Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Rasmdagi qaldirg‘och

Ertalab Dilshod ayvonchada bobosi bilan nonushta qilib o‘tirgandi. Shu payt ochiq turgan derazadan ikkita qaldirg‘och uchib kirdi-da, tepalarida charx urib, aylana boshladi.

– Vo-oy, qaldirg‘och, – dedi Dilshod ularni qo‘li bilan ko‘rsatib.

– Qaldirg‘och bu – baxt timsoli. U kirgan xonadonda hamisha tinchlik, xotirjamlik bo‘ladi, – tushuntirdi bobosi.

– Janjal ham bo‘lmaydimi, bobo?

– Bo‘lmaydi, bo‘talog‘im, nega so‘rayapsan?

– Ha-a, endi bildim!

– Nimani qo‘zichog‘im?

– Demak, Komil amakilarning uyida har kun janjal bo‘lishi, qaldirg‘och yo‘qligidan ekan-da!

Bobosi nevarasidan bunday gap kutmagan edi. Shuning uchun yelkasiga ohista qoqib, kulib qo‘ydi. Dilshod boshqa savol bermadi.

Ertasiga qarashsa, Komil amakining eshigiga kimdir kattakon qog‘oz yopishtirib ketibdi. Unda uchib kelayotgan bir juft qaldirg‘och surati tasvirlangan edi. Rasm ostiga esa “Qaldirg‘och xotirjamlik timsoli”, deb yozilgandi. Hamma hayron! Bu kimning ishi ekanligini esa faqat ikki kishigina bilardi.

 

Azamat XUDOYBERGANOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.