Vijdon
M.Zoshchenko
Alyoshaning deyarli hamma baholari “uch”. To‘g‘ri, “ikki” olmaydi, lekin hammasi “uch”. Qachonlardir bir marta “to‘rt” baho ham olgan. Doim shu “to‘rt”i bilan maqtanib yuradi.
Bugun o‘zi kutmagan holda to‘satdan musiqa fanidan “besh” baho oldi. U qandaydir ashulani maromiga yetkazib aytib berdi. O‘qituvchi unga hatto: “Barakalla, Alyosha!” dedi. Aksiga olgandek, kundalik daftari uyda qolib ketibdi. Shunday maqtangisi, ko‘rsatgisi kelardiki... Axir o‘ylang, ko‘zi bilan ko‘rmasa kim ham ishonadi. O‘ylay-o‘ylay arifmetika darsida o‘tirib reja tuzdi: “Sinf jurnalini o‘g‘irlayman. Ertalab joyiga qo‘yib qo‘yaman. Hamma tanishlarimga “besh” bahoimni ko‘rsatishga ulguraman”. Tanaffusda sekingina o‘qituvchining stolidan sinf jurnalini olib, papkasiga joylab qo‘ydi va hech narsa bo‘lmagandek jim o‘tiraverdi. Lekin yuragi joyidan chiqqudek “gurs-gurs” urardi.
O‘qituvchi sinfga kirib stolda jurnal yo‘qligidan hayron qoldi. Ikkilandi: stolda jurnal bormidi yoki yo‘qmi? Qo‘limda ko‘tarib kirdimmi o‘zi? O‘quvchilardan biri olishi mumkinligi uning xayoliga ham kelmasdi. Shuncha yillik tajribasida bunaqasi bo‘lmagandi. U jimgina yo‘lakka chiqdi-da, jurnalni qayerga qo‘yishi mumkinligi, nima uchun esidan chiqqanligini o‘yladi.
Alyosha esa sumkasini olib uyiga yugurdi. Tramvayda sumkasidan jurnalni oldi, ochib “besh” bahosini topdi. Unga uzoq tikildi.
Alyosha tramvaydan tushib, ko‘chada ketayotib birdan jurnalni tramvayda unutib qoldirganini bildi. Qo‘rqqanidan yuragi to‘xtab qolay dedi. Tramvayning orqasidan yugurmoqchi ham bo‘ldi, lekin u allaqachon ketib bo‘lgandi. Alyosha oyog‘i kuygan tovuqdek tipirchilardi. Endi nima qiladi? U bunaqa bo‘ladi, deb o‘ylamagandi. Xayoliga nimalar kelmadi. Hatto poyezdga o‘tirib ishlagani shimolga ketsammikan, deb ham o‘yladi. Lekin shu zahotiyoq ota-onasi, buvisi haqida o‘ylab, qaroridan qaytdi. Axir ular xavotirdan tamom bo‘lishadi-ku. Keyin u topilmalar idorasiga murojaat qilsammikin, deb ham o‘yladi. Lekin o‘sha zahoti shashtidan qaytdi, axir uni aybdor qilishlari mumkin-ku.
U kechasi bilan uxlamay chiqdi. Ertalab nazarida hatto ozib qolgandek tuyuldi.
Birinchidan, uni vijdon azobi qiynardi. Butun sinf jurnalsiz qoldi. Hamma do‘stlarining baholari ham yo‘qoldi.
Ikkinchidan, olgan “besh” bahosi-chi. Umrida bir martagina olgan edi-ya. Shu ishni qilganidan afsuslanib, o‘zini qo‘yarga joy topolmadi. Maktabga kelganida asabiylashar, hech kimning ko‘ziga qarolmas, tomog‘iga tosh tiqilgandek edi.
– Bolalar, sinf jurnalimiz yo‘qoldi. Qidirmagan joyim qolmadi. Sinfga kirganimda qo‘limda edi. Aniq bilaman. Yo‘lakda yurib kelganimda ham qo‘limdaligini eslayman, – dedi o‘qituvchi sinfga kirishi bilan.
Bolalarning biri ko‘rdim, biri ko‘rmadim, dedi. Alyosha o‘rnidan turib:
– Topilmalar idorasida bo‘lsa kerak, – dedi.
Sinfda kulgi ko‘tarildi.
O‘qituvchi:
– Qanday qilib, u yerda nima qiladi? – dedi.
Alyosha tag‘in mendan shubhalanishmasin deb:
– Men shunchaki maslahat bermoqchi edim, – dedi sekingina.
Shu payt eshik ochilib bir ayol kirdi. Qo‘lida gazetaga o‘rog‘liq bir narsa.
– Men tramvayda chiptachiman, – dedi u, – bugun dam olish kunim, maktabingizni topib, jurnalingizni olib keldim. Mana, – deb o‘qituvchiga uzatdi.
O‘qituvchi hayron bo‘lib:
– Qanday qilib bizning sinf jurnalimiz tramvayga borib qoladi? Bunday bo‘lishi mumkin emas. Axir men uni yo‘lakdan sinfga ko‘tarib kirganim esimda-ku...
– Keyin uni tramvayda unitib qoldirgansiz, – dedi chiptachi.
O‘qituvchi boshini changallab, stulga o‘tirib qoldi.
– Menga nima bo‘lyapti? Nahotki jurnalni tramvayga olib chiqdim?! Bu ham yetmagandek uni unutib qoldiribman. Aql bovar qilmaydi... Balki maktabdan ketishim kerakdir? Menga dars berish tobora qiyinlashib borayotgandir...
Chiptachi ayol bolalar bilan xayrlashdi. Hamma unga o‘rnidan turib rahmat aytdi. Keta turib u o‘qituvchiga:
– Keyingi safar hushyorroq bo‘ling, – dedi.
O‘qituvchi esa tushunarsiz, ayni paytda achinarli holda bir nuqtaga tikilib o‘tirardi.
Alyosha chidab turolmadi. O‘rnidan turib:
– Jurnalni men o‘g‘irlagan edim, – dedi.
O‘qituvchi jim.
– Tushuning axir. Men o‘g‘irlovdim, jurnalni.
O‘qituvchi ming‘irlab:
– Ha, ha... Seni tushunaman... Olijanoblik qilmoqchisan. Lekin bundan hech nima chiqmaydi... Sen menga yordam berging kelyapti... Men bilyapman... hamma aybni o‘zingga olmoqchisan...
– Men sizga to‘g‘risini aytyapman.
– Rahmat. Olijanobligingni qadrlayman, lekin bu menga yordam bermaydi. Men bir muddat dars berolmasam kerak... Maktabdan ketishim shart... – U shunday deb dastro‘moli bilan ko‘zyoshini artib tezgina sinfdan chiqib ketdi.
Alyosha nima qilsin? U yig‘lab sinfdoshlariga voqeani aytib berdi, lekin hech kim unga ishonmadi.
Vijdon azobidan shu qadar qiynaldiki, undan ko‘ra ming marta jazo olishga tayyor edi. Uyda ham na ovqat yedi, na uxlay oldi.
Ertasiga Alyosha o‘qituvchining uyiga borib bor gapni tushuntirdi. Oxiri ishontirdi. O‘qituvchisi uning boshini silab:
– Qilgan ishingni noto‘g‘riligini kech bo‘lsa ham anglabsan. Demak, senda vijdon bor ekan, – dedi.
Alyoshaning ikki yelkasini ezib turgan tosh qulagandek bo‘ldi. Ikkinchi bunday ishni qilmaslikka o‘ziga o‘zi so‘z berdi.
Rus tilidan Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi