Bir hovli qush
Qish. Sovuq avjiga chiqqan. Uch kun burun yoqqan qorning usti ham sovuqdan qotib qolgan. Issiq kiyinib, bo‘yniga ham qalin sharf bog‘lab olgan Aziz hovliga chiqdi. Osmonga qaradi. Uzoqdan nur sochayotgan quyoshning rangi avvalgiday qizg‘ish emas, oqish ko‘rinardi. “Quyosh ham sovuq yermikin-a”, o‘yladi Aziz unga qarab turib. Shu choq, shunaqaga o‘xshaydi, deganday, ojizgina “chirq” etgan ovoz eshitildi. Aziz qarasa, hovli etagidagi kattakon o‘rik daraxtining pastki shoxida mittigina chumchuqcha hurpayib o‘tiribdi. U uchmoqchi bo‘lib qanotlarini silkitdi, lekin joyidan jilolmadi.
– Voy, bechora chumchuqcha, sovuqda don topolmay och qolibsan-ku, qanotingni ham ko‘tarolmayapsan, – dedi Aziz chumchuqcha tomonga yaqinroq borib. – Men hozir qaytaman, – Aziz yugurgilab ombor tomonga o‘tib ketdi. Chumchuqcha uni tushunganday “chirq” deb orqasidan qarab qoldi. Ko‘p o‘tmay, Aziz qo‘lida don solingan tovoq bilan kelib bir hovuch bug‘doyni o‘rik tagiga avaylab sochdi. Chumchuqcha dam yerga sochilgan donga, dam Azizga qaradi. Keyin qorni ochligi uchun qo‘rqsa ham pastga ohistagina uchib tushdi. Uch-to‘rtta bug‘doyni shosha-pisha yutgach boshini ko‘tardi, nega ketmayapsan, deganday Azizga qaradi. Aziz qo‘llarini cho‘ntagiga tiqqancha jilmayib turardi. Chumchuqcha bolaning yomon niyati yo‘qligiga ishonch hosil qildi shekilli, baralla chirqillab yubordi. Zum o‘tmay chumchuqchaning yoniga ikkita chumchuq kelib qo‘ndi-da, hech qayoqqa qaramay donlay ketdi. Qushlarga chug‘urchuq, qarg‘a, hatto baqaloq musicha ham qo‘shildi. Ular azbaroyi ochiqqanlaridan xavf-xatarni ham unutib qo‘yishgandi. Shu payt “taraq” etib uy eshigi ochildi, ukasi G‘ani chiqib keldi.
– O‘-ho‘ aka, bu tekinxo‘r qushlarni nega mehmon qilyapsiz? Hozir palaxmonimni olib chiqib tiriqtiraymi? – dedi G‘ani tirjayib. Qushlar G‘anining ovozidagi tahdidni sezishdimi, hammasi birdaniga “gur” etib uchib ketdi. Faqat musicha munchoq ko‘zlarini dondan uzmasdan sekingina yo‘rg‘alab chetga o‘tdi.
– G‘ani, bechora qushlarni cho‘chitib yubording, judayam qilig‘ing sovuq-da. Agar bilsang, qushlar sirayam tekinxo‘r emas. Yoz bo‘yi dalalarda, bog‘larda uchib zararli hasharotlarni, qurt-qumursqalarni yeb dehqonlarga, bog‘bonlarga yordam beradi. Yoqimli ovozlari bilan odamlarni xursand qiladi, – dedi Aziz.
– Juda-da. Anavi ochofat chug‘urchuqlar g‘arq pishgan giloslarimizni cho‘qib tashlashgani esingizdan chiqdimi, aka? Men hozir ularni, – G‘ani hovli yuzasidan toshmi, kesakmi qidirib alangladi.
– Qushlar ham bizga o‘xshaydi-da. Ular orasida ham Firdavs singari mehnatkashlari, men bilan sen kabi dangasalari ham bo‘ladi-da, – Aziz ukasi xafa bo‘lmasligi uchun ataylab o‘zini ham qo‘shib aytdi. – Agar biz hozir sovuqda don topishga qiynalayotgan qushlarga yordam bersak, do‘stlashsak, balki chug‘urchuqlar ham yomon odatlarini tashlashar. Buvam yomonni ham yaxshi gap bilan yaxshi qilish mumkin, deydilar-ku. Keyin qara, anavi daraxtlar shoxidagi olma, xurmolarni buvam, qishda qushlar yeydi, deb ataylab qoldirganlar.
– Bo‘pti yuring unda, qushlarga in yasaymiz, ichiga don sepib daraxtlarimizga osib qo‘yamiz. – G‘ani kutilmaganda osmonga qarab baqirdi, – qushlarjon, qo‘rqmasdan kelib donlayvering, biz sizga do‘stmiz. – Aka-uka buvalarining yoniga yugurishdi... Ikkita in yasab hovliga chiqishsa, hovli to‘la qushlar, mazza qilib don yeyishyapti. Qop-qora chug‘urchuq esa daraxt shoxida qolib ketgan xurmoni ishtaha bilan cho‘qiyapti.
Muhabbat HAMIDOVA