Yaxshi bola
Farhodning oyisi yangi qurilgan tandirda yog‘li patirga qo‘shib shirin kulchalar yopdi. Tandirdan qaynoq nonlarni uzib, savatga soldi. Keyin biroz hovuri bosilgan kulchalardan birini olib kosadagi muzday suvga botirdi-da, boyadan beri tandir atrofida o‘ralashib yurgan o‘g‘liga tutqazdi. Yana bir qip-qizil bo‘lib pishgan kulchani sochiqqa o‘rashga tutindi.
– Bu kimga, oyi? – hayron bo‘ldi Farhod.
– O‘rtog‘ing Muzaffarga, non hidi allaqachon hovlilariga chiqqan bo‘lsa kerak, – jilmaydi oyisi, – qo‘shni haqi.
– Yo‘q, Muzaffarga bermayman. U meni hammani oldida “Uyquchi” deb masxara qilgan, – ko‘nmadi Farhod qovog‘ini solib.
– Voy sen-ey, o‘rtog‘ingning bir og‘iz hazili uchun darrov undan voz kechasanmi?! Bu ishing yaxshimas, o‘g‘lim. Balki u to‘g‘ri gapirgandir. Chunki ko‘pincha uxlab qolib, darsga kechikasan-ku! Ehtimol, u seni xafa qilib qo‘yganidan allaqachon pushaymon bo‘lgandir. Bordi-yu, xatosini tushunmagan bo‘lsa, sendan yaxshi muomala ko‘rsa, albatta tushunadi. Meni aytdi dersan, hali sendan uzr ham so‘rar. So‘ramasa ham mayli. Sen mardlik qil! Do‘stlar bir-birini kamchiligini kechira olishi kerak. Qadimda mard kishilar nafaqat birodarlariga, hatto dushmanlariga ham yaxshi munosabatda bo‘lishgan. O‘rni kelib qolsa, dushmaniga hadyalar berishgan.
– Qanday qilib, nega endi dushmaniga sovg‘a berishgan? – hayron bo‘ldi Farhod.
– Unda quloq sol, – jilmayib gap boshladi Mukarram opa, – bir kuni Hasan Basriy hazratlari (u kishi avliyo bo‘lganlar) o‘zlarini g‘iybat qilgan kishinikiga bir dasturxon noz-ne’mat yuboribdilar.
Odamlar Hazratning bu olijanobligidan hayron bo‘lib so‘rashibdi:
– Nega bunday qilyapsiz, axir u sizning obro‘yingizni tushirish uchun tuhmat qildi-ku!
Hasan Basriy bu savolga shunday javob qilibdilar:
– To‘g‘ri, u kishi mening ortimdan yomonlab gunoh qildi. Biroq, u bu qilmishi bilan menga yaxshilik qildi. Chunki u kishi o‘zi sezmagan holda shu choqqacha qilgan xayrli ishlaridan to‘plagan barcha savobini bizga yubordi. Biz esa unga arzimas hadya jo‘natdik. U bundan to‘g‘ri xulosa chiqarsa, oramizda mehr tiklanadi. Bu bilan biz ham nafsimizni yenggan, ham bir adashgan kimsani to‘g‘ri yo‘lga boshlagan bo‘lamiz.
– Ko‘rdingmi o‘g‘lim, yaxshi odamlar raqibiga ozor yetkazmasdan ham to‘g‘ri yo‘lga boshlay oladi.
– Bo‘pti, oyijon! Bobom aytganlar, men yaxshi bolaman. Beraqoling, kulchani Muzaffarga olib boraman. Birga yeymiz.
Farhod kulchalarni olib, ko‘chaga yo‘l oldi.
Muhabbat HAMIDOVA