Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Daryo va jilg‘a

Uch kun  qattiq yomg‘ir yog‘ib, jilg‘a  paydo bo‘libdi. U loyqa, xashak va chirigan shox-shabbalar bilan  ko‘pirib oqib kelar ekan, to‘satdan daryoga duch kelibdi. Daryo unga “Kel, menga qo‘shil, ikkalamiz katta  kuch bo‘lib  odamlarga elektr energiya  hosil qilamiz, ekin maydonlarini sug‘oramiz”, – debdi. Shunda jilg‘a: “Yo‘q,  men erkinlikni, o‘zim alohida oqishni yaxshi ko‘raman, qara, qanday kuchliman – ustimda shuncha shox-shabbani oqizib ketyapman”, – debdi. Shunda daryo “Mayli, ixtiyor o‘zingda”, – dedi. Jilg‘a  hovliqib, suvlarini ko‘pirtirib, duch kelgan tarafga oqib ketdi.

Quyosh tikka kelib, havo isibdi. Kunning qaynoq taftida jilg‘a sekin-asta quriy boshlabdi. Kechga borib, undan  faqat ko‘lmak  qolibdi. 

Alqissa: Qanchalik yosh va g‘ayratli bo‘lsang-da, kamtarin bo‘l. Kattalarning maslahatiga quloq tut.

***

Ikki kitob

Ikki kitob kutubxona rastasida uchrashib qolishibdi. Biri ixcham, o‘qilaverganidan varaqlari titilgan, muqovasi eskirgan. Ikkinchisi qalin, jildi tillarang naqshli, juda go‘zal ekan. U sherigiga debdi:

–   Oshna, usting xarob, titilib ketibsan, erta-indin seni tashlab yuborishadi.

Eski kitob o‘ylanib debdi:

– Gap bezakda emas, balki mazmunda, seni bezagingga qarab, bir-bir varaqlab, rastaga qaytarib qo‘yib ketishyapdi.

–   Sen mening bahoyimni bilasanmi? Narximga sendaqa kitobdan o‘ntasi keladi, – debdi yaltiroq kitob. Shu payt kutubxonachi yaltiroq muqovali kitobni olib maklaturaga tashlab yubordi. Eski kitobni esa qaytadan nashr qilish uchun nashriyotga jo‘natib yubordi.

Alqissa: Mazmunsiz yaltiroq kitobdan, mazmunli eski kitob yaxshi.

***

Qog‘oz va qalam

Qalam va qog‘oz bir ijodkorning stoli ustida uchrashib qolibdi. Shunda qog‘oz dardini ochibdi: “Sen bilan uchrashmaganimda toza va oppoq qog‘oz edim. Birovlar tomosha qilib, ko‘zi quvonar edi. Sen ahmoq esa ustimga  allanimalarni yozib tashlading, qara ahvolimni, qorayib yotibman”.

Shunda qalam: “Ey nodon, senda  bir asar qahramonining hayoti yozilgan, rahmat aytish o‘rniga meni koyiyapsan, men bo‘lmaganimda shuncha umr ko‘rmagan bo‘larding va katta asarning yaralishiga sababchi bo‘lmasding, aksincha, bir keraksiz buyumga aylanarding”, – debdi.

Alqissa: Har doim o‘z vazifang va o‘rningni bil. Shunda odamlarga foydang tegadi.                                                   

                                                                                 

Daminjon  PIRMATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.