Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Jamshidning orzusi

Nonushtaga chiqqan Jamshid ota-onasining avzoyini ko‘rib hayron bo‘ldi. Ko‘rpachaga o‘tirar ekan ko‘zi bir dasta pulga tushdi.

Ertalab Norbibi opa o‘g‘lining o‘rin-ko‘rpasini yig‘ishtirayotib, yostiq tagidan anchagina pul topib olgan edi... Ayni vaqtda boshlanayotgan tergov shuning vajidan.

– Bu pullarni qayerdan olding? – so‘radi otasi unga g‘azab bilan tikilib.

Shunda kimdir uning boshidan bir chelak suv quyib yuborgandek bo‘ldi. Jamshid ota-onasining nega bunday kayfiyatda o‘tirganini angladi. Attang, kecha uxlash oldidan pullarini sanabdi-yu, joyiga berkitib qo‘yish esidan chiqibdi-ya.

– Shuncha pul-a! Hali maktab o‘quvchisi bo‘lsang, biron joyda ishlamasang. Bu pullar bir oyda oladigan maoshimdan ham ko‘p-ku! Bolam, to‘g‘risini ayt...

Jamshid otasining kuyinib gapirganidan uyalib ketdi. G‘isht qolipdan ko‘chdi. Endi haqiqatni aytmasa bo‘lmaydi. Hech kimga bildirmay kelayotgan sirini ochishi shart!

– Otajon! Bilasizmi, sinfimizda Orif degan bola bor. U doim bizga qo‘shni tumanda yashaydigan fermer tog‘asini maqtayveradi. Aytishicha, qarindoshining xo‘jaligida sigir, buqadan tortib quyon, tovuq, kurkagacha boqilarkan. Sut, go‘shtni qayta tayyorlaydigan sexlari ishlab turganmish. O‘tgan yili esa qishlog‘idagi o‘g‘il-qizlarga sport maydonchasi, basseyn qurib beribdi... Orif har gal shu tog‘asini tilga olganida mening ham fermer bo‘lgim kelib ketadi. Yarim yildan oshdi, tushlikka beradigan pullaringizdan oz-ozdan tejab yig‘a boshladim. Unga jo‘ja sotib olmoqchi edim, keyin, don-dun deganday, yana boshqa zarur narsalar...

Otasiga Jamshidning ko‘nglini ochib so‘zlagani ta’sir qildi. Chiroyi ochildi.

– O‘g‘lim, yeb-ichardan qiyib pul yig‘ishing shart emas edi. Shunday niyating bor ekan, avvalroq menga aytmaysanmi, o‘zim senga yordam bergan bo‘lardim! Mayli, haliyam kech emas...

Dam olish kuni otasi Jamshid bilan birga hovli etagidagi tovuqxonani ta’mirladi. U besh-olti yildan beri bo‘sh, qarovsiz yotardi. Bunga esa sabablar ko‘p. Er-xotin doim ishda. Ular shifokor. Tungi navbatchilikka ham qolishadi. Tomorqa ishlari, sigir-buzoq, tovuq-kurka boqish qayoqda deysiz. Ammo shunday bo‘lsa-da, u so‘zining ustidan chiqib, o‘g‘liga sara jo‘jalardan sotib olib berdi. Ularni qanday parvarish qilish kerakligini ham o‘rgatdi.

Hadeganda Jamshidga omad kulib boqmadi. Parranda boqishning o‘zi bo‘lmas ekan. Kasallik tegib bir nechta jo‘jasi o‘lib qoldi. Yana maktab, uy ishlari, hammasiga birday ulgurish qiyin. Kundaligidagi “besh”lari qoniqarli baholar bilan almasha boshlaganda esa Shuhrat aka o‘g‘lini yo‘ldan qaytarishga urinib ko‘rdi. Ammo bir voqea sabab bizning qahramon nafaqat darslarini, hatto tovuqboqarlikni ham eplab ketdi.

Es-hushi bemor jo‘jalarida bo‘lgan Jamshid sinf rahbari Vasila opa uni doskaga qayta-qayta chaqirganini anglamay qoldi. Xayoli mashg‘ulotga qaytganida esa kech bo‘lgan edi. Muallima uning yoniga kelib darsdan keyin qolishni tayinladi.

Mana hozir Jamshid ustozi ro‘parasida o‘tiribdi. Ichida o‘zini oqlashga har qancha bahona to‘qisa-da, tiliga chiqarishga jur’at qila olmayapti. Chunki keyingi vaqtlarda o‘qishi bo‘shashib ketdi, to‘garak mashg‘ulotlarini tashlab qo‘ydi. Bugun mana bu ahvol. Muallimasi uning juda xijolatda, ezilib o‘tirganini payqab, dashnom bermaslikni ma’qul ko‘rdi. Darsdan so‘ng nimalar bilan ovora ekanligini surishtirgach, to‘satdan yaxshi taklifni aytib qoldi:

– Xabaring bo‘lsa, yaqinda qishlog‘imizda parrandachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi tashkil qilindi. Men rahbari bilan gaplashib ko‘ray-chi, rozi bo‘lsa, dam olish kuni sinfdoshlaring bilan o‘sha xo‘jalikka sayohat qilamiz...

Jamshid quvonib ketdi. Chunki shu kunlarda u hatto orzusidan kechishni ham o‘ylay boshlagan edi. O‘qituvchisining so‘zlari ko‘nglini shunday ko‘tardiki...

Nihoyat, Jamshid sinfdoshlari bilan o‘qituvchisi boshchiligida o‘sha xo‘jalikka bordi:

“Do‘mboq jo‘jalar” parrandachilik xo‘jaligi rahbari Ahmad Shukurov zamonaviy tovuqxonasini bolalarga ko‘rsatib, shart-sharoiti bilan erinmasdan tanishtirdi. Parranda parvarishi to‘liq avtomatlashtirilgan, don-dun, suv berish, tuxumlarni yig‘ib olish, tozalash ishlari, xona haroratini bir meyorda ushlab turish deysizmi, bari kompyuter dasturi asosida ishlaydigan qurilma yordamida bajarilar ekan. Jamshid bularni zo‘r qiziqish bilan tomosha qilarkan, ishi nega yurishmayotgani haqida o‘ylab ketdi...

Ertalab zo‘rg‘a turadi. Chala-chulpa nonushta qilib, jo‘jalariga chopadi. So‘ng maktabiga shoshadi. Ba’zida esa uy vazifalarini bajarish u yoqda tursin, hatto dars jadvaliga qarab, papkasidagi darsliklarni almashtirib qo‘yishga ham hafsala qilmaydi. To‘garaklarga-ku qatnashmayapti. Uy, maktab ishlariga ulgurmagandan keyin qo‘shimcha mashg‘ulotga vaqtni qaydan topsin? Ha, otasining so‘zlari to‘g‘ri! Agar u har bir ishni aniq muddat va tartib bilan bajarsa, bunda yaqinlarining ko‘magiga tayansa (Jamshid ukasi tugul onasini ham tovuqxonaga yo‘latmayotgan edi. Go‘yoki kimningdir yordami uning kelajakda katta fermer bo‘lishiga xalaqit beradigandek) albatta muvaffaqiyatga erishadi.

Katta taassurotlar bilan uyiga qaytgan Jamshid kun tartibini tuzdi. Kun tartibidan haftada bir marotaba haligi parrandachilik xo‘jaligiga borib, tovuqboqarlik sirlarini o‘rganish (bu haqda xo‘jalik rahbari Ahmad akadan iltimos qilgan edi, u kishi yo‘q demadi) ham joy oldi.

Oradan biroz vaqt o‘tdi. Hozir Jamshidning tovuqxonasida kimo‘zarga tuxum qo‘yib yotgan oltmishdan ziyod tovug‘i bor. Momiq jo‘jalarining-ku sanog‘i yo‘q. Bayramlarda ota-onasining maslahati bilan mahallasidagi yoshi ulug‘ onaxon-otaxonlarga, bolalar bog‘chasiga quti-quti tuxum sovg‘a qilib turibdi. Eng muhimi esa, maqsadi jilovini mahkam ushlagan qahramonimiz kelajakda kim bo‘lishini aniq bilib olgan. Buni endi siz ham bilasiz.

 

Malohat HUSANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.