Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yuriy Sotnik. Xaloskor

Hikoya

Erta bahor edi. Biz suzib yurgan muz bo‘laklarini tomosha qilish uchun Aglaya bilan daryo bo‘yiga keldik. Suv yuzasida negadir mayda muz bo‘laklari ko‘p-u, kattalari kam edi.

Biz qirg‘oqdagi xoda ustiga o‘tirib olgancha ermak uchun pista chaqib, daryoni tomosha qila boshladik.

– Bugun negadir ulkan muz bo‘laklari ko‘rinmayapti, kecha juda kattalari oqib kelgandi. Ana shu muz bo‘laklarining bittasida suzib ketayotgan mushukchani ko‘rib rahmim keldi. Miyovlab yordam so‘raganda achinib ketdim, – dedi Aglaya.

– Muzlar hatto odamlarni ham oqizib ketadi, deb eshitganman, – javob berdim men.

– Dneprda o‘tgan yili ikkita qizni oqizib ketgan ekan, ularni beshinchi sinf o‘quvchisi qutqaribdi.

– Kim deding?! Beshinchi sinf o‘quvchisi? Aldayapsan! – shoshib qoldi Aglaya.

– Ishonmayapsanmi? Kechagi gazetani o‘qib ko‘r. Qizaloqlar olti yoshlar chamasi bo‘lishgan. Ularni muz bo‘laklari olib ketayotganini sezib o‘zlarini suvga otishgan va cho‘ka boshlashgan. Beshinchi sinf o‘quvchisi esa katta yog‘och taxtada suzib kelib ularni qutqargan.

– Ha-a! Taxtadami? Unda men ham qutqara olardim! Qutqargani uchun nimadir berishibdimi?

– Ha, “Maqtov yorlig‘i” berishibdi. Gazetada, qahramonlik qilgani uchun, deb rosa maqtashibdi. Hatto rasmini ham qo‘yishibdi.

– Bir kunda qahramon! Kecha hech kim tanimasdi. Biz ham kimnidir qutqarganimizda edi, bir kunda mashhur bo‘lib ketardik.

Men jim turardim. Chunki suzishni bilmasdim-da.

– Bilasanmi, agar rasmga olishsa qanday tushamiz, – dedi Aglaya ko‘zlari yonib, – men Lusha xolam sovg‘a qilgan shapkada tushaman. Keyin ko‘chada yurganimda hamma bizni, ana kechagi xaloskorlar, deyishadi. Zo‘r bo‘lardi-da!

Men, ha yaxshi bo‘lardi, deb qo‘ya qoldim. Aglaya xayolga berilib ketdi.

– Sinfda obro‘yimiz qanday oshib ketardi, o‘ylayapsanmi? Hamma bizga havas bilan qaraydi. Qanday qutqardinglar, qo‘rqmadinglarmi, deb savollar berishadi. Biz esa buni hech bir qiyinchiligi yo‘q, oddiygina qutqardik, deb javob beramiz. To‘g‘ri gapiryapmanmi Lyoshka?

Men jimgina bosh irg‘ib qo‘ydim.

– Nima deb o‘ylaysan, biz ham kimnidir qutqara olarmidik?.. Taxtada... – Aglaya qo‘llarini musht qilib tugdi, ko‘zlarini osmonga tikdi: – Eh! Qani endi hozir biror odamni muz bo‘lagi oqizib ketsaydi!

Men unga bunday voqealar kamdan-kam bo‘lishini aytganimda, u jimgina daryoga tikildi-yu, yuzi yorishib ketdi:

– Lyoshka! Kel, bir-birimizni qutqaramiz.

– Qanday qilib? – tushunmadim men.

– Galma-gal: avval men seni qutqaraman, keyin sen meni. Mana qara, mana bu muz bo‘lagini sekin itarsak oqib ketadi.

– Qanday qilib? – yana tushunmadim men.

– Nega tushunmaysan. Sen muz bo‘lagiga chiqasan, men qirg‘oqda seni ko‘rmaganday bo‘lib aylanib yuraman. Sen ozgina nari ketib “Qutqaringlar!” deb baqirasan. Faqat balandroq baqir. Ko‘prikdagilar ham eshitsin. Ular seni qutqargani kelishadi. Men esa ulardan avval o‘zimni suvga otaman. Shu payt sen ham o‘zingni suvga tashlaysan. Shunday qilib seni qutqargan bo‘laman.

Men qo‘rqqanimdan ikki qadam orqaga tisarildim:

– Nimalar deyapsan, shu sovuqda suvga qanday tushaman! Shamollab qolaman-ku!

– “Shamollayman”mish. Odamlar shu sovuqda cho‘milishadi, suzishadi. Sen esa atigi bir marta tushishga qo‘rqyapsan. Qutqargani kelgan odamlar seni o‘ntalab po‘stin bilan o‘rab qo‘yishadi. Qo‘rqoqlik qilma! – dedi Aglaya.

– Qo‘rqayotganim yo‘q! Ochig‘ini aytsam, suzishni bilmayman, – dedim sekingina.

– Suzishni keragiyam yo‘q! – baqirdi Aglaya, – qara, bu yerda suv belinggacha! Odamlarning ko‘ziga “tomosha” uyushtiramiz.

Men sekin qirg‘oqqa qaradim. Rostanam suv tagidagi narsalar aniq ko‘rinib turibdi. Balki bu yerda cho‘kib ketish mumkinmasdir, baribir e’tiroz bildirishda davom etdim. – Bu yaxshi emas, odamlarni aldash yaxshimas.

– Tentak! Kim odamlarni aldayapti! – jig‘ibiyron bo‘ldi Aglaya, – axir bu yerda men seni rostanam qutqaraman-ku! Bizni aybimiz yo‘q. Agar yolg‘on aralashmasin, desang muzda uzoqroq suz, seni aniq qutqarib olaman. Ikki kundan so‘ng men oqib ketaman, sen qutqarasan.

Men Aglayaga bunday shuhrat kerakmasligini aytdim.

– Ha mayli, senga kerakmas bo‘lsa, menga kerak. Faqat men seni qutqara qolaman, – rozi bo‘ldi Aglaya. – Agar suvga tushishga qo‘rqayotgan bo‘lsang bunday qilamiz. Sen muz ustida uzoqroqqa suzasan, qutqaringlar, deb qattiq baqirasan. Men o‘zimni suvga tashlab muzni qirg‘oqqa itarib kelaman. Seni hatto oyog‘ing ham ho‘l bo‘lmaydi. Kelishdikmi?

Boshqa choram yo‘qligini sezib, noiloj rozi bo‘ldim. Yolg‘on aralashtirmasligini va suzishni bilmasligimni yana eslatib qo‘ydim.

Aglaya xursand bo‘lib:

– Sen qo‘rqma! Men qirg‘oqdan nari ketmayman. Aylanib yurgan bo‘laman.

Men xavotirda istamaygina bir muz bo‘lagiga, bir ko‘prikka qaradim. U yerda odamlar u yoqdan bu yoqqa yurishardi.

– Ha, yana qo‘rqyapsanmi? Bor! – buyurdi qirg‘oqda turib Aglaya.

Sekingina xo‘rsinib muzga yaqin keldim. Yana bir bor Aglayaga qarab qo‘ydim. U goh osmonga, goh menga qarab allaqanday kuyni xirgoyi qilib “aylanib yurardi”.

Hammasi yaxshi bo‘ladi, bir necha daqiqadan keyin yana qirg‘oqda bo‘laman, deb o‘zimni har qancha ishontirsam ham yuragim g‘ash.

Oyog‘imga xuddi tosh bog‘lab qo‘yilgandek zil-zambil, o‘zimga bo‘ysunmasdi. Orqa tomondan “Qo‘rqoq! Borsang-chi!” degan buyruq keldi.

Men hushyor tortib beixtiyor muz ustiga chiqdim. Muz sekin suzib ketdi.

– Qo‘lingni ko‘tar! Yordamga chaqir! – buyruq berdi Aglaya qirg‘oqda turib, ko‘z qiri bilan meni kuzatarkan.

Men qo‘limni ko‘tarib “yordam beringlar”, dedim. Biroq ovozimni o‘zim ham zo‘rg‘a eshitdim.

– Ehe-he-hey! Yordam beringlar! – Aglaya bor ovozda qichqirgancha men tomonga yugurdi. Biroq loyga botib qoldi. Men suvga sakrab qirg‘oq tomonga yurishim kerak edi, lekin bunday qilolmadim, qo‘rqdim. Aglaya o‘rnidan turib, yana yiqildi, tayoqni qo‘liga olib yugurganda men qirg‘oqdan ancha uzoqlashib ketgandim.

“Tamom! Shunday bo‘lishini bilgandim. Hammasi tamom”, derdim ichimda. O‘sha payt nima haqida o‘ylaganim esimda yo‘q. Menimcha, hech nimani o‘ylamaganman. Men ko‘prik tomonga qarab, muz ustida oyog‘imni kergancha oqib borar, baqirishga majolim yo‘q edi.

Aglaya menga yetish uchun jon-jahdi bilan yugurar, qo‘lidagi tayog‘i, kiyimlari, oyoqlari, hatto yuzlarigacha loy edi. Ko‘zlarida xavotir, qo‘rquv ko‘rdim. U menga tayoqni uzatdi:

– Sakra! Sakra! Bu yer chuqur emas, – dedi. Qancha urinmay tayoqni ushlashimga kamida ikki metr bor edi.

Aglaya muz bo‘lagini boshqa tomondan aylanib o‘tdi va yana tayoqni tashladi:

– Sakra! Suvga sakra!

Men, suzishni bilmayman, deb baqirdim Aglaya hech nima demadi. U qirg‘oq bo‘ylab uyoqdan bu yoqqa yugurar, nima qilmoqchiligini o‘zi ham bilmasdi.

Men qo‘rqqanimdan: – Oyijon, – deb baqirdim.

Aglaya qo‘rqqanimni ko‘rib oldinga shunday yugurdiki, qo‘lidagi uzun tayoqning uchi yerda sakrab ketdi.

Men oldinga qarash uchun o‘girilganimda muz bo‘lagi qattiq lopillab ketganidan oyog‘im qaltirab ketdi.

Endi Aglaya qirg‘oqda yugurmasdi, oyog‘ini osiltirib o‘tirar, ko‘zlari bema’no, nima qilishini bilmay, garang edi.

Bu payt muz bo‘lagi Aglayaning ro‘parasiga kelib qoldi, o‘zim sezmagan holda uning qo‘lidagi tayoqqa intildim. Lekin qo‘lim yetmadi.

– Sakra, – ovozi dadillashdi Aglayaning. Lekin sakrashga qo‘rqdim. Aglaya men tomonga, suvga o‘zini otdi. Bir qo‘li bilan qandaydir daraxt shoxini ushlab, bir qo‘li bilan menga tayoqni uzatdi.

– Sakra! Sakra! – yana baqirdi u.

Baxtimga shu yerda tepalik bor ekan, bir sakrashda qirg‘oqqa chiqib oldim. Mening hatto oyog‘im ham ho‘l bo‘lmadi. Aglaya suvdan qanday chiqib olganini bilmayman. Uning yuzi hayajondan, qo‘llari sovuqdan qip-qizarib ketgan, yuzi, kiyimlari loy, og‘zini katta ochib hansirab nafas olardi.

Biz bir-birimizga jim termulgancha, qaltirardik.

– Tirikmisan? – pichirlab so‘radi Aglaya. Men o‘zimga kelib yig‘lab yubordim.

– Tentak! Hammasi seni deb bo‘ldi!

Aglaya birdan baqirib qoldi:

– Qochdik! Odamlar kelishyapti! – Yugur! – Beixtiyor oldinga yugurdim.

Ko‘prik tomondan bir to‘p erkaklar, ayollar, bolalar yugurib kelishayotgandi.

Biz Aglayalarning uyigacha yugurib keldik. Shunda u menga: – Bu voqeani hech kimga aytib qo‘yma! Tasodifan yiqilib tushdim, degin. Eshityapsanmi? Men shamollab qolsam kerak, – deb tayinladi.

Biroq Aglaya kasal bo‘lmadi. Ertasi kuni xuddi hech narsa bo‘lmagandek ko‘chaga chiqdi.

Shundan keyin Aglaya ikkimiz kechagi voqea haqida, shon-shuhrat haqida ham hech kimga og‘iz ochmadik.

Oradan necha yillar o‘tib ketgan bo‘lsa-da, har gal Dnepr daryosi bo‘yiga borganimda o‘sha kungi holatim ko‘z o‘ngimdan o‘tib etim junjikadi. Do‘stim Aglaya esa shu voqea sabab hech kim bilan qaltis hazil qilmaydigan bo‘ldi. Hozir esa do‘stimning roziligi bilan bu voqeani sizga so‘zlab berdim.

 

Rus tilidan Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.