Halollik
Zilola opa shogirdi Maftuna opa bilan Tarix muzeyidan tayyorlanayotgan ko‘rsatuvda qatnashishdi. Muzeydan chiqqanlarida soat oltidan oshgandi. Maftuna opa bolalarini bog‘chadan olishga shoshardi. Shu sababdan taksida ketmoqchi bo‘lishdi. Aksiga olib mashinalar kam. Nihoyat oq Neksiya chetroqda to‘xtadi... Yo‘l-yo‘lakay haydovchi o‘g‘lini maktabdan oldi, Maftuna opani esa bolalarining bog‘chasi oldida qoldirdi.
Zilola opa uyiga yetib kelgach haydovchiga ikkita besh ming so‘mlik uzatib, uyiga kirdi. Bir oz o‘tib ko‘cha eshigining qattiq taqillagani eshitildi. Zilola opa kimligini so‘radi.
– Men – boya sizni uyingizga olib kelib qo‘ygan haydovchiman, – degan ovoz keldi.
Haydovchining aytishicha, Zilola opa bitta besh ming so‘mlik o‘rniga ellik ming so‘mlik pulni berib yuborgan ekan. Haydovchi buni uyiga borganda bilibdi va turmush o‘rtog‘ini olib ortiga qaytibdi. Zilola opa ularning halolliklarini ko‘rib sevindi. So‘ng suyunchi bermoqchi bo‘ldi.
– Opajon, duo qilsangiz bo‘ldi. Olloh bizni hamisha halol rizq bilan siylasin, – dedi haydovchining ayoli. Zilola opa bu imonli odamlarni kuzatib qolar ekan “Eh, qanday insofli, samimiy yurtdoshlarimiz bor-a!” dedi g‘ururlanib.
Iqbolxon MUHAMMEDOVA,
Toshkent shahar Yakkasaroy tumani 144-maktabning 7-sinf o‘quvchisi