Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yangi yil mo‘jizasi

Yelena Ambrosova

 

Mana bir haftadan beri hammomga qo‘lqop kiyib kiryapman. Sababi jo‘mrakdan suv o‘rniga qor parchalari yog‘yapti.

Bu mo‘jiza men Qorboboga ishonmay qolgan kunimdan boshlandi.

Yangi yil ta’tiliga chiqish arafasida a’lochi dugonam Dasha menga:

– Tonya, Qorbobo aslida yo‘q. Archa tagidagi sovg‘alarni ota-onamiz qo‘yishadi. Sen yozgan xatingni Qorbobo o‘qiydi, deb o‘ylaysanmi, aslida sen uni ota-onangga yozasan. Ular xating asosida senga sovg‘a olishadi, – dedi. Men a’lochi dugonamga ishondim, chunki u sinfda hammadan aqlli-da. Maktabdan kelishim bilanoq ota-onamdan, Qorbobo haqiqatdan bormi yoki yo‘qmi, deb so‘radim. Ular kulimsirab:

– Tabriklaymiz, Tonya, Qorboboga ishonmayapsanmi, demak, katta qiz bo‘libsan, – deyishdi.

– Demak, Qorqiz ham yo‘qmi? – Ishonqiramay so‘radim.

– Ha, u ham afsona.

Shunaqangi xafa bo‘ldimki, ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. Astoydil yig‘ladim. Hammomga ko‘z yoshimni yuvish uchun kirib jo‘mrakni buradim! Shunda mo‘jiza ro‘y berdi. U yerdan suv o‘rniga qor parchalari yog‘ilardi. Men bu mo‘jizaga lol bo‘lib qotib qoldim. Bu payt vannaga anchagina qor to‘plandi. Qo‘limga qor olib diqqat bilan tikildim – ular haqiqiy edi. Men uni yuzlarimga surtdim va shu zahoti tetiklashdim. Tushundimki, Qorbobo menga salom yo‘llayapti. Ota-onamga bu haqda hech nima demaslikka qaror qildim. Bu mening sirim bo‘lib qolsin.

Shu zahotiyoq qordan ayiqcha yasadim. Qo‘lim muzlab qo‘lqopimni olish uchun xonamga kirdim va telefonga ko‘zim tushdi. A’lochi dugonamga telefon qildim:

– Dasha! – qichqirdim go‘shakka. – Biznikiga tez yetib kel. Menga Qorbobo salom yubordi: hammomning jo‘mragidan suv o‘rniga qor yog‘yapti. O‘sha qordan men ayiqcha yasadim.

– Bunday bo‘lishi mumkin emas! – dedi Dasha jiddiy ohangda.

– Kelsang, ko‘rasan. Qordan har xil narsalar yasaymiz.

– To‘xta. Go‘shakni qo‘ymay tur. Men ham jo‘mrakni burab ko‘ray-chi, balki bizda ham suv o‘rniga qor tushayotgandir, – dedi dugonam. Kutib turdim. Bir necha soniyadan keyin:

– Bizlarda qor yo‘q ekan, – dedi shalvirab.

– Balki haliroq kelar, – yupatmoqchi bo‘ldim. – Axir boshqa-boshqa ko‘chalarda yashaymiz-ku.

– Mayli, hozir boraman, – dedi u telefonni o‘chirarkan. O‘n besh daqiqada Dasha hovliqib yetib keldi. Paltosini shartta dahlizga yechib tashladi-da, yugurib hammomga kirdi.

– Qara, – deb jo‘mrakni ochdim. Undan shunaqangi chiroyli, oppoq, momiq qor tushardiki... Dasha hayratdan baqirib yubordi va bir hovuch qorni kaftiga olib tomosha qildi.

– Haqiqiy! Qara, qanday top-toza. Hatto yesa ham bo‘ladi, – shunday deb qorni og‘ziga soldi, anchaginasini yeb qo‘ydi. Keyin biz u bilan qordan chiroyli saroy yasadik, hatto uni har xil bo‘yoqlar bilan bo‘yadik. Birdan miyamga bir fikr keldi.

– Bilasanmi, nega bizning jo‘mrakdan qor yog‘yapti-yu, senikidan yog‘mayapti? – so‘radim Dashadan.

– Nega? – hayratini yashirmadi dugonam.

– Chunki men Qorboboga ishonaman, sen esa yo‘q.

– Bunaqa mo‘jiza uchun men yana Qorboboga ishonishga tayyorman, – dedi Dasha saroy tomlarini bo‘yab turib.

– Faqat yuzaki emas, chin dildan, butun vujuding bilan ishonsanggina Qorbobo mo‘jizasini ko‘rsatadi, bo‘lmasa yo‘q, – dedim.

– Men ham unga xuddi senday ishonaman. Chin dildan, – ko‘zlarini pirpiratdi Dasha.

Ertasi kuni ertalab Dasha qo‘ng‘iroq qildi, avval yo‘taldi keyin xirillagan ovozda dedi:

– Tonya, Qorbobo menga ham salomini yubordi.

– Voy, zo‘r-ku! Demak, jo‘mragingdan qor yog‘yaptimi?

– Yo‘q, gultuvagimda gul o‘rniga archa o‘sib chiqdi. Men uni o‘yinchoqlar bilan bezatdim. Keyin oppoq ko‘ylagimda har xil rangdagi konfetlarning rasmi paydo bo‘ldi.

– Buncha yaxshi! Bu Qorbobo borligiga ishonganing uchun. Faqat nega ovozing xirillayapti?

– Kecha Qorboboning “salomi”ni ko‘proq yeb qo‘yibman, – dedi kulib sinfimizning eng a’lochi qizi.

Ana shunaqa, Yangi yil mo‘jizalar bayrami. Siz ham Qorboboga astoydil ishonsangiz, yangi yilda, albatta, mo‘jiza ko‘rsatadi.

 

Rus tilidan Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.