Qorboboning sovg‘asi
Qishloqdagi hamma odam bu momoni “maqolchi momo,” deb ataydi. Negaki, momo har gapiga maqol qo‘shardi. Momoning qizi Umida o‘g‘li Sardorni onasiga qoldirib, shaharga ishlagani ketdi. Oyda bir kelib ulardan xabar olib ketadi. Momoning ismi jismiga monand. Rivoyat-u masallar koni. Bir kuni o‘qishdan kelsam, onam:
– Bolam, Toshbuvi momongnikiga chiqib o‘tin yorib bergin, boya iltimos qilib ketgandilar, – deb qoldi. Qalinroq kiyinib yo‘lga tushdim. Momoning uyi biznikidan uch hovli narida. Ko‘chalar sirpanchiq, bolalar chug‘urlashib chanalarda uchishyapti. Momoning hovlisiga kichkina darvoza orqali kiriladi. O‘tgan yili qo‘shnilar hashar qilib o‘rnatib berganmiz. Qanday yumushi bo‘lsa, u kishiga qarashib turamiz. Hovliga kirib, momo, deb chaqirdim. Boshiga ro‘molni salla qilib o‘ragan, yana ustidan jun ro‘mol tashlagan, yuzlarini ajin qoplagan, ko‘zlari yoshlanib turuvchi mushtdekkina momo pildirab uyidan chiqdi.
– Assalomu alaykum, momo, damlimisiz?
– Va alaykum assalom, kel, Asadjon bolam, shu g‘imirlab yuribman-da. Baraka topgur, boya onangga tayinlab chiqqandim. Oltin olma, duo ol, umridan baraka topsin Oynisa.
– O‘tinlaringiz qayerda, momo? – deyman jilmayib.
– Sigirni sotgandan beri o‘tinlar molxonada, bolam.
Momoning ortidan ergashdim. Yelkalari bukchaygan, mung‘ayib qolgan momo o‘tgan yillarga qaraganda ancha cho‘kibdi. Balki bu xastalikdandir.
– Qari kelsa, oshga, yosh kelsa, ishga, degani shu-da bolam, baraka top.
O‘tin yorib bo‘lgach, uyga qaytaman desam, momo qo‘yarda-qo‘ymay, choy ichib ketasan, deya uyiga boshladi. Maqolchi momo qarilikni qoralagan bo‘lsa-da, uyi orasta, saranjom. Pechka yonida nevarasi nimalardir chizib o‘tiribdi. Sardor meni ko‘rishi bilan jilmayib o‘rnidan turdi-da:
– Assalomu alaykum, Asad amaki, chizgan rasmimni ko‘ring. Bu men, bunisi katta enam, bu esa Qorbobo.
– O‘xshatib chizibsan, barakalla! Birpasda ulg‘ayibsan-ku.
– Ha, katta enam aytdilar, kelasi yil maktabga borar ekanman.
– Juda yaxshi-da. Qani ayt-chi, yangi yil kuni Qorbobodan nima so‘ramoqchisan?
– Katta enam yaxshi niyat – yorti mol, Qorbobo nima so‘rasang beradi, dedilar. Men Qorbobodan mo‘yqalam bilan birga katta enamga sehrli hassa va yana yuz yosh qo‘shib berishini so‘ramoqchiydim. – Bu gaplarni eshitib turgan momo ko‘zlariga yosh olib:
– Voy, mening shamchirog‘im, niyati butun polvonim, – deya nevarasini quchdi.
– Katta ena, ko‘chada o‘ynab kelsam maylimi?
– Mayli, toychog‘im, yoz yopinchig‘ing tashlama, qishda o‘zing bilasan, mana bu qalin kiyimlaringni kiyib ol.
Sardor quvonchidan sakrab chopib ketdi. Momo nevarasiga tikilib, ortimda qol, deya pichirladi. O‘sha kun negadir g‘alati ahvolda uyga qaytdim. Oradan ancha kun o‘tdi. Yangi yil yaqin. Ayniqsa, bolalarning shodligi cheksiz. Xayolimda esa Sardorning gaplari.
Ertasi kuni onamga, bugun kechroq qaytaman, dedim-da, maktabdan chiqib kitob-daftar do‘konidan mo‘yqalam sotib oldim. Uyga kelib hassabop baquvvatroq shox izladim. Yong‘oq shoxidan hassa yasadim. Endi uni sehrli ko‘rinishga keltirish kerak edi. O‘ylab-o‘ylab ingichka zar tasma bilan hassani o‘rab chiqdim. Qilgan ishlarimdan xursand bo‘lib yangi yil kechasini intiq kuta boshladim.
Muhiba ISMATULLAYEVA