Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Serka

Yaylovda yaqin qarindoshlar mehmonga kelsa uloq so‘yish odati bor. Shahardan tog‘am kelgan kuni otam o‘tgan kuzda tug‘ilgan qora uloqchani ag‘darmoqchi bo‘ldi.

– Jon otajon, uloqchaga tegmang. Bilsangiz edi, uni shunaqayam yaxshi ko‘ramanki...

Otamning jahli chiqmadi. Qop-qora uloqchaning mo‘ltiragan ko‘ziga qarab turdi-da, keyin og‘ilda boqilayotgan qo‘ylarning birini olib chiqdi.

O‘sha voqeadan keyin qora uloqchaga astoydil mehr qo‘yib, boqa boshladim. Bahor boshlanishi bilan yana yaylovga chiqib ketdik. Qora uloqchaga o‘zimcha Serka deb nom qo‘yib oldim. Rost, u haqiqiy serkaga o‘xshar, podaning eng oldida borayotgan shoxdor oq serkaning ortidan tun-u kun ergashib yurar, otardan ajralib ketayotgan qo‘y-qo‘zilarning yoniga yugurib borardi-da, ularni tumshug‘i bilan niqtab, poda ichkarisiga haydab kelardi.

Oradan vaqt o‘tishi bilan oq serka qarib, oyoqdan qola boshladi. Uning otar bilan xayrlashish vaqti kelib qolgan edi. Ba’zan otam bilan qirga chiqib ketgan vaqtlar shahardan o‘sha tog‘am olib kelgan rubobni chertib, o‘zim asrab qolgan yosh serka bilan kunni kech qilardim. Uning rostakam serkaga aylanib qolganini ko‘rgan otam qari serkaning o‘ziga qanchalar katta yordam berganini gapirib o‘tirib:

– Diding joyida ekan, o‘g‘lim. Har qanday uloq ham serka bo‘lavermaydi, – deb meni maqtab qo‘yardi.

Nihoyat podani boshqarish yosh serkaning o‘ziga qoldi. U juda chopqir, bir irg‘ib yulg‘un va saksovul uchida turar, katta xarsangtosh tepasiga chiqib, o‘tlayotgan qo‘y-qo‘zilarni tergar edi. Uzun shoxlari nayzadek o‘tkir bo‘lib, yurganda soqollari silkinar, yerga engashib, bir tutam o‘tni yulib olardi-da, tag‘in atrofga ko‘z-quloq bo‘lib, bo‘yniga osilgan qo‘ng‘iroqni jiringlatganicha tarqayotgan qo‘ylarni to‘plash uchun chopardi.

Hali kun yoyilmay qirga chiqarilgan qo‘ylarni qosh qorayishi bilan qo‘ralarga haydab kelardik. Avvallari podadan ajragan qo‘ylar qirda qolib kutib turardi. Mening serkamga otarni boshqarish vazifasi yuklangandan keyin bunday voqealar negadir takrorlanmay qo‘ydi. U vaqtda men 5-sinfda o‘qiyotgan edim. Yozgi ta’tilni otam yonida, otarni qirga haydash bilan o‘tkazardim.

Yaylovga chiqqan bo‘lsangiz, havo tez-tez aynib, sel kelish voqeasiga duch kelasiz. Cho‘ponlar xuddi shu paytlarda o‘z otarlarini qo‘ralarga olib kelishga shoshilishar yoki panaroq, pastqam joylarga to‘plab, jala o‘tib ketguncha o‘sha yerda qolib ketishardi.

Bir kuni to‘satdan jala boshlandi. Kun hali qayrilmagan edi. Otam o‘zi minib yurgan biyani mendagi ayg‘ir bilan alishdi-da, otarni zo‘r berib orqaga – ovul tomonga haydashga tushdi. Men esa oldinda borayotgan serka yonida yo‘l boshlovchi bo‘lib, pastga tomon tushib borardim. Sel shunaqayam kuchaydiki, hatto to‘rt qadam naridagi narsani ko‘rish imkoni bo‘lmay qoldi. Men choponimga burkanib, biyaning qorniga oyog‘imni niqtab boraverdim. Otamning qo‘y-qo‘zilarni haydayotgan baqiriq-chaqiriqlari tez-tez qulog‘imga chalinib qolar, o‘shandagina ortimdan otar ketayotgani yodimga tushib, orqamga qarab qo‘yardim.

Nihoyat qo‘raga yetib kelib, otarni joylashtirib bo‘lganimizdan keyin mo‘risidan tutun chiqib turgan ro‘paradagi chodirga kirib, qaltiroqlarimizni bosish uchun pechkaning issiq taftiga o‘zimizni urdik.

– Ota, bironta qo‘y-qo‘zi adashib ketmadimikin? – so‘radim bir oz o‘zimga kelganimdan so‘ng.

– Qaydam, serka otar atrofida girdikapalak bo‘lib yurdi, – dedi otam ishonch bilan. Aytmoqchi, qo‘rada serkangni ko‘rdingmi?

Eslay olmadim. Ko‘zim tushuvdi shekilli. Lekin har gal qirdan qaytayotganda soqolini ushlab, silab qo‘yadigan odatim bor edi. Bu gal sovuqdanmi yoki shoshilganimdanmi, bunday qilmadim. Otamga nima desam ekan, deb o‘ylanib qoldim. Anchadan keyin:

– Esimda yo‘q, – dedim-u o‘zimni eshikka urdim. O‘pkamni qo‘ltiqlab qo‘raga kirdim. Ammo serka qo‘rada yo‘q edi. Yig‘lagudek bo‘lib, chodirga qaytdim-da, ko‘zlarimni pirpiratib otamga qaradim.

Nima gapligini darrov tushundi.

– Hozir qidirib topishning iloji yo‘q, o‘g‘lim. Bunaqa serkalar bo‘riga ham teng keladi. Qo‘yaver, ertaga bitta non berib, mukofotlaysan, – dedi otam hazil aralash.

O‘sha kuni menda uyqu bo‘lmadi. Har ikki tomonimga ag‘darilib to‘lg‘anardim-u, otamdan uyalganimdan “piqillab” yig‘laganimni bildirmay, yo‘talib qo‘yardim. Onam o‘zimcha yig‘layotganimni bilmay, “Bola sho‘rlikni shamollatibsiz-da”, deb otamdan xafa bo‘lib, ustimga og‘ir po‘stin tashlab, o‘rab qo‘ydi. Keyin uxlab qolibman.

Otam yana tongda uyg‘otdi. Kechagi jaladan keyin havo ochilib, ko‘k gumbaz tagida sonsiz oppoq, beg‘ubor bulutlar suzib yurardi. Lekin men hech narsaga qaramay, o‘zimni qo‘raga urdim. Ammo serkamdan darak yo‘q edi. Otam bilan otarni qirga haydab, serkani qidirishga tushdik. Ammo u na yerda, na ko‘kda ko‘rinardi. Oradan ikki-uch kun o‘tib ketdi. Otam meni battar xafa qilishni istamadi, shekilli, serka haqida og‘iz ochmadi.

Oradan bir oy o‘tdi. Serka voqeasi unutilmagan bo‘lsa ham rubobni qo‘limga olib, endi chertmoqchi bo‘lib turgan edim, chap tomonimizdagi Yomonyor deb ataluvchi jarlikdan qandaydir qo‘yning ma’rashi quloqqa chalindi. Irg‘ib o‘rnimdan turdim-da, qora ayg‘irga minib, uni o‘sha tomonga niqtadim. Odam tusha olmaydigan jarlikdan yolg‘iz qo‘yning ma’rashi yana eshitildi. Otni choptirib borib otamga voqeani tushuntirdim. Otam jar yoqasidagi xarsangga arqon bog‘lab, pastga osilib tushdi. Anchadan keyin arqonga bog‘langan qo‘yni tortib oldim. Faqat uni chap oyog‘i singan, o‘zi esa ancha tetik edi. Otam tag‘in jarga qaytdi. Anchadan keyin arqon qimirladi. Qarasam, otam chiqib kelyapti. Ko‘rinishidan pastda ko‘ngilsiz voqea yuz berganini sezdim. Lekin menga hech nima aytmadi, men ham so‘ramadim.

Qo‘ylarni qo‘ralarga joylab bo‘lganimizdan so‘nggina otam qo‘lini asta yelkamga qo‘ydi-da:

– O‘shanda serkanggina emas, mana shu oyog‘i singan qo‘y ham yo‘qolgan edi. Buni senga aytmagan edim. Endi quloq sol. Serkang bilan faxrlansang bo‘ladi. Bitta qo‘yni saqlab, bitta yirtqichni o‘ldiribdi, – dedi.

– Serkam o‘zi qani?

Otam ma’yuslanib yerga qaradi:

– Shoxini bo‘rining kekirdagiga qadaganicha qotib qolibdi.

Ko‘zimdan ikki tomchi yosh pastga dumaladi.

 

Azim Suyun

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.