Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Itolg‘i

Davomi. Boshi oldingi sonda.

 

Abduqodir aka, bolaga shu qushni olib berib chakki qilibsiz-da! – dedi o‘qituvchi.

– Nega? Biron nima bo‘ldimi?

– Hozircha hech nima bo‘lgani yo‘q. Ammo Shavkat endi shu qushdan boshqa narsani o‘ylamay qo‘ydi, o‘qishdan chalg‘iyapti. Faqat o‘zi emas, boshqa bolalar ham darsdan keyin Shavkatga: “Qushingni ko‘rsat”, deb orqasidan ergashib yurishibdi. Bunaqada bilmadim, buyog‘i endi nima bo‘larkin?! – o‘qituvchi afsus bildirgandek yelka qisdi.

– Gapingizda jon bor, domla, – og‘ir tin oldi Abduqodir aka. – Ammo bolaning ko‘ngli nozik bo‘ladi, buni mendan ko‘ra yaxshi bilasiz. Shu bolaning ham sazasi o‘lmasin, dedim. Qolaversa, bu parranda ham tabiatning bir ne’mati. Bolakaylar qishloqda yashashsa ham musicha, so‘fito‘rg‘ay, chumchuqdan bo‘lak qushlarni bilishmaydi. Ilgari shu yerlarda kakliklar, o‘rdaklar, hatto tustovuqlar bo‘lardi. Endi ular qani? Bu ketishda qolgan qushlarniyam hayvonot bog‘iga borib ko‘rishsa kerak.

– Men sizni bu haqda tortishishga chaqirganim yo‘q, – dedi o‘qituvchi og‘rinib. – Bizning asosiy vazifamiz – bolaga ta’lim-tarbiya berish!

– Mayli, men o‘g‘lim bilan gaplashaman. Agar qush o‘qishiga xalaqit berayotgan bo‘lsa, biron chorasini toparmiz.

Shavkat shundan keyin otam qushni tog‘amga berib yubormasmikin, deya bir necha kungacha qo‘rqib-hadiksirab yurdi. O‘rtoqlari ko‘chadan chaqirishsa ham uydan chiqmadi. Oldinlari u shunday paytda itolg‘isini qo‘liga qo‘ndirib, asl qahramondek ko‘chaga gerdayib chiqar, atrofini o‘rab olgan tengdoshlari o‘rtasida o‘zini xuddi sirkdagi hayvon o‘rgatuvchidek dadil va mag‘rur sezar edi.

– Shavkat, qushing sichqon ham yeydimi? – deb so‘rardi bolalar.

– Yeydi, – savoldan sal g‘ashlansa ham, Shavkat to‘g‘ri javob berardi.

– Qushingni berib tur, sichqonlarimni yedirib olay!

– Sichqonlaringni olib kelaqol, shu yerda yeb beradi!

Shodligingni do‘stlaring bilan baham ko‘rganga nima yetsin? Shavkat endi ana shu lazzatdan mahrum bo‘ladimi? Otasi ham negadir indamayapti. Tezroq aytadiganini ayta qolsaydi. Nahotki, otasi sekingina, o‘ziga sezdirmay itolg‘ini yo‘qotmoqchi bo‘lsa? Agar shunday qilsa, bunga chidolmaydi! Tog‘asinikiga qochib ketadi.

Shavkat tush ko‘rdi. Tushida hamma baravariga qo‘l cho‘zib, “qushni bu yoqqa ber”, deya tortqilarmish. U esa itolg‘ini bag‘riga bosgancha atrofdagilarning ta’qibidan qutulmoqchi bo‘lib gir aylanarmish. Nihoyat, qushchasi tilga kirib: “Oyog‘imdan ushla, mahkam ushla”, dermish. Shavkat itolg‘ining oyog‘idan tutgani hamon, qush ko‘kka parvoz qilibdi. Ikkisi bir zumda oppoq bulutlar bag‘riga singib ketishibdi.

U isitmadan alahsirab, uyg‘onib ketdi. Tepasida oyisi peshonasiga ho‘l sochiq bosardi.

Shavkat shu kuni maktabga borolmadi. Otasi bilan oyisi ancha tashvishga tushib, o‘zaro pichirlashib qolishdi. Chamasi, ular nima haqdadir tortishardi. So‘ng bir to‘xtamga kelishdi shekilli, Abduqodir aka shunday dedi:

– O‘g‘lim, qushingdan sira xavotirlanma! Agar yaxshi o‘qisang, o‘qituvchingni ranjitmasang, seni hech kim yomon demaydi.

Shavkat yengil tortib, yayrab ketdi. Kasalligini ham unutib, yana qushi bilan andarmon bo‘ldi.

Shavkatlarning kattagina uzumzor bog‘i bor. Uzum ayni g‘arq pishgan mana shu pallada har yili bog‘ni chumchuq va chug‘urchuqlarning “vajir-vujur”i tutib ketar, bu tomondan quvlangan o‘g‘ri qushlar u tomonga yopirilar, sara uzumlarni ayovsiz cho‘qilab, nobud qilishar edi. Endi Shavkat bog‘ni zararkunandalardan qo‘riqlashda itolg‘ini o‘ziga yordamchi qilib oldi. Vahimali qushning sharpasini eshitgan chug‘urchuqlarga sichqonning ini ming tanga: “vajir-vujur” ham bir zumda tinib, bog‘ suv quygandek jim-jit bo‘lib qolardi. Shunda u g‘ururlanib ketar, biron pastqam joyga berkinib, sekingina qo‘ng‘iroqni jiringlatar, keyin darhol yana joyini o‘zgartirib, itolg‘ini chalg‘itmoqchi bo‘lar, ammo u har safar adashmay egasini topib olar edi. Bunaqa bekinmachoq o‘yini ba’zan uzoq davom etardi.

Shavkat bir kuni darsdan kelib, bog‘dan itolg‘ini topolmadi. Qo‘ng‘iroqni qayta-qayta chaldi. Qushdan darak bo‘lmadi. Biron pastqamroq joyga yashirinib oldimikin, deya bog‘ning hamma burchagini ag‘dar-to‘ntar qilib chiqdi. Ammo itolg‘i hech qayerda yo‘q edi. Oqshomgacha ko‘ngliga qil sig‘may, jig‘ibiyron bo‘ldi. “Dalada, begona joyda qolmas, o‘zi kelib qolar”, deya yana umid qildi. Darhaqiqat, qosh qorayar-qoraymas itolg‘i bog‘ etagidagi devorga allaqayerdan uchib kelib qo‘ndi. Qo‘ng‘iroq jarangini eshitsa ham, negadir, parvo qilmadi. Shavkat noiloj qushga yaqinlashdi. O‘zaro aloqa vositasi bo‘lib qolgan tanish ohangda cho‘zib-cho‘zib hushtak chaldi. Itolg‘i shunda ham nimadandir hadiksirab, ikkilanayotgandek goh bo‘ynini cho‘zib, egasini birinchi marta ko‘rayotgandek yotsirab qarar, goh uzoq-uzoqlardagi kengliklarga yovvoyi bir tashnalik bilan qattiq tikilar edi. Shavkat qushning qaytib kelganidan suyungan bo‘lsa ham, undagi o‘zgarishni, begonasirashni ko‘rib, ko‘ngli g‘ashlandi.

Itolg‘ining ahyon-ahyonda shunaqa yo‘qolib qolishi odat bo‘lib qoldi. Shavkat har gal qush g‘oyib bo‘lganda o‘zini qo‘yarga joy topolmas, ovqat ham yemas, darsiga ham qaramas edi. Baxtiga itolg‘i yana ziyon-zahmatsiz o‘z go‘shasini topib kelardi. Qushdagi bu g‘aroyib o‘zgarishdan tashvishga tushib qoldi. Axiyri bir kuni otasidan buning sababini so‘radi.

– Yorug‘ dunyodagi har bir jonzot, avvalo, ozod va erkin yashash uchun yaratilgan, – Abduqodir aka gapni uzoqdan boshladi.

– Unda odamlar nega hayvonlarni qo‘lga o‘rgatadi, nega qafasga soladi?

– Qo‘lga o‘rgatish-ku hozircha holva, – dedi Abduqodir aka boshini chayqab. – Bir vaqtlar odamzod ona tabiat bilan bir tan-u bir jon bo‘lgan, endi esa tabiat ustidan zo‘ravonlikka o‘tildi, buning oqibati yaxshi bo‘lmaydi.

Shavkat uchun bu gaplar butunlay yangilik edi. U avvaliga hech nima tushunmadi. Oddiy bog‘bon otasi shunaqa gaplarni biladi deb sira o‘ylamagandi.

– Unda... itolg‘ini uyimizda asraganimiz ham...zo‘ravonlikmi? – hayrat bilan so‘radi u.

– To‘g‘risini aytganda, buyam bir zo‘ravonlik, o‘g‘lim, – tan oldi Abduqodir aka. – Ammo bu kechirsa bo‘ladigan gunoh.

– Mabodo, itolg‘i tog‘amnikida asralganda-chi? – Shavkat g‘alati bir jumboqning yechimini bilishga oshiqardi.

– Qo‘lga o‘rgatilgan jonivor qayerda yashamasin, baribir yarim tutqindir. Ammo itolg‘i tog‘angnikida yashab o‘tgan va o‘zi o‘rgangan tog‘lik maskanga yaqinroq joyda biroz erkinroq yashashi mumkin edi, – dedi otasi.

– Unda biz itolg‘ini bu yoqqa olib kelib noto‘g‘ri ish qilibmiz-da?

– Balki shundaydir. Biron ish qilishdan oldin hamisha uning oqibatini o‘ylash kerak.

Shavkat endi buyog‘i nima bo‘ladi, degandek ko‘zlarini mo‘ltiratib, otasiga termildi. Abduqodir aka o‘g‘lining nimadan hadiksirayotganini yaxshi bilardi.

– Axir o‘zing ko‘rib turibsan-ku, – ota o‘g‘liga tasalli berishga urindi. – Qushing bu yerda zerikib, o‘zini qayerga urishni bilmay qoldi. Tez-tez yo‘qolib qolishiyam bejiz emas. To‘g‘ri, u senga ancha o‘rgandi. Ammo unga ulkan tog‘lar, baland cho‘qqilar, ko‘z ilg‘amas kengliklar kerak. Ovqatni qo‘ldan emas, ko‘proq o‘zi topib yegani ma’qul. Bu yerda unaqa sharoit yo‘q. Erta-indin g‘o‘zalarga zaharli dori sepiladi. Qushing bo‘lsa, tez-tez yo‘qolib qolyapti, yo‘ldami-cho‘ldami biron falokat yuz bermasaydi deyman. Iloji bo‘lsa, hozircha qushni katakdan chiqarmay tur.

Shavkat otasi aytgandek uch kungacha itolg‘ini katakda saqladi. To‘rtinchi kuni qush ovqatga ham qaramay, nuqul o‘zini simto‘rga urar, qanotini qoqa-qoqa oxiri halloslab qolar edi.

Shavkatning qushga rahmi keldi. Ikkilana-ikkilana katakning eshigini ochib yubordi. Chamasi, qushga faqat shu kerak edi. U qanotlarini sharpasiz, yengilgina silkitdi-yu uchdi-ketdi.

Qush shu ketgancha qaytib kelmadi.

 

Shodmon Otabek

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.