Mening mitti makonim
Sulaymon Risboyev
Kushubek qishlog‘idan olisga chiqdi-yu bir haqiqatni angladi. Odamga uzoqdan ko‘ringan narsa ulkan va aksincha yaqindagi narsa kichrayib ko‘rinar ekan. Qancha olisga chiqqan edi deysizmi? Ha, aytish esimdan chiqibdi-ku! Kushubek polvon. Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘tadigan xalqaro kurash musobaqasida ishtirok etdi.
Kushubek Qirg‘iziston tog‘lari orasidagi Sariqamish qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan. Musobaqaga borish uchun u mashinaga o‘tirib avval tuman, undan viloyat markaziga keldi. Kushubek avval biror marta ham bu yerlarda bo‘lmagani uchunmi, hammayoq chiroyli, betakror ko‘rinar, atrofni zavq bilan tomosha qilardi. Ayniqsa, respublika poytaxti Bishkek, uning chiroqlari ko‘zni qamashtiruvchi aeroporti Kushubekka ertaklardagi Susambilday sirli ko‘rindi. Samolyot Olmaota shahriga kelib qo‘ndi. Ular mehmonxonaga yo‘l olishdi. “Eh-he, dunyoda shunaqangi chiroyli shaharlar ham bor ekan-a”, deb o‘yladi. Kushubek ko‘pqavatli uylar, peshonasida turfarang chiroqlar yongan koshonalarga suqlanib boqarkan...
Musobaqa ikki kun davom etdi. Kushubek musobaqa bahona ko‘plab do‘stlar orttirdi. U o‘zini “Men Qirg‘izistondan, Bishkekdan keldim”, deb tanishtirar ekan, o‘zi kelgan qirg‘iz yeri uni hayratga solgan bu go‘zal dunyodan ham qadrliroq, suluvroq tuyular, o‘zining mo‘jazgina tuproq ko‘chali qishlog‘ini sog‘inib xo‘rsinib qo‘yardi...
Nihoyat musobaqa tugadi. Kushubek jamoadoshlari bilan Qirg‘izistonga jo‘nab ketdi. Nazarida, samolyot juda sekin uchayotgandek edi. Chunki u tezroq Bishkekka yetishni xohlardi. Biroq Bishkekda ham uning yuragidagi sog‘inch tarqamadi. Endi u o‘z viloyatiga, tumaniga oshiqdi. Hamrohlariga viloyati, tumanining tabiati, sodda, mehnatkash kishilari haqida to‘lib-toshib gapirardi. Mana u qadrdon tumanida. Biroq endi u tezroq uyiga, ona qishlog‘i Sariqamishga yetib olishni, o‘rtoqlari bilan uning tuproq ko‘chalarini changitib chopishni qo‘msardi. Ertasi kuni peshinda Sariqamish uni bag‘riga oldi. Shunda bezovta ko‘ngli halovat topdi, yuragi bir maromda ura boshladi. U torgina ko‘chadan uyi tomon odimlarkan ko‘z qarashlaridanoq mehr balqib turgan ovuldoshlari, bulutlar yonboshlab olgan oqsoch tog‘lari, yoqimli shildirab oqayotgan ariq suvlari, adirlarni to‘ldirib o‘tlayotgan qo‘y-echkilar, onalari atrofida beg‘am-betashvish sakrab-sakrab yurgan qo‘zichoqlar, bari-bari ko‘ziga issiq va yoqimli ko‘rinar, ularga qarab dili quvnardi.
Dunyodagi eng go‘zal shahar-u o‘rmonlardan, daryo-yu ko‘llardan ko‘ra ham chiroyli, yurakka yaqini o‘zing tug‘ilib o‘sgan ovuling, ota uying ekan, deb o‘yladi Kushubek. U bu haqda barcha do‘stlariga aytgisi keldi. Bu xulosa uning boyagina bosilgan yurakdagi hayajonini qaytadan qo‘zg‘atib yubordi. Nega endi, shu paytgacha har kuni o‘zi qo‘zi-uloq haydab, o‘rtoqlari bilan chopqillab o‘ynab yurgan shu mo‘jaz qishlog‘ining bunchalik qimmatli, bunchalik buyuk ekanligini sezmaganligidan hayron bo‘lganicha qadamini tezlatdi. Uni olisdan tanigan Bo‘ynoq iti lapanglab yugurib kelar ekan, u ham Kushubekning ko‘ziga dunyodagi eng azamat it bo‘lib ko‘rindi.
Qirg‘iz tilidan Ravshan ISOQOV
tarjimasi