Favqulodda holatlarda
Hayotda suv bilan bogʻliq koʻp tasodifiy hodisalar uchrab turadi. Bunga misol qilib yaqindagina Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida sodir boʻlgan voqealarni olishimiz mumkin. Sardoba suv omborining nurashi, soʻngra esa yorilishi natijasida erta tongda bir necha qishloqlarni suv yuvib ketdi. Qishloq aholisi egnidagi bitta koʻylagida arang qochib qutulishga muvaffaq boʻlishdi. Nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo ahli televizor va internet tarmoqlari orqali suv ombori bilan bogʻliq fojealarning guvohi boʻldi. Ana shunday holatlarda tengdoshlaringiz oʻzini qoʻlga olib ota-onasiga koʻmakchi boʻla oldimi, uka va singillarining qoʻlidan tutib xavfsiz yerga olib chiqoldimi, dovdirab qolmadimi? Sardoba bolalari suvda suzishni bilarmidi yoki yoʻq? Oʻylayversak, savollar tugʻilaveradi. Yaxshisi, bu haqda Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi uy-joyi, kitob-daftarlari, kiyim-kechaklari suvda qolgan qishloq bolalaridan javob kutib qolamiz. Chunki bunday lahzalarda tashqaridan yordam kuchlari kelgunga qadar falokat joyining oʻzida tezkor choralarni koʻrish zarur boʻladi.
Har yili bahorda kunlar isiy boshlashi, yogʻingarchilik koʻpayishi natijasida ayrim togʻ yonbagʻridagi qishloqlarda sel kelishi kutiladi. Ana shunday hodisalardan biri bu yil Jizzax viloyatining Zomin qishlogʻida yuz berdi. Sigiri va buzoqchasini uyga haydab kelayotgan 9-10 yoshlar chamasidagi qizcha mollarini chetga olib chiqishga ulgurolmay suvda oqib ketgan. Shu voqea haqida eshitganimdan buyon meni bir savol qiynaydi. Qizcha suzishni bilarmidi?.. Avvalo, suv zarbidan har qanday katta odam ham oʻzini eplolmay qolishini hammamiz yaxshi bilamiz. Lekin shunday lahzalarda oʻzini yoʻqotib qoʻymay, chaqqqonlik bilan teparoq joyni moʻljallab qochish yoki suv toʻlqinlariga bardosh berib, jon saqlab qolishning ham uddasidan chiqqanlar haqida eshitganman.
Nega bu fojealar haqida gapiryapmiz? Sababi, yurtimizda koronavirus tufayli ancha paytdan beri davom etayotgan karantinli kunlarga siz oʻquvchilarning yozgi taʼtilingiz ham ulanib ketdi. Yozning jazirama kunlarida doʻstlaringiz, aka-ukalaringiz bilan turli suv havzalariga borib, mazza qilib choʻmilgingiz keladi. Ayrimlaringiz daryo va soy boʻylarida yashaysiz. Hali juda kichikligingizdan bolalarga ergashib borib, daryo qirgʻogʻida oyoqyalang chopqillab katta boʻlgansiz. Albatta, borib choʻmilasiz, suvga kalla tashlaysiz. Daryoning u qirgʻogʻidan bu tomoniga suzib oʻtasiz. Lekin shaharlik bolalar-chi? Ular suzishni oʻrganish uchun maxsus suv havzalariga qatnaydilar. Suzish boʻyicha sport murabbiylaridan saboq oladilar. Afsuski, shahar sharoitida hamma bolalar ham uyidan ancha uzoq boʻlgan suzish sportiga qatnasha olmaydilar. Natijada ular suzishni oʻrganmay katta boʻladilar.
Yuqorida bejizga Sardoba va Zomindagi suv bilan bogʻliq fojealarni eslamadik. Bu voqealar inson uchun suzishni bilish qanchalik ahamiyatli ekanligini koʻrsatib turibdi. Suzishning sport turi bilan 5-6 yoshdan boshlab shugʻullanish mumkin. Suzish odamni chiniqtiradi, jasur, irodali boʻlish kabi xislatlarni mustahkamlaydi, sogʻlom va tetik qiladi. Faqat choʻmilish uchun tanlagan suv havzangiz eng avvalo, xavfsiz va toza boʻlsin. Katta oqar suvlar bolalar uchun hamisha xatarli boʻlgan.
Suzishni bilmaydigan bolalar, albatta suzishni oʻrganing, deymiz. Chunki sportning bu turi sizni katta hayotdagi favqulodda hodisalarga ham tayyorlaydi.