to‘g‘risi, zo‘rg‘a chidadim. Menga momomni ko‘rsatishmadi. Chunki u tushda chiqarilgan ekan. Chiqarish nimaligini bilmadim. Biroq butun qishloq yig‘ilib yig‘layotganidan tushunib yetdimki, momomni hamma yaxshi ko‘rarkan.

Shunday qilib, qishloqda tengdosh jo‘ralarimdan hech birini ko‘rolmay, momomning qo‘lidan paxtapalov ham yeyolmay, uyga qaytdik.

Uch kundan so‘ng otam yana qishloqqa jo‘nadi. Onam ham. Yetti kundan so‘ng yana o‘sha yoqqa ketishdi. Xullas, otamning ham, onamning ham ko‘ngliga qil sig‘masdi. Kamgap bo‘lib qolishgandi. Akam ham huda-behuda gapiravermas, otam bilan onam aytmay turib hamma ishlarni saranjom qilib qo‘yayotgandi. Men esa o‘rtoqlarim bilan bo‘lib, hamma narsani unutdim. Har-har zamon otam kechki ovqat payti momomni eslar, uning ishlarini xotirlardi. Onam momomning tugunini shirinliklarga to‘ldirib, bizni ko‘rgani kelgan paytlarini eslardi. Akam qishloqda yashagan paytimizda momom bilan bo‘lgan hangomalarni so‘zlab, hammamizni kuldirardi.

Ana shunday paytlarda momomni shirinlik ulashgani ko‘z oldimdan o‘ta boshlardi. Momom kelganda menga hech kim ish buyura olmasdi. “Mening nevaramga gapirmanglar, o‘zinglar opkelinglar nima kerak bo‘lsa!” derdi momom. Men esa mazza qilib shirinlikka to‘yardim. Hammadan ko‘p meni erkalardilar.

Oradan bir oy o‘tgan bo‘lsa-da, momomning chindanam endi yo‘q ekanligiga ishonmasdim. Ishonardim: u yana bizni ko‘rgani keladi! Qo‘lida – tuguncha. Tugunchaning ichi to‘la shirinlik bo‘ladi. Eng ko‘pini men yeyman!..

Kunlarning birida maktabdan qaytayotib uyimiz tomonga ketayotgan kampirni ko‘rib qoldim. Orqasidan yaxshilab razm solsam, momomning o‘zginasi! Egnida o‘sha yozgi yengi uzun ko‘ylak, boshida eski ro‘moli. Qo‘lida esa – tuguncha. Biroz munkaygan. Bu kampir, shubhasiz, mening momom! To‘xta, momom o‘lgan-ku! Qanday qilib yana kelishi mumkin? Yo‘q, momom hazillashgan. Meni aldash uchun shunday qilgan.

Undan keyin o‘sha kun onam ham aytdi-ku: “Momong o‘lmagan, u hech qachon o‘lmaydi! Chunki u tabib edi. Butun qishloq uni har kuni eslaydi!” deb. Demak...

Shunday fikrlar miyamdan yashin tezligida o‘tarkan, “Momojon!” deb shunday tez yugurdimki, zum o‘tmay momomga yetib oldim. Qo‘lidan qattiq ushladim:

– Momojon!

U menga “yalt” etib qaradi... Yo‘q, bu kampir boshqa birovning momosi ekan!

Men uyatdanmi, alamdanmi kampirga bir og‘iz gapirmay yugurib ketdim. Uyga borgach, kiyimlarimni shapir-shupur almashtirib, tushlik ham qilmay, qo‘radan qo‘ylarni haydab chiqdim.

– Biror narsa yeb ol! – qichqirib qoldi onam ortimdan.

Indamay qo‘ylarni zovur labiga haydadim. Bolalarga qo‘shilmadim. Qo‘ylarniyam alohida boqdim. Yam-yashil chimga o‘zimni tappa tashladim-u, o‘pkam to‘lib, yig‘lab yubordim. O‘kirib-o‘kirib yig‘ladim. Chunki men bugun momomning chindanam o‘lganiga ishondim. Ishondim-u, o‘rtanib ketdim. Chunki endi momom hech qachon bizni ko‘rgani kelmaydi, shirinlik obkelmaydi, meni erkalamaydi, biz uni ko‘rgani borganimizda “paxtapalov” damlab bermaydi, jizzali non ham pishirmaydi, endi, peshonamdan o‘pmaydi. “Mening nevaramga gapirma hech qaysing!” demaydi... Shularni o‘ylayman-u, ichimda nimadir portlab, ko‘zlarimdan qaynoq yosh bo‘lib chiqib ketadi. Yig‘layveraman...

Birdaniga otamning o‘sha kungi gapi esimga tushdi. “Yig‘lama, to‘polon qilma! O‘g‘il bolaga yarashmaydi!” Birdan atrofga alangladim: Xudoga shukr, hech kim yo‘q ekan! Yig‘laganimni hech kim ko‘rmabdi, eshitmabdi.

Zovurga tushib, yuzimni yuvib oldim. Keyin qo‘ylarni bolalar tarafga haydadim...

Kechqurun charchab, uxlab qolay-uxlab qolay, deb turganimda otam:

– Tur, “nochnoy progulka”ga chiqamiz! – deb qoldi.

Menga birdaniga jon kirdi. Negaki, otam bilan kechki sayrga chiqish degani – mazza qilib shokolad yeyish, muzqaymoqxo‘rlik qilish degani-da!..

Otam tanish do‘konchidan menga muzqaymoq olib berdi. Muzqaymoqni yegunimcha do‘konchi amaki bilan gurunglashib o‘tirdi. Keyin menga yuzlanib:

– Xohlagan shokoladingni tanla! – dedi. – Faqat bitta.

Do‘kondan chiqib, uyga yo‘lni atayin aylana ko‘chadan soldik. Oy to‘lgan kecha. Ignaniyam ilg‘ash mumkin. Yop-yorug‘. Shu payt otamning yig‘lab borayotganini payqab qoldim.

– Dada, sizga nima bo‘ldi?! – dedim qo‘rqib.

Shu paytgacha erkak kishining yig‘laganini ko‘rmagandim-da, axir. Tag‘in o‘sha – hamma yig‘lagan kuni otam menga o‘g‘il bolaga yig‘lash yarashmasligini aytgandi. Bugun bo‘lsa, o‘zi...

– O‘g‘lim, – dedi otam yelkamga qo‘lini qo‘yib, – hech kimga aytish yo‘q! Bu – bizning sir, kelishdikmi?

Bosh qimirlatib: “Xo‘p”, dedim. Lekin kunduzi bo‘lgan voqealarni otamga aytmadim...

 

Mansur JUMAYEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.