Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kamarda o‘tgan tun

Ergash ikkalamiz sakkizinchi sinfda o‘qiymiz. Yoshimiz teng. Ergash asli qishloqdan. U amakisinikidan maktabga qatnaydi. Amakisining hovlisi bizning hovlimizga yaqin. Ergashning otasi tog‘oldi Padang qishlog‘idagi maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. Padang Boysun shahar markazidan piyoda yurganda bir soatlik masofadagi qishloq. Tog‘lar orasida joylashgan barcha qishloqlarga yo‘l soy va dara bo‘ylab joylashgan Padangdan o‘tadi. Asosan chorvachilik, lalmi dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi aholi bahor kelishi bilan toqqa yaqin adirlarga ko‘chib chiqishadi. O‘nlab o‘tov va kapalardan iborat bunday turarjoylar ovul deyiladi. Suvli buloqlar va kamarlar yaqinida joylashadigan ovullarning doimiy maskani bo‘lmaydi. Atrofdagi o‘t-o‘lanlarni mollar yeb bitirishgach, boshqa sero‘t yaylovlarga ko‘chishadi.

Bahor kunlarining birida sinf rahbarimizdan ikki kunga javob olib, darsdan so‘ng Ergash bilan Padang qishlog‘i tomon piyoda jo‘nadik. Ergashning otasini qishloqdagilar orqavorotdan G‘affor muallim, deyishardi.

– G‘affor muallim o‘tov tikkan ovul qayerda? – so‘raymiz ro‘paradan kelayotgan yo‘lovchidan.

– Narigi do‘ngdan keyin, – javob berdi u.

Do‘ngdan oshib qarasak, biron ovul ko‘rinmaydi. Soyda mol sug‘orayotgan cho‘pondan yana surishtirdik.

– Ikki do‘ng oshasizlar, Oqtoshdagi buloq bo‘yida, – deb tog‘ tomonni ko‘rsatdi.

Atrofga boqaman. Bahor kezlari adirlarning chiroyi o‘zgacha bo‘ladi. Hamma tomon ko‘m-ko‘k – o‘tloq, maysazor. Neki o‘simlik bor, tuproqdan bosh ko‘tarib, yashashga intiladi. Ayniqsa, shabadada chayqalayotgan qizg‘aldoqlarni aytmaysizmi?

Ovulga yaqinlashganimizda itlarning vovullagani eshitildi. Uzoqdan chopib kelayotgan itni tanidik – Bo‘ynoq. Ergashning otasi shaharga bozor-o‘charga kelganida Bo‘ynoq doim birga keladi. Ergash amakisining uyida yashaydi. Eng zo‘ri – amakisi oshpaz. U doim Bo‘ynoqqa deb suyak yig‘ib qo‘yadi. It atrofimizda quvonib aylana boshladi.

Ergashning onasi – Zubayda xola kuv urayotgan ekan. Kuv – sutni chayqatib yog‘ini olish uchun ishlatiladigan silindr shaklidagi yog‘och idish.

– O‘layjonlar, qanday shamol uchirdi, charchamay topib keldilaringmi, guzardagi qo‘ni-qo‘shnilar salomat yuribdimi? – deb so‘rashdi Zubayda xola.

Ergash yugurib kelgan singlisi va ukasiga keltirgan sovg‘alarini berdi. Ergashning otasi ikkalamizning ham yelkamizga qoqib so‘rashdi.

– Onasi, bolalar yo‘l yurib kelgan, darrov dasturxon hozirla, qaymoq bilan issiq non keltir, keyin bamaylixotir so‘rashaverasan, – dedi keyin xolaga yuzlanib.

Zubayda xola yangi dasturxon yozar ekan, so‘zida davom etdi:

– Iloyo, omon bo‘linglar, bolalarim, yaxshi o‘qinglar, shu adirlarda sizlarning duoyi jonlaringni qilib yuribmiz. Ergash o‘g‘lim harbiy bo‘ladi. Harbiy bo‘lganini ko‘rsam, armonim qolmaydi.

Tog‘da ko‘proq ichadiganimiz – sut, qatiq. G‘affor muallim uyimizga kelganida otamga uqtirardi: “Aka, yosh bolalar doim oqlik yeb tursin, shunda bolalarning iligi to‘q, suyagi mustahkam bo‘ladi. Albatta, uyda sigir bo‘lsin. Bir sigir olib, qishloqqa yuboring. Men o‘zim boqib, qatig‘ini chakki qilib keltirib berib turaman”.

Ovulga kelganimizni eshitgan Elbek ham tezda yetib keldi. Elbek tog‘liklarga xos zuvalasi pishiq, yuzi oftobda qoraygan, bizdan ikki yosh katta, bo‘ychan, abjir bola. U shaharga tushganida men bilan Ergashni ko‘rmasdan qaytmasdi. Elbek sarguzasht kitoblarga o‘ch. Biz unga shunday kitoblar topib qo‘yamiz. U esa tog‘da ro‘y bergan turli voqealarni gapirib beradi.

– Kelganlaringiz yaxshi bo‘ldi, ertaga Oqtoshga chiqamiz, bir tog‘larni tomosha qildiray, tulkining uyasini ham ko‘rsataman, – dedi u jilmayib.

Ammo sayohatimiz Oqtoshga emas, Zovboshi tomonga bo‘ldi. Ertasi yaylovdan qo‘tonga qaytgan mollar orasida Ergashlarning ikki qo‘yi, Elbeklarning ikki echkisi ko‘rinmadi. Ergashlarning sovlig‘i bo‘g‘oz bo‘lib, shu kunlarda qo‘zilashi lozim ekan. G‘affor muallim yoshlikda olgan jarohati tufayli chap oyog‘ini tizzasidan bukolmasdi. Shu sababli piyoda, ulovda yurishga qiynalardi.

– Siz qolavering, muallim, men jo‘ralarim bilan mollarni qidirib topamiz. Bular ham bir oyoqlarining chigilini yozsin, – dedi Elbek.

– Elbek, o‘g‘lim, sen tog‘-toshni yaxshi bilasan, havoning avzoyi buzuq, uzoqqa bormanglar. Mollar shu atrofda biron jarlikda qolib ketgan bo‘lsa kerak. Issiqroq kiyinib olinglar, yomg‘ir tomchilashi bilan kamarga berkininglar. Sen hamma kamarlarni bilasan. Olov yoqish uchun gugurt esdan chiqmasin, – dedi G‘affor muallim. O‘tovdan bir tugun chiqarib, Elbekka berdi va qo‘shib qo‘ydi: – Bu yegulik, qorni to‘qqa balo yo‘q, och yurmanglar. Choy qaynatish uchun tunuka choynakni ham soldim. Xom suvni ko‘p ichmanglar. Uying kapa bo‘lsin, noning katta bo‘lsin, degan eskilar.

Bo‘ynoq ham ortimizdan ergashdi. – Men ovloq, xilvat joylarni qidiraman. Ikkalangiz adirning narigi tomonini qaranglar. Bir-biringizdan uzoq ketmanglar. Qo‘y-echki ko‘rinsa, tovush berasizlar. Ovora bo‘lganimizga yarasha topmay qo‘ymaymiz, – dedi Elbek bir-ikki tepalikdan oshganimizdan so‘ng.

Birdan Bo‘ynoq so‘qmoq bo‘ylab archazorga qarab, yugurib ketdi. Elbek itning ortidan chopdi. Ergash ikkimiz ham ularning orqasidan yugurdik. Oradan biroz vaqt o‘tib, Elbek og‘zi qulog‘iga yetguday jilmaygancha endi tug‘ilgan qo‘zichoqni ko‘tarib, ikki qo‘yni haydab archazordan chiqib keldi. Bu paytda osmonni qop-qora bulutlar qoplagan, shamol kuchayib, yomg‘ir tomchilay boshlagandi.

– Tez-tez yuringlar, hozir qattiq yomg‘ir yog‘adi, men oldinda yuraman, ortimdan qo‘y-echkilarni haydanglar, kamarga bekinamiz, – dedi Elbek qoyatosh tomon ketarkan.

Kamarga yetishimiz bilan yomg‘ir tezlashib, bo‘ron boshlandi. Tog‘ bag‘rida yuvilish, o‘pirilish natijasida hosil bo‘lgan g‘orsimon o‘yiq joy kamar deyiladi. Qadim zamonlarda tog‘liklar kamarlarda yashagan. Tosh ayvon – kamarning old qismi va ikki tarafi tosh terib berkitilsa, tayyor mustahkam boshpana. Kamarda o‘tov, kapa tikib ham yashash mumkin. Biz joylashgan kamar xuddi shunday atrofi berkitilgan, faqat tutun chiqib, yorug‘lik tushadigan baland tuynuklar qoldirilgan edi. Cho‘ponlar doimo undan boshpana sifatida foydalanar ekan. Kamar ichkarisini kuzataman. O‘rtada ikki tosh o‘choq. Biri gulxan yoqishga, ikkinchisi choy qaynatish uchun. Yuqoridagi odam bo‘yi baland tokchada kigiz va po‘stak taxlab qo‘yilgan, bir chekkada o‘tin-cho‘plar, burchakda xas-xashak. G‘ordan kamarning farqi shuki, kamarda olov yoqish qulay – tutun ochiq tuynukdan chiqib ketaveradi. Yana kamar qorong‘i emas, doim quruq, mustahkam bo‘ladi.

Darrov o‘choqqa olov yoqdik. Elbek qo‘zichoqni badanini quritish uchun olov yaqiniga olib keldi. Issiqdan tanasi yayragan qo‘zichoq alpang-talpang qilib biroz yurgach, onasini emishga tutindi. Tunuka choynakda choy qaynatdik. Tugundan qaynatilgan tuxum va patir non olib, shuvoq hidi kelib turgan choyni ichib, tamaddi qildik. Qolgan-qutgan nonlarni Bo‘ynoqqa berdik. Quruq xas-hashakni yoyib, ustidan kigizni yoyganimizdan so‘ng yumshoqqina to‘shak hosil bo‘ldi. Po‘stak sizlarga to‘g‘ri kelmaydi, deb Elbek o‘zining ostiga to‘shadi. Gulxan ta’sirida kamar ichi yaxshigina isidi.

 

Ochil TOSHQULOV

 

(Davomi kelgusi sonda)

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.