Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Millat manfaatini oʻylagan zotlar, sizni unutmaydi aslo avlodlar

Abdurahmon, Mahmudjon bobosi yodlashga bergan Muhammad Yusufning “Ulugʻimsan, vatanim”, Abdulla Oripovning “Oʻzbekiston – Vatanim manim”, Erkin Vohidovning “Oʻzbegim” sheʼrlarini, Firdavs esa Boburning ruboiylarini uydagilarga chiroyli, bexato qilib yodlab berishdi.

– Barakalla, – dedi togʻasi xursand boʻlib, – sheʼrni yaxshi koʻrganingiz, taʼtilda ham kitob oʻqiyotganingiz uchun sizga mukofot bor.

– Qanday mukofot? – baravariga soʻrashdi bolalar.

– Ertaga kechki payt sizlarni Alisher Navoiy nomidagi Milliy bogʻga olib boramiz.

– Milliy bogʻga bultur bobom olib borganlar-ku, – dedi Mahmudjon shosha-pisha.

– Bolam, bu gal Milliy bogʻdagi Adiblar xiyoboniga boramiz. Xiyobon maʼrifatparvar shoirlarimizning haykallari bilan boyitilibdi, – jilmaydi Ravshan bobo. Keyin shirali ovozda sheʼr oʻqidilar:

Qolmay shaharda toqatim,

Qishloq chiqardim odatim,

Xohi yayov boʻlsin otim,

Goh sayr ham darkor ekan...

 

– Bu shoir Muqimiyning “Sayohatnoma” degan sheʼri, – Muqimiy Qoʻqon shahrida oʻtiraverib zerikkan (u hech qayerga sayohatlarga bormagani uchun oʻziga Muqimiy – muqim bir joyda qoluvchi deb taxallus qoʻygan ekan), – biyron-biyron gapirdi Abdurahmon, – Muqumiyning Furqat degan shoir doʻsti ham boʻlgan.

– Barakalla, bilganlaringni bogʻda davom ettirasan. Bilasizlarmi, biz uchun qadrli boʻlgan ijodkor bobolarimizning haykallarini qoʻyishdan maqsad – ularning maʼnaviyatimizga, adabiyotimizga qoʻshgan ulkan hissalari bilan yosh avlodni tanishtirish, ular ruhini shod etish. Agar biz haykallarni borib tomosha qilsag-u, ular shaxsini oʻrganmasak shoir, maʼrifatparvar bobolarimiz oldidagi vorislik burchimizni bajara olmagan boʻlamiz. Shunday ekan, Adiblar xiyobonida koʻzdan har bir haykal haqida bilganlaringizni gapirib berasiz, bilmaganlaringizni men aytib beraman, – dedi Ravshan bobo.

...Rustam aka ishdan bolalarga ham, dadasiga ham tibbiy niqob olib qaytdi. Hammalari niqoblarni taqib, oʻzlarini koronavirusdan himoya qilgan holda Muqimiy bobodek shahardan qishloqqa emas, aksincha qishloqdan shaharga yoʻl olishdi... Ravshan bobo oʻz qoʻli bilan yetishtirgan gullardan nabiralariga anvoyi guldastalar yasab berdi.

Zilol koʻl boʻylab adabiyotga sayohatni boshlashdi. Ziyoratni albatta, qaytadan qad rostlagan buyuk mutafakkir, barcha shoirlarimizning ustozi hazrat Alisher Navoiy poyiga gul qoʻyishdan boshlashdi. “Adabiyotni tushunish Navoiyni tushunishdan, adabiyotni tanish Navoiyni tanishdan boshlanadi”, – dedi Ravshan bobo Navoiy haqida bolalarga qiziq bir rivoyatni soʻzlab bergach. Keyin bobo nabiralarini Zahiriddin Muhammad Bobur haykali yoniga olib bordi. Mahmudjon Bobur haqida, uning vatanga boʻlgan sogʻinchi haqida gapirdi. Ular Muqimiy haykali yoniga borganda Ravshan bobo negadir yigʻlab yubordi.

– Bolajonlarim, men sizlarga hanuzgacha hech kimga aytmagan bir sirni aytaman. Mana shu tabiat haqida goʻzal sheʼrlar yozgan, adolatsiz, ochkoʻz boylar haqida hajviy sheʼrlar yozishdan choʻchimagan Muqimiy buvingizning katta bobosi boʻladi. Buvingiz bekorga sheʼrlar, hikoyalar yozmaydi-da, qonida bor. Mana endi Firdavs ham bobokaloniga munosib voris boʻlyapti. Tuppa-tuzuk sheʼrlar yozyapti. Ha aytmoqchi, mana bu qiyofasida chuqur tafakkur bilan birga qalb goʻzalligi aks etgan siymo maʼrifatparvar shoir Zokirjon Furqat haykali. Afsus u oʻsha davr zulmi tufayli yot elga – Qashqarga ketishga majbur boʻlgan. Shoir XX asr boshidayoq yoshlarga qarata “Kerak har ilmdin boʻlmoq xabardor, onikim har biri oʻz vaqtida darkor”, deb murojaat qilgan. Shunday ekan, bugun ilm olish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan davrda albatta, yaxshi oʻqishingiz, komil inson, alloma bobolarga munosib voris boʻlishingiz ham farz, ham qarz.

Shundan soʻng Ravshan bobo qoraqalpoq xalqining ulugʻ shoiri Berdaq haykali poyida turib shoir hayoti, ijodi bilan qisqacha tanishtirdi. Keyin ular atrofga hayolchan boqib turgan alloma Behbudiy yoniga borishdi. Bu yerda maʼnaviyat saboqlarini oʻtayotgan talaba aka-opalaridan Behbudiyning yoshlarning ilm olishi uchun koʻrsatgan jonbozliklari, oʻzbek dramaturgiyasi asoschisi ekanligi haqida bilib olishdi. Mahmudjon Behbudiy bobo bilan yonma-yon turgan ijodkorni darhol tanidi.

– Bobojon bu kishi “Turkiy Guliston yoxud axloq” asari muallifi Abdulla Avloniy boʻladilar, – dedi koʻzlari chaqnab. Firdavs haykal bagʻridagi yozuvni oʻqigach, akasining topagʻonligidan xursand boʻlib ketdi.

– Ha barakalla boʻtam, Prezidentimiz oʻz nutqida, bu haykallarni tiriltirish kerak, deganlarida xuddi shu narsani nazarda tutganlar. Yaʼni oʻzbekistonlik har bir fuqaro, har bir yosh haykallarda aks etgan bu siymolar shaxsi, ularning faoliyatini yaxshi bilishi, ular mehnatini qadrlashi kerak. Hali uyga borgach, bugun bizga haykal boʻlib qarab turgan bobolarimizning oʻzbek maʼrifati, adabiyoti, taʼlim tizimi rivojiga qoʻshgan hissalari haqida sizlar bilan batafsil gaplashamiz, – dedi Ravshan bobo pedagoglarga xos talabchan ohangda. – Demak taʼtilimiz juda maroqli, maʼrifatli oʻtadi...

Bolalar shu kuni Adiblar xiyobonidan munosib oʻrin olgan xalqimizning suyukli shoir yozuvchilari, oʻzbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy, millat fidoyisi, goʻzal sheʼrlar muallifi Choʻlpon, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovlar bilan ham gʻoyibona suhbatlashishdi.

Ular xiyobonda sayr qilisharkan oʻzlarini xuddi shoirlarning ajib mushoirasini tinglagandek his qilishdi. Chunki adabiyot muallimi boʻlgan bobolari ularga har bir haykal egasining ijodidan bir namuna oʻqib berardi-da.

– Bolalarim, oʻzbek xalqining Milliy bogʻida bunyod boʻlgan Adiblar xiyoboni – adabiyot xiyoboni hukumatimizning, Prezidentimizning adabiyotga, ijodkorlarga boʻlgan cheksiz hurmati ramzi. Hazrat Navoiy “El netib topgay menikim, men oʻzimni topmasam” degan hikmatlarining roʻyobidir. Chunki oʻzini tanigan, oʻzligini anglagan xalqning adabiyoti ham millatning ravnaqiga xizmat qiladi. Bu haykallar sizlar uchun ulkan ibrat. Sizning kimligingizni, kimlarning avlodi ekanligingizni anglatadi, ularga munosib boʻlishga undaydi. Adabiyotni, badiiy asarlarni sevib oʻqishga chorlaydi, – dedi Ravshan bobo faxr bilan. Bolalar Milliy bogʻda – Adiblar hiyobonida adabiyotimizda chaqmoqdek chaqnab, oʻtli iz qoldirgan olovqalb shoir Usmon Nosirning:

 

...Bargdek uzilib ketsam,

Unutmas meni bogʻim.

Ishimni hurmat qilur,

Gullardan haykal qurur.

Ming yillardan keyin ham,

Unutmas meni bogʻim...

 

degan sheʼrida yashiringan haqiqat roʻyobini koʻrgandek boʻlishdi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.