Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Uloqchalar

Ona echki bolalagach, bo‘sh vaqtini ko‘chada dugonalari bilan o‘tkazishni juda xush ko‘radigan Shohista qizning zimmasiga har kuni darsdan so‘ng ona-bola jonivorlarni ovul etagidagi bedazor chekkasida bir necha soatga o‘tlatib kelishdek zerikarli yumush yuklatildi. Dastlab xuddi tomchi suvdek bir-biriga juda o‘xshash, qordek oppoq egiz uloqchalarga mehri haddan ziyod baland bo‘lgan qizga bu ish bora-bora malol kelib, sekin-asta ulardan ko‘ngli soviy boshladi. Buning ustiga, ona echkining, jindek qaralmasa, bolalarini ergashtirib duch kelgan tomonga ulog‘ib ketadigan odati bor edi. Shunga ko‘ra, qiz qaysarlanib, zerikarli bu yumushdan o‘zicha bosh tortgan bo‘ldi. Ammo onasi, “jonivorlar uchun bir-ikki soat vaqtingni sarflasang sarflabsan-da, shunga shunchami”, deya jiddiy tanbeh bergach, noiloj alamini ichiga yutishga majbur bo‘ldi. Biroq onasi aytgan o‘sha bir-ikki soat vaqt Shohista qiz uchun misli yilday tuyulardi.   

Kechka yaqin jonivorlarni oldiga solib, uyga qaytarkan, yo‘lda uchragan dugonasiga chalg‘ib, echki-uloqchalarni paqqos unutdi. Qachonki, o‘zidek sergap dugonasi bilan xayr-xo‘shlashib, bunday qarasaki, boyagina ariq bo‘yidagi o‘t-o‘lanlarni chimdib yurgan ona-bola jonivorlardan asar ham yo‘q. Xuddi yerga kirganday g‘oyib bo‘lishgandi. Echki-ku mayli, unga baloyam urmaydi, ammo uloqchalar-chi? Hafta burun ko‘cha boshidagi Sodiq  cholning qo‘zichog‘iga chang solgan malla sayoq it lippa ilib ketgan bo‘lsa-ya! Ana unda onasidan ko‘radiganini ko‘radi.

Balki hovliga kirgandir, degan umid-ilinjda uyi tomon zing‘illadi. Sharpa yanglig‘ sirg‘alib, hovlidan qo‘raga o‘tdi, har ehtimolga qarshi, tomorqaga ham mo‘raladi. Afsuski, jonivorlar  hech qayerda ko‘rinmasdi. Sho‘rlik qizning qozon boshida ko‘kish tutunga ko‘milib, nimadir qovurayotgan onasining nazariga tushib qolmaslik uchun ko‘chaga yugurmoqdan va echki-uloqlarni tezroq qidirib topmoqdan bo‘lak chorasi qolmagandi.    

Shohista nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, ko‘chaning hali u, hali bu tomoniga zir yugurib ona echkini topdi. Jonivor muyulishdagi chog‘roq g‘o‘zapoya g‘arami ustida tonggi jaladan yumshab, xushxo‘r yemishga aylangan g‘o‘za qovachoqlarini tergilab, kavshab turgan ekan. Qizchaning ko‘ngli joyiga tushib, g‘o‘zapoya g‘aramini aylangancha, uloqchalarni qidirdi. Biroq uloqchalar g‘aram atrofida ko‘rinmadi. U yuragi uvishib, xuddi biror ayb ish qilganida onasi o‘zini koyigandek, tepadagi echkini tergashga tushdi:

–  Qani uloqchalaring, qayerga yo‘qotding ularni?

Ona echki yemish bilan andarmon bo‘lib, unga e’tibor ham bermadi.

Qiz ko‘zini yoshlab, savolini takrorladi. 

–  Uloqchalaring qayerda deyapman?

Shohistaning o‘rnida boshqa birov bo‘lganda qo‘liga ilashgan tosh-u kesakni echkiga qarab otgan bo‘lardi. Biroq qizning fe’li o‘ziga xos ajoyib, hatto jonivorlarga ham qo‘l ko‘tarmas, har qancha jahli chiqmasin, jindek koyish bilan kifoyalanar edi. U koyingan kezlarida ona echki boshini ko‘tarib, bir necha soniya unga tikilib turar edi-da, so‘ng “angladim” deganday, “me-ye-ye”lab qo‘yardi. Bu qilig‘i hamisha qizga juda xush yoqardi. Ayni damda ham u tepadan qiz tomon bosh o‘girib, ohista “me-ye-ye”lab qo‘ydi.

–  Tush pastga! – qiz qo‘lidagi g‘o‘zapoya cho‘pini silkilagan bo‘ldi.

Ona echki kavshangancha, nima deysan, deganday och jigarrang ko‘zlarini unga tikib turarkan, orada g‘o‘za qovachoqlaridan yana birini jag‘lari orasiga olishni ham unutmadi. 

Bu safar qiz yig‘lamsiragancha yer tepindi:

–  Tush pastga deyapman senga! 

Ona echki og‘zidagini chaynagancha yerga sakrab tushdi. Ammo qiz kutgandek hovlilari tarafga emas, butunlay teskari tomonga yo‘naldi. Qizning battar jahli chiqib, uning yo‘lini to‘sdi.

–  Qayoqqa ketayapsan, quloqsiz?!

Biroq bu daf’a ona echki, odatdagidek, unga itoat etmadi, qaysarlanib yo‘liga ko‘ndalang bo‘layotgan qizning goh o‘ng yonidan, goh so‘l yonidan oldinga intildi. Jonivorning bu harakatidan qizning g‘azabi alamga aylandi-da, eng qadrdon dugonasiga achchiq qilganday: “Yo‘qol! Butunlay yo‘qolib ket!” – deya ters o‘girilib oldi. Bu – qizning bolalarcha arazi edi. Birozdan so‘ng o‘zicha jahdlanib, ona echkini yo‘rig‘iga solishi tayin edi. Ammo jahdlanish nari tursin, hatto jahllanishga ham ulgurmay, naridan ona echkining ma’ragani eshitildi. Qiz darhol arazini unutib, beixtiyor o‘sha tomonga qaradi. Jonivor boshini ortiga burgancha, kela qolsang-chi, deganday unga termulib turardi. Qiz to‘rsillagancha u sari jilarkan, o‘n besh chog‘li kurkasini kunda bedazorga yoyib, nuqul qorovul chol bilan adi-badi aytishib yuradigan badqovoq qo‘shni kampir singari o‘zicha sanlab, jonivorni kelishtirib koyigan bo‘ldi. 

–  Qachon qarama, asabimga tekkaning tekkan! Bunaqada meni adoyi tamom qilasan-ku, bezraymay o‘lgur! Uloqchalaring qani?!

Qiz gapini adoqlashga ulgurmay, ona echki shartta so‘l yoniga o‘girildi-da, tumshug‘ini xiyol oldinga cho‘zgancha, mehrli ovozda tag‘in “me-ye-ye”ladi. Bu orada uning yoniga yetib kelgan qiz u bosh burib turgan tomonga boqib, o‘zida yo‘q quvonib ketdi. Zangori tusga bo‘yalgan darvozaning o‘ng biqinidagi yashil buta tagiga qo‘yilgan uzunchoq yog‘och o‘rindiq ostida momiq paxtadek oppoq uloqchalar bir-birining pinjiga suqilishgancha mudrashardi. 

Shohista qizning uloqchalarga bo‘lgan mehri qaytadan qo‘zg‘alib, ularni birin-sirin bag‘riga bosib erkalarkan, naq ensasida ona echkining issiq nafasini sezdi, “me-ye-ye”lashini eshitdi. Bu safar jonivor, sen esa bekordan bekorga meni koyib yuribsan, deganday bo‘ldi.

 

Normurod NORQOBILOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.