Masala tuzib...
Elnoraning ukasi Umarjon birinchi sinfni tugatyapti. Hamma fanlardan o‘qishi yaxshi-yu, ammo matematikadan hisob-kitobga zo‘r bo‘lsa ham masala tuzishga hech uquvi yo‘q-da. Mana, ta’til paytida berilgan o‘nta masaladan bittasini ham tuza olmadi. Ertaga esa o‘qituvchi hammadan uy vazifasini so‘raydi.
– Opajon, jon opajon, masalalarni tuzib bering, qarang, rosa ko‘p!
Opasi Elnora esa xotirjamgina kiyinib ko‘chaga otlanarkan:
– Kerak bo‘lsa, o‘zing o‘rgan, o‘zing tuz, o‘zingni sinab ko‘r! – dedi beparvogina.
Opasidan yordam bo‘lmagach, Umarning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, ko‘chaga chiqdi. Uy oldidagi bolalar maydonchasiga o‘tirib, qovog‘ini solganicha hammayoqni ko‘zdan kechirdi. Keyin istamaygina kitobini ochdi.
– Ha, ukatoy, qovog‘ingdan qor yog‘yapti? – dedi uning qarshisida to‘satdan devday paydo bo‘lib qolgan qorinboy Nor. Ochofatligidan uni hamma shunday deb chaqirardi. – Nima gap?
– Ey! – qo‘lini siltadi Umar, – matematika mana shu yerimga keldi, – keyin qo‘lini tomog‘iga tiradi.
– Nima qilishing kerak, o‘zi?
– Nima qilish kerak bo‘lardi, masala tuzishim kerak, yana o‘nta-ya!
Norning miyasiga “lop” etip kelgan fikrdan uning shirmoyday yuzlari yorishib, yashnab ketdi.
– Faqat bir shartim bor-da. Masalani amalda tushuntirib tuzaman. Birpasda hammasini o‘rganib olasan!
– Gap yo‘q, – dedi xursand bo‘lgan Umar, – unda biznikiga ketdik!
Ular Umarlarning xonadoniga ko‘tarilishdi.
– Voy, uyingda tarozi bormi? – so‘radi Nor kiraverishda turgan tarozini ko‘rib, keyin darrov uning ustiga chiqdi.
– O‘-ho‘! Naq 80 kilogramm ekansan-ku! – hayron qoldi Umar.
– Hechqisi yo‘q, – dedi Nor va tantanavor ravishda stolga o‘tirdi. Stolda konfetlar, shirinliklar, turli pishiriqlar likopchalarga solingan edi.
– Qani, masala tuzishni boshlaymiz bo‘lmasa, – dedi Nor stol ustida turgan ne’matlarga olazarak bo‘lib, – masalaning shartini yoz. Umarda 15 ta shokolad bor edi. U likopchadan 15 ta shokoladni sanab oldi-da, 1 tasini qoldirib, qolganini cho‘ntagiga urdi. Umar 14 ta shokoladni Norga berdi. Qani, ayt-chi, Umarda nechta shokolad qoladi?
– 1 ta, – dedi ko‘zini katta-katta ochgan Umar.
– Xo‘sh, ukatoy, keyingi masalalarga bu stoldagi narsalaring maydalik qiladi. – U turib muzlatkich oldiga bordi. So‘ng, qo‘liga kotlet, pishloq va kolbasa, pishirilgan go‘sht bo‘laklarini olib, stolga o‘tirar ekan, yo‘l-yo‘lakay dedi:
– Yoz, yozaver, 10 ta kotlet bor edi, yeyildi 10 ta kotlet... Bor edi 1, 2, 3, 4, 5, 6 bo‘lak pishloq. Yeyildi 6 ta bo‘lak pishloq...
Umar goh dasturxondagi narsalarga, goh Norning og‘ziga kirib unda yo‘q bo‘layotgan yeguliklarga qarar va masalalarini yozib borardi.
So‘nggi – 10-masalaga kelganda stol ham, muzlatkich ham bo‘shab qolgan edi.
– Endi 10-masalani o‘zing tuzarsan, ukatoy, – dedi Nor, – juda charchadim. Yana afsuski, ko‘rgazmali amaliyot uchun narsang ham qolmadi. – Norvoy stuldan zo‘rg‘a qo‘zg‘alganda xuddi tog‘ ko‘chganday bo‘ldi.
– To‘xta, to‘xta, – dedi uning qo‘lidan ushlab Umar, – 10-masalani o‘zim tuzaman. Faqat sen yana taroziga chiqib ko‘r-chi!
Nor istamaygina taroziga chiqdi.
– Ana, bo‘ldi! – chapak chalib yubordi Umar, – 10-masala sharti ham tayyor: “Nor 80 kilogramm vaznda edi. Masala tuzgach, 100 kilogramm bo‘libdi. U necha kilogramm semirdi?” To‘g‘rimi?
– To‘ppa-to‘g‘ri, – dedi Nor, – masalaning amaliyoti yana mening zimmamga tushibdi-da...
Kavsar Turdiyeva