Xato
Osmonda pag‘a-pag‘a bo‘lib suzayotgan bulutlar asta-sekin quyuqlashdi, ohistagina yomg‘ir tomchilay boshladi. Ozodbek osmonga qarab xo‘rsinib qo‘ydi. Go‘yoki samo ham unga hamdardlik bildirayotgandek edi. Oyisi xomush o‘tirgan o‘g‘lining boshini silab:
– O‘g‘lim, ertadan maktabga chiqsang ham bo‘ladi. Tengdoshlaringdan ancha orqada qolib ketding. Darslarni o‘zlashtirishga qiynalib qolmagin tag‘in, – dedi-yu qo‘lidagi maktab sumkasini unga uzatdi. – Ertaga o‘tiladigan darsliklaringni joylashtirgin-da, sinfdoshingdan birortasiga qo‘ng‘iroq qilib, uy vazifalarini so‘rab olgin, – dedi. Lekin Ozodbek sumkasiga qayrilib ham qaramadi.
– Oyijon, men endi maktabga bormayman. O‘rtoqlarim dadasi yo‘q, deb masxara qilishadi, Bular menga og‘irlik qiladi. Qo‘ying shu maktabni, biror joyda ishlasam-chi. Endi uyning yolg‘iz erkagi bo‘lsam... – Ozodbek hayron bo‘lib turgan onasiga iltijoli tikildi.
Ozodbekning otasi to‘satdan vafot etganiga bugun yetti kun bo‘ldi. G‘amdan qaddi bukilgan buvisi Ozodbekni yoniga chaqirdi:
– Ota-ona o‘lmog‘i meros, bolam. Qandoq qilay-ki, bu meros senga juda erta berildi. Endi sen oilamizning suyangan tog‘isan. Axir maktabga bormasang, bilim olmasang, qanday qilib biz xohlagan inson bo‘lishing mumkin. Dadang “Mening o‘g‘lim yetuk huquqshunos bo‘ladi. Oilamiz faxriga aylanadi”, deb niyat qilardi. Uning niyatini amalga oshirish uchun yaxshi o‘qishing zarur. Agar komil inson bo‘lishni xohlasang, iloji boricha atrofingdagi mayda-chuyda gaplarga ahamiyat berma. Asosiysi, sen vazmin va sabrli bo‘lgin. Sabrning tagi sariq oltin, deyishadi, bolam.
Ertasiga Ozodbek maktabga bordi. Sinfdoshlari hol-ahvol so‘rab, iliq kutib olishdi. Bunday munosabatni kutmagani uchun oyisi bilan buvisiga aytgan so‘zlarini eslab o‘zidan ranjidi. O‘rtoqlarining yordami bilan qoldirgan darslarini o‘zlashtirib oldi.
Hammaga birday mehribonligi uchun Ozodbekni maktab qorovuli – Ahmad aka ham yaxshi ko‘radi. U darsdan so‘ng maktab hovlisini tozalashga, gullar va daraxtlar parvarishiga yordamlashardi. Dadasidan esdalik qolgan mo‘jazgina bog‘idan turli daraxt ko‘chatlaridan olib kelib, Ahmad aka bilan maktab hovlisiga o‘tqazishdi. Bir kuni gulzordagi gullarini begona o‘tlardan tozalayotgan edi, oyisi osh tayyor bo‘ldi, deya chaqirib qoldi. Buvisining yoniga o‘tirgan Ozodbekning yodiga birdan Ahmad akaning “Oyog‘im zirqirab og‘riyapti, bugun ham yordamlashgani kelolasanmi?” deb so‘ragani tushdi. Buvisidan ruxsat olib, oyisi bergan issiqqina oshni ko‘targanicha maktab tomon shoshdi. Maktab bog‘ida Ahmad aka va uning ishini kuzatayotgan sinfdoshi Nurbek o‘tirgan ekan. Ozodbek Ahmad akaga, oshni issiqligida yeb oling, ishni o‘zim qilib turaman, dedi. Ammo u kishi unamadi:
– Oshni birgalikda yeymiz. Ko‘pchilik bilan yeyilgan taomning mazasi boshqacha bo‘ladi. Faqat qoshiq kamlik qilarkan. Mana bu oshxonaning kaliti, kirib qoshiq olib chiqqin, – deya Ozodbekka kalit uzatgan Ahmad akaning gapi tugar-tugamas Nurbek:
– Qoshiqni men olib chiqaman, – deganicha kalitni olib, oshxona tomonga yugurib ketdi. Tezda oshxonaga kirib chiqqan Nurbek qoshiqlarni Ozodbekka uzatar ekan, oyisi chaqirib qolganligini aytib, shosha-pisha maktab bog‘idan chiqib ketdi... Ertasi kuni ertalab xonaga sinf rahbari Oqila opa bilan oshpaz opa kirib kelishdi. Oqila opa bosiqlik bilan gap boshladi:
– Kecha maktabimiz oshxonasidan pul yo‘qolgan. Afsuski, darsdan keyin maktabga bizning sinfimizdan ikki o‘quvchi kelgan ekan. Ozodbek bilan Nurbek. Qani, o‘rningizdan turib javob bering-chi, qaysi biringiz oldingiz pullarni? Bu pullarga oshpaz opangiz o‘quvchilarga yegulik tayyorlash uchun masalliq sotib olishi kerak. Xato hammada ham bo‘ladi. Agar pullarni olgan bo‘lsangiz, aybingizni o‘z vaqtida tan oling, – dedi.
– Men kecha Ozodbekdan oldin ketganman. Maktabda sport formam qolib ketgani uchun qaytib kelgandim. Ustoz, bu savolingizga Ozodbek javob bersin. Harqalay otasi vafotidan keyin oilasi qiynalib qolgandir. Balkim shu yo‘l bilan yordam bermoqchi bo‘lgandir, – dedi Nurbek gerdayib. So‘ng sinfdoshiga qaradi: – Nima bo‘ldi Ozodbek, tilingni tishlab oldingmi. Gapirmaysanmi, a?
Ozodbek negadir jim turardi. Rangi dokadek oqargan, qo‘llari qaltirardi. Nurbekka qarab nimadir demoqchi bo‘lardi-yu, gapirolmasdi. So‘ng o‘qituvchisiga najot ko‘zi bilan qaradi. Labi pirpirar, lekin ovozi chiqmasdi. Gapira olmagach, ko‘zida yosh bilan sinfdan yugurib chiqib ketdi. Sinfdoshlari sukut alomati rizo, deya tushunishdi.
Shu voqeadan so‘ng Ozodbek bir hafta betob bo‘lib maktabga bormadi, bir og‘iz ham so‘z aytmadi. O‘qituvchisi necha bor uyiga kelib uni ko‘rib ketdi. Shifokorlar ruhiyatiga nimadir qattiq ta’sir qilgan, kutish kerak, deyishdi. Lekin Ozodbekning ahvolida hech qanday o‘zgarish sezilmasdi...
Bir kuni kechki payt Nurbekning onasi Oqila opaga telefon qilib, o‘g‘lining yostig‘i tagidan ko‘p pul topib olgani, dadasi bilan qattiq qistovga olishgach, bu o‘sha, maktab oshxonasidan yo‘qolgan pullar ekanligi ma’lum bo‘lganini aytibdi.
Oqila opa tuni bilan mijja qoqmadi. Qorovul Ahmad akaning, “Men Ozodbekning bunday ishga qo‘l urishiga ishonmayman”, degan so‘zlarini eslaganda o‘quvchisining ahvoli uni yana-da tashvishga solardi. Shoshqaloqlik bilan xato qilib qo‘ydim, yaxshilab surishtirishim kerak edi. Balki ikkalasi bilan alohida gaplashganimda bunday bo‘lmasmidi, degan o‘y unga tinchlik bermasdi...
Ozodbek maktabga borsa-da, biror so‘z aytmas, darslarda javob bera olmasdi. Oylab davom etgan bu holatdan ayrim o‘qituvchilarning noroziligi kuchaydi. Oqila opaga, darsda umuman javob bera olmaydigan, gapirmaydigan bolaga qanday baho qo‘yish mumkin, balki maxsus maktabga yuborarmiz, deya e’tiroz bildirishardi. Oqila opa ularga, hozir Ozodbekka bizning yordamimiz kerak, sabr qilinglar, derdi. Ustozi unga o‘qishlarida ko‘maklashar, darslarni qanday o‘zlashtirganini yozma tarzda tekshirardi. Har gal o‘quvchisi uchun bir-biridan qiziqarli hikoyalarni o‘qib kelar, zavq bilan so‘zlab berardi. Ozodbek qimir etmay tinglar, keyin o‘qituvchisi bilan birga uyga qaytishardi.
Bir kuni to‘satdan dars paytida Oqila opaning tobi qochdi. Shoshib qolgan o‘qituvchilar “Tez yordam” mashinasini chaqirishdi. Shifokorlar, olib ketmasak bo‘lmaydi, deya o‘qituvchini “Tez yordam” mashinasiga olib chiqishdi. Qo‘rqib ketgan Ozodbek mashinaning orqasidan yugurib chiqdi. Beixtiyor lablari titrab:
– Ustoz, ustoz, ustozim... – deya tinmay takrorladi, biroq ovozini faqatgina o‘zi eshitdi, xolos.
Uyiga yugurib kelgan Ozodbek buvisini quchoqlab oldi-da:
– Ustozim betob bo‘lib qoldi, buvijon! U kishi menga ikkinchi onamdek bo‘lib qolgan edilar, – deya yig‘lab yubordi. Buvisi nabirasini tilga kirganidan quvonib uni bag‘riga bosdi. Ko‘ziga yosh qalqdi:
– Bolam, xavotirlanma! Ustozing albatta tuzalib ketadi, ertaga ko‘rgani birga boramiz, – dedi. Ammo Ozodbek ertagacha sabr qilolmadi. Bog‘iga kirib eng chiroyli gullardan terib ajib guldasta yasadi. O‘qituvchisi davolanayotgan kasalxonani surishtirib topdi. Ichkariga kiritishmagach, Oqila opa yotgan xona derazasi yoniga borib:
– Ustoz, ustoz, men Ozodbekman, – deya baqirdi. Tanish ovozni eshitgan Oqila opa ikkilanish bilan, ishonqiramay o‘rnidan arang turdi va oynani ohistagina ochdi. Pastda qo‘lida bir dasta gul ushlab turgan o‘quvchisini ko‘rib hayratdan qotib qoldi.
– Assalomu alaykum ustoz, men keldim. Ahvolingiz yaxshimi? – Ozodbek tutilmay, tiniq va ravon gapirardi.
– Ovozingdan aylanay, bolajonim. Yaxshiman, juda yaxshiman, – shu topda Oqila opa o‘zini dunyodagi eng sog‘lom odamdek his qildi.
Nilufar JABBOROVA