Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Itolg‘i

Shavkat otasi bilan tog‘li qishloqda yashaydigan tog‘asinikiga to‘yga bordi. Mahalla bolalariga qo‘shilib rosa chillak, quloqcho‘zma, bekinmachoq o‘ynadi. O‘yindan zerikkach, atrofi baland paxsa devor bilan o‘ralgan keng hovlini aylanib yurarkan, eski tandir yonidagi katakda bo‘ynini ichiga tortib, mudrab yotgan g‘alati qushga ko‘zi tushdi. Shavkat xuddi tilla topib olgandek, yuragi xapriqib ketdi. Katakka yaqinroq keldi. Sharpani sezgan qush qaddini tiklab, yovqarash qildi. O‘tkir, yumaloq ko‘zlari chaqnab ketdi. Shavkat hayiqib, yaqinlashishga yuragi dov bermadi. Keyin qushning katakda – tutqunda ekani esiga tushib, sal dadillashdi. U bunaqa qushni oldin ko‘rmagandi. Qush qarg‘adan kattaroq, olachipor, chiroyli edi. Uzun va baquvvat panjalari, qayrilma tumshug‘i vajohatiga vahshiy bir tus bergandi.

Shavkat yerdan kichikroq bir cho‘p olib, katak teshigidan qushni turtkilab ko‘rdi. Qush bunga parvo qilmay, boyagidek o‘qraygancha qarab turaverdi. Shavkat yo‘g‘onligi barmoqdek keladigan tayoqcha olib, qushning bo‘yniga qattiqroq turtdi. Shunda qush jahl bilan tayoqni cho‘qib, siltab tashladi. Bu narsa shu qadar tez sodir bo‘ldiki, Shavkat qo‘lidagi tayoqcha qanday tushib ketganini sezmay qoldi.

To‘yxonadagi odamlar tarqay boshlagan, faqat uzoq-yaqindan kelgan qarindosh-urug‘lar g‘imirlashib yurishgandi. Shavkatning otasi bir-ikkita mehmonlar bilan ayvondagi so‘rida choy ichib, gurunglashib o‘tirardi. U sekin kelib otasiga suykaldi.

– Ha, o‘g‘lim? – otasi o‘g‘lining nimadir demoqchi ekanini payqab, boshini siladi.

– Anavi yerda, – Shavkat tandir tomonga ishora qildi, – qush bor ekan, yuring.

– Qanaqa qush?

– Qushdaqa qush-da, yuri-i-ing! – Shavkat otasining qo‘lidan tortqiladi. Abduqodir aka xijolatomuz tog‘aga qaradi.

Shukurali aka bag‘ri keng, saxovatli odam edi. Bolalarni yaxshi ko‘rardi. Tog‘a Shavkatning “dardi”ni darrov fahmladi.

– Hozir o‘zim ko‘rsataman-da, jiyan, hozir, – tog‘a yuziga fotiha tortib, o‘rnidan qo‘zg‘alarkan, mehmonlarga “aybga buyurmaysizlar-da”, degandek jilmayib qo‘ydi. Keyin Shavkatni yetaklab ketdi.

Qush uzoqdan egasini tanidi shekilli, qanotlarini silkitib, tashqariga talpindi. Shukurali aka tandir ostidagi eski-tuski saqlanadigan mo‘jazgina omborchadan uzun charm qo‘lqopni olib kiydi va katak eshikchasini ochdi. Qush ohista, vazmin qanot silkib, uchib chiqdi va egasining qo‘liga qo‘ndi. Shavkat zavqi toshib, lol qoldi. Boyagina mung‘ayib o‘tirgan qushning qanotlari ulkan va baquvvat, o‘zi ham ancha salobatli ko‘rinar edi.

– Tog‘a, bu qanaqa qush? – toqatsizlandi Shavkat.

– Bumi, bu – itolg‘i! – Shukurali aka qushning bo‘ynini, qanotlarini silab-siypar, erkalar edi.

– Itolg‘i? – Shavkat yanglish eshitdimmi deb qayta so‘radi.

– Ha, itolg‘i!

Itni...ovlaydimi?

– Obbo sen-ey, – tog‘a Shavkatning yelkasiga qo‘l tashlab, kuldi. – Itni-ku ovlamaydi-ya, ammo nomi shunaqa. Har xil qushlarni, quyon va tulkilarni ovlaydi. Sichqon, kalamush va yumronqoziqqa o‘xshagan zararkunandalarni rosa qiyratadi.

Shavkat tog‘asining qo‘lida turgan bu g‘alati qushga astoydil qiziqib qoldi. Qaniydi, bu qush o‘ziniki bo‘lsa!.. So‘rasa tog‘asi berarmikin? Tog‘asi uni yaxshi ko‘radi. Shu paytgacha biron marta so‘zini qaytarmagan. Mayli, hali otasiga sekin shipshiydi.

– Tog‘a, itolg‘i qochib ketmaydimi?

– Yo‘q, qochmaydi.

– Nega qochmaydi?

– Chunki bu o‘rgatilgan qush.

– Uni kim o‘rgatgan?

– Kim bo‘lardi, o‘zim-da!

– Vuy, qanday qilib? – Shavkat tog‘asiga havas bilan tikildi.

Odamzodning qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q, jiyan. Mana shu uydagi it, mushuklar ham bir vaqtlar yovvoyi bo‘lgan. Odamlar yillar davomida asta-sekin ularni o‘ziga o‘rgatib olgan.

Shavkatga bu gaplar jo‘n, ayni chog‘da g‘alati tuyuldi. Tog‘asi aytgan shu oddiy narsani bilmasligiga hayron qoldi. Qiziq, nega bu haqda unga hech kim gapirmagan?

– Tog‘a, itolg‘ini bir uchirib ko‘rmaymizmi? – Shavkat hamon qushdan ko‘z uzolmas, ishtiyoqi tobora ortib borar edi.

– Uchirsak ham bo‘ladi, ammo bu qush bemaqsad harakat qilmaydi. Uchishidan bir maqsad bo‘lishi kerak. Aks holda chittakdan farqi qolmaydi. Hozir, hozir, shoshmay tur-chi...

Shukurali aka tevarak-atrofga alangladi. Keyin birdan itolg‘ini ketma-ket, uzun hushtak chalib, osmonga qo‘yib yubordi. Itolg‘i shiddat bilan, bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

– Hozir chumchuqni tutib keladi, – Shukurali aka qiziq bir mo‘jiza ko‘rsatishga shaylangandek, o‘zicha mamnun holda shop mo‘ylovini silab, qushning orqasidan qarab qoldi. Ko‘p o‘tmay itolg‘i hovli tepasida charx urib aylana boshladi. U qanotini erinchoqlik bilan, sekingina, bir-ikki silkitib qo‘yar, havoda yengil, sharpasiz suzar, goho qayrilgan tumshug‘ini panjalariga cho‘zib, nimadir cho‘qilab qo‘yar edi.

Shukurali aka charm qo‘lqopga bog‘langan sariq qo‘ng‘iroqchani jiringlatdi.

– Bu farosat qo‘ng‘irog‘i, – dedi u kulimsirab. – Itolg‘i ba’zan och qolganda o‘ljasini yo‘lda yeb qo‘yadi, shunda mana shu qo‘ng‘iroqni chalsam, esi joyiga tushadi.

Darhaqiqat, qo‘ng‘iroq ovozidan hushyor tortgan itolg‘i pastga qiyalab sho‘ng‘idi. To‘g‘ri Shukurali akaning qo‘liga kelib qo‘ndi. Yerda qonga belangan, boshsiz chumchuq yotardi. Itolg‘i goh yerda yotgan o‘ljasiga, goh egasiga betoqat qarab qo‘yar, patlarini hurpaytirgancha qanot silkib, tag‘in uchishga chog‘lanar edi.

– Boyaqish och qolibdi. To‘y bilan andarmon bo‘lib, bunga yaxshi qaramabmiz. Qani, Shavkatbek, yerdagi chumchuqni qushingga tut-chi!

Shavkat suyunib chumchuqni yerdan oldi. Ayniqsa, tog‘asining “qushingga tut-chi”, degani qulog‘iga yoqimli eshitildi; “Demak, endi bu qush meniki...”

Shavkat itolg‘ining ovqatni qanday yeyishini tomosha qilmoqchi edi. Ammo qush azbaroyi ochiqqanidan bo‘lsa kerak, ikki cho‘qishdayoq o‘ljani yeb qo‘ydi. Shavkat zo‘rg‘a qo‘lini tortib qoldi.

– Mayli, chalasiga sichqon beramiz. Omborxonadagi qopqonlarni qaragin, bironta ilingan bo‘lsa kerak, – dedi tog‘asi.

Shunday g‘aroyib qushning sichqon yeyishi Shavkatga g‘alati tuyuldi. Nazarida, bunda qandaydir bir g‘irromlik, nopoklik bordek edi. Uning tasavvuricha, itolg‘iga o‘xshagan mag‘rur qushlar o‘z yemishini huv anavi bulutlarga to‘sh urgan yuksak cho‘qqilardan topishi yoki o‘ljasini bepoyon osmonda o‘zi mardonavor quvlab tutishi lozim.

Itolg‘i sichqonni cho‘qilayotganda Shavkat ko‘ngli aynib, teskari o‘girilib oldi. Keyin qushga suv keltirdi, katakni hafsala bilan tozaladi.

Shavkatning butun xatti-harakati Shukurali akaning nazaridan chetda qolmadi. U sira ikkilanmay itolg‘ini jiyaniga sovg‘a qilib yubordi.

Shavkatning hayotida go‘yo yangi bir davr boshlandi. U asosiy ishini mana endi topgandek, kunlari chinakam zavq-shavqqa to‘lgandek edi. Butun fikri-zikri itolg‘ida bo‘lib qoldi. Maktabga ketayotib oyisiga qushdan ko‘z-quloq bo‘lib turishni qayta-qayta tayinlar, darsda ham xayoli parishon o‘tirar edi. Undagi o‘zgarishni payqagan sinf rahbari Abduqodir akani maktabga chaqirtirdi. Ularning suhbatini Shavkat yashirincha eshik tirqishidan eshitib qoldi.

 

Shodmon Otabek

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.