Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oq ranglarga oshnoligim

Aslida bugungi sahifamiz mehmoni Dilshod Rajabni sizga tanishtirib oʻtirishga hojat yoʻq. Chunki boshlangʻich sinf darsliklarining (matematikadan tashqari) deyarli hammasida shoirning shoʻx va ravon, yodlash juda oson, goʻzal sheʼrlari bor. Siz ularni mazza qilib oʻqiysiz, sharillatib yodlab ustozdan maqtov eshitasiz. “Besh” baho olib quvongansiz. Shoirning “Otamning bogʻi”, “Daryo koʻngil”, “Alifbo”, “Tanish tovushlar”, “Poyezdning bolasi”, “Oʻn oʻrtoq” kabi yigirmaga yaqin kitoblari javoningizdan joy olganiga ham ishonamiz.

Biroq Gulxanjonning isteʼdodli muxlisi, shofirkonlik oʻquvchi Rajabov Dilshod hurmat va mehringizni qozongan shoir, filologiya fanlari nomzodi, olim Dilshod Rajab boʻlib tanilguncha boshidan qanday voqealarni kechirgan. Uning bolaligi ham sizning bolaligingizga oʻxshaydimi? Ushbu sahifani oʻqigach savollaringizga javob topasiz.

 

“Gulxan bergan harorat”

...Qadim Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Denov qishlogʻida 1964-yilda tugʻilganman. Bolaligim ham asosan shu qishloqda kechdi. Koʻpincha yozgi taʼtillarda ona tomondan buvimning uylariga – Choʻpqoʻrgʻon qishlogʻiga borardim. Bu qishloq koʻchalarida ham bolaligimning eng yorqin, hayratli, hayajonli, zavqli damlari, izlari bor...

Har faslning oʻz xislati bor, degan purmaʼno gapni bolalik nuqtayi nazaridan olib qaralsa, darhaqiqat, har bir faslda oʻziga xos oʻyinlar, oʻzgacha zavq-shavq bor. Lekin menga bolalikdagi barcha fasllarda umumiy boʻlgan oqlik, oq rang koʻproq koʻrinadi: bahorning oppoq gullari, yozning oq tonglari, tiniq-zilol suvlari, kuzning oq mezonlari-yu, oppoq paxtazorlari, qishning oq qorlari-yu, qorbobo, qorqizlari... Shu uchun beixtiyor tilimga bir satr keldi: “Bolaligim poshsholigim, oq ranglarga oshnoligim!”

Bu oq rang ramziy maʼno kasb etib, bolalik begʻuborlik, poklik bilan bevosita bogʻliqligini ham anglatadi.

Qishlogʻimizda oʻrtacha bir ariq boʻlardi. Oʻsha paytlar u menga ka-t-ta, hatto biroz qoʻrqinchli boʻlib koʻrinardi. U uyimiz oldidan ham oqib oʻtardi. Qirgʻogʻida sershox daraxt-butalar oʻsib yotardi. Biz ariqdagi koʻprikdan oʻtib, qishloq yoʻliga chiqardik. Ariqning chap qirgʻogʻi boʻylab yoʻl oʻtgan, oʻng qirgʻogʻida baland oʻsgan daraxtlar, dalalar, uylar bor edi. Uyimiz etagidagi jiydazor paxta dalasiga ulanib ketardi. Nega bu manzaralarni chizyapman? Bolaligim shu ariqda choʻmilib, qishloq koʻchalarida chang-tuproqqa koʻmilib, keng dala maydonlarda quvalashib chopib, daraxtlarga tirmashib, mevalaridan totib zavq-surur tuygan.

Yuqorida aytganimdek, har bir faslning oʻz oʻyinlari, oʻz gashti boʻlardi. U paytlar qishloq bolalari birga-birga oʻynar, mol-qoʻy boqar, oʻt-maysa yular, paxta terar edi (hozirgiday telefon yo televizorga yolgʻiz “mixlanib” oʻtirmasdi). Chillak, futbol, xokkey, quvlashmachoq, bekinmachoq, toʻptosh... Eh-he, qancha oʻyinlar bor edi. Ariq va anhorlarda quloch otib suzishlar... Yozgi taʼtilda tumanimizdagi rohatijon oromgoh “Mingchinor”ga koʻp borganman. U yerdagi maroqli hordiq, turli musobaqa-yu oʻyinlar, tadbir va bellashuvlar ham endi bir olam xotira. Tuman maktablaridan kelgan tengdoshlar bilan tanishib, doʻstlashib, bolalik zavq-u gashtini birga surardik. Juda baxtiyor, quvonchlarga, hayratlarga limmo-lim kechardi har damimiz. Xotira – olamni serotash gulxanday hamisha yoritib turadigan bir holat, hech unutilmaydi. 6-sinfni bitirib, (13-14 yosh) oromgohda yurganimda “Gulxan” jurnali borgan. Unda mening ilk sheʼrim chiqqan ekan (1978-yil, 7-son). Oromgohda shov-shuv boʻlib ketgan. Ilgari “ha, havaskor-da, u-bu qoralab yursa kerak”, deb uncha eʼtibor qilmagan ustoz-tarbiyachilar ham qoyil qolib, hayratlangan, meni qutlab, alqagan edi. U paytlar respublika matbuotida chiqish, alpinistning eng yuqori choʻqqiga chiqishiday (hazil) gap edi, hammaning koʻzi sizda boʻlardi.

Kechasi bilan “Gulxan”ni quchoqlab yotdim, chin maʼnoda u qalbimga oʻt – harorat berdi. Oʻzimni boshqacha, yuksalganday sezar, atrofdagi bolalar ham havas va bir qadar hurmat bilan qaray boshlaganini yaqqol his etardim. Bu hol menga zoʻr qanot baxsh etgan. Oʻshanda ilhom, ijod bulogʻi joʻsha boshlab, endi ijodga jiddiy qarash va kirishish kerakligini anglaganday boʻldim. Oromgohda yana ikkita sheʼr yozdim. Bir bola repertuarida boshqa qoʻshiq yoʻqligidanmi, “Joʻjalarim” degan qoʻshiqni qaytargani qaytargan edi. Men oʻsha bolaga “atab” sheʼr yozdim:

 

Qoʻshiqchi

 

Qachon qoʻshiq ayt, deya

Qistasangiz Karimni,

Rubobin olib qoʻlga

Aytar “Joʻjalarim”ni.

Bir kuni hazillashib

Der unga doʻsti Sodiq:

“Axir u joʻjalaring

Boʻlmasmi sira tovuq?”

 

Bu sheʼr uchun oromgohda rosa olqish olganman. Keyin childirma chaladigan bola, menga ham sheʼr yoz deb, bezor qilavergach, “Childirma” degan sheʼr yozdim:

 

Qichqirib aytar gapi

Shu faqat: “baka-umbang”,

Shuni ham aytmas, uni

Tarsakilab turmasang.

 

Qarangki, oʻsha payt Gulxanjonning ragʻbati-yu, sababi bilan “yashin tezligida” ikkita sheʼr yozildi. Hammaga maʼqul boʻldi. Bular keyin “Gulxan”da va boshqa nashrlarda chiqdi, toʻplamlarimga ham kirdi. Shu oʻrinda ota-onalarga yosh avlod kamolotida gazeta-jurnalning ahamiyati kattaligini taʼkidlamoqchiman. Gazeta-jurnal bolangizni kitobxonlikka boshlovchi oltin soʻqmoq...

 

“Olatogʻ – lolatogʻ” boʻldi chin oʻrtoq

...Endi bolalar adibi sifatida bolaligimning “kitobxonlik” boʻlimi haqida ham biroz aytsam. Albatta, men ham boshqa bolalardek shoʻx, oʻyinqaroq edim. Lekin kitob oʻqishga ham qattiq qiziqqanman, berilib mutolaa qilganman. Bolaligimda juda koʻp ertaklar oʻqir edim. Ayniqsa, Kenja botir – sevimli qahramonim boʻlgan. Ertaklarda u akalaridan koʻra mard, botir va bagʻrikeng qiyofada koʻrinardi. Aka-ukalar qarshisida uchta yoʻl – borsa kelar, borsa xatar, borsa kelmas yoʻllari turganida Kenja botir qoʻrqmay, borsa kelmas yoʻlini tanlar va undan sogʻ-omon, gʻalaba bilan qaytib kelardi. Men oʻzimni xuddi u bilan birga, yonma-yon yurgandek his qilardim. Keyin oʻzbek bolalar adabiyoti vakillari N. Fozilov, X. Toʻxtaboyev, Q. Hikmat, P. Moʻminlarning, kattalar adabiyoti vakillarining bolalarga atalgan asarlarini ketma-ket oʻqishga tushdim. Oqiljon Husanovning “Togʻda oʻsgan bola” kitobidan juda qattiq taʼsirlanganman. Togʻ-darada qolib ketgan, jonivorlar bilan yashagan bolaning gʻalati hayoti, ahvoli juda hayajonga solgan. Atoqli bolalar shoiri, ustozim T. Adashboyevning “Olatogʻ – lolatogʻ” toʻplami mening bola qalbimni sheʼriyatga oshno qilgan. Qish kunlarida ustozning quyidagi toʻrtligini takrorlab, boʻgʻotdagi sumalaklarga termulib yurganman:

Boychechaklar nish urib,

To turguncha oʻrnidan.

Bahor qishni tarnovga

Osib qoʻydi burnidan.

Keyinchalik mana shunday badiiy yuksak, jozibali, obrazli sheʼrlar tahliliga qiziqib, “80-yillar oʻzbek bolalar sheʼriyatida poetik mahoratning ayrim masalalari” mavzuida nomzodlik ishini himoya qildim.

Men bolaligimda chet el adabiyotini kam oʻqiganimdan hanuzgacha afsuslanaman. Keyinchalik oʻqidim, biroq uni bolalikning hayratli koʻzlari bilan oʻqiganimda boshqacharoq taʼsirlangan boʻlarmidim... Shuning uchun bolalarga jahon adabiyoti durdonalarini oʻqishni tavsiya qilaman.

Bugungi bolalar adabiyoti meni uncha ham qoniqtirmaydi. Bolalar shoir-yozuvchilari bor. Lekin “yarq” etib koʻzga tashlanadigan, yaxshi maʼnoda “shov-shuv” boʻladigan asarlar yaratilmayapti-da. Bu oʻzi oson ish ham emas. Lekin bolalar kitobxonligi bilan bolalarga yaxshi asarlar kam yaratilayotganini bogʻlash toʻgʻri emas. Bular boshqa-boshqa masala. Koʻpincha bolalar kam oʻqiyotganiga sabab qilib, yaxshi asarlar kam yozilayotganini koʻrsatishadi. Aslida agar bola oʻqiyman, desa shu paytgacha yaratilgan oʻzbek va jahon bolalar adabiyotining sara namunalari toʻlib-toshib yotibdi. Shunday ekan, kitob oʻqimaslikka hech qanday bahona ham, asos ham yoʻq. Bolalar koʻp kitob oʻqishi kerak, mayli keyinchalik qaysi soha egasi boʻlmasin, ular avvalo, inson. Kitob esa Inson qalbini, didini tarbiyalaydi.

Hozir axborot asri. Uning yaxshi va yomon tomonlari bor. Bolalarni axborot bilan emas, maʼrifat bilan oziqlantirish, toʻyintirish kerak. Aks holda, ular aqlli, biroq qalbsiz, hissiz robotlarga aylanib qolishi mumkin. Texnika va texnologiyalar rivojlangan bu zamonda bolalar qalbini kitob va tabiatga oshnolikkina butun va omon saqlab qoladi. Ularning didi va his-tuygʻusini tarbiyalaydi. Zero, bu ishda adabiyoga, sanʼatga teng keladigan boshqa bir kuch yoʻq.

 

Muhabbat HAMIDOVA yozib oldi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.