Mukofot
Sizga Feruza Jalilova nomi yaxshi tanish. Feruza opa faqat bolalar uchun ijod qiladi. Chunki u sizlarni juda-juda yaxshi ko‘radi. Bu mehr adibaning “O‘zbekiston” NMIUda chop etilgan “Mehr daraxti” kitobida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Feruza opangiz qiziqarli ertak va hikoyalar orqali sizning murg‘ak qalbingizga ezgulik, saxiylik, mehnatsevarlik va rostgo‘ylik xislatlarini singdirishga intiladi. Mana shu fazilatlarga ega bolalar yaxshi bolalar bo‘ladilar-da. Kitobni o‘qir ekansiz, bunga o‘zingiz ham ishonib boraverasiz. “Mehr daraxti”ni mehr bilan kitob javoningiz to‘riga qo‘yib qo‘yasiz.
Quyida ushbu kitobga kiritilgan hikoyalardan biri bilan tanishasiz.
Hammasi o‘sha, matematikadan “5” baho olgan kunimdan boshlandi. Aslida-ku, olgan bahoyim haqiqiy emasdi. O‘qituvchimiz masalaning shartini yozib, uni yechish uchun meni doskaga chorladi. Shu payt uni direktor chaqirib qoldi-yu, sinfdan chiqib ketdi. Ustoz qaytib kelguncha masalani “hashar” yo‘li bilan yechib qo‘ydik. Qarabsizki, kundalikdan kattakon “5” joy olib turibdi-da.
Uyga keldim-u, papkamdan apil-tapil kundaligimni olib, oyim va uka-singillarimga maqtandim. Kechqurun esa, dadamga ko‘rsatdim.
– Barakalla, Azizjon, a’lo baho olsa ham bo‘larkan-ku. Yana qaysi fandan deng – matematikadan! Mana senga mukofot! – Dadam shunday deya, cho‘ntaklaridan ming so‘m chiqarib berdilar. Tushlik uchun esa, oyimdan pul oldim.
Odamning puli ko‘p bo‘lsa ham qiyin ekan. Nimaga sarflashni bilolmay, boshi qotarkan. Shunda do‘stim Nodirdan ajoyib taklif chiqdi:
– Aziz, hozir rasm darsi. Unga kirmasak ham bo‘laveradi. Yur, kompyuter xonaga borib, pulingga o‘yin o‘ynab kelamiz.
Bu taklif menga ham yoqib tushdi. Rosa miriqib kompyuter o‘ynadik. Ertasi kuni yana o‘ynagimiz keldi-yu, ammo pulimiz yo‘q edi. Shunda kallamga bir fikr keldi: kundaligimni ochib, ustozimning imzosini o‘xshatishga urinib ko‘rdim. Qarasam, binoyidek chiqdi. Matematika fanining ro‘parasiga yana bitta “5”ni “qo‘ndirib”, dadamdan mukofot oldim. Ertasi kuni katta tanaffusda kompyuterxonaga chopdim. Tushlik uchun olgan pulimga ham o‘yin o‘ynab, vaqtning qanday o‘tganini sezmay qolibman. Tashqariga chiqsam, hamma maktabdan qaytyapti...
Shu tariqa kundaligimdagi “5”larim soni ortgandan orta bordi. Dadam ham xursand, men ham...
Bir kuni sinf rahbarimizning darsida, ustoz, boshim og‘riyapti, uyga ketsam, maylimi, deya javob so‘radim. Ruxsat tekkach, uyga emas, to‘ppa-to‘g‘ri kompyuterxonaga oshiqdim. U yerda qancha o‘tirganimni bilmayman, tashqariga chiqsam, kun kech bo‘lib qolibdi. Uyga kelsam hovlimizda oyim bilan sinf rahbarimiz gaplashib o‘tirishibdi. O‘qituvchimiz “tobim qochib”, uyga barvaqt ketganim uchun mendan xavotir olib kelgan ekanlar. Shu kuni barcha sirlarim fosh bo‘ldi va dadamdan kattakon “mukofot” oldim.
Yolg‘onning umri qisqa, deganlari shu bo‘lsa kerak.